BAXTSIZ HODISALARNING OLDINI OLISh – ASOSIY VAZIFAMIZ
Tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumi davomida gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarning is gazidan zaharlanish va boshqa noxush holatlarni oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi ijrosini taʼminlash uchun tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimida hududdagi mahallalarda va aholi turar joylarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlar, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarning is gazidan zaharlanishi va boshqa noxush holatlarning olini olish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻining profilaktika boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Mahmud Seydullayev boshchiligida tuman hududidagi korxona, tashkilot va aholi turar joylarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yongʻinlar, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarning is gazidan zaharlanishi va boshqa noxush holatlarning oldini olish uchun tegishli sohalar vakillaridan tuzilgan taʼmirlovchi-tiklovchi otryadlar tuzildi va 8 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida bugungi kunga qadar 14 marotaba reydlar oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan reydlar davomida 22 ta mahallalar hududidagi 1741 ta uylar, 42 ta koʻp qavatli uylardagi 602 ta xonadonlar tekshirilib, 89 ta dudboʻronlar nosozligi, 18 ta rezina shlanglar orqali gaz moslamalariga ulanish, 3 ta gaz soʻrgʻichlardan foydalanish va 4 marotaba isitish pech (qozon)larning nosozligi holatlari aniqlanib, bugungi kunga qadar 89 ta nosoz dudboʻronlar taʼmirlandi, barcha gaz moslamalarga ulangan nostandart rezina shlanglar va gaz soʻrgʻichlar dalolatnoma asosida tarmoqdan uzib qoʻyildi.
Aholi yashash uylari va koʻp qavatli uylarni tekshirish jarayonida 3482 nafar fuqarolar bilan yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, qoʻlbola gaz soʻrish moslamalari, nosoz gaz va elektr isitish jihozlaridan foydalanmaslik boʻyicha suhbat oʻtkazildi va qoʻshimcha yoʻriqnomalar tarqatildi.
Hozirgi kungacha tuman hududidagi 23 ta davlat tasarrufidagi obʼektlarda tekshiruvlar hamda 11 ta tadbirkorlik subʼektlarida yongʻin-profilaktika koʻrigi oʻtkazildi, tekshiruv va profilaktik tadbirlarda jami 13 ta yongʻinga qarshi kamchiliklar aniqlanib, barchasi bartaraf etildi.
Tekshiruvlar davomida yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzayotgan 2 nafar fuqarolar maʼmuriy javobgarlikka tortilib, yongʻin sodir boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlgan 11 ta elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanishi taʼqiqlandi.
Boyovul MFY hududida joylashgan koʻp qavatli uylarda nosoz boʻlgan moʻrikon talab darajasiga keltirildi hamda 5 ta xonadonning gaz joʻmraklari soz holga keltirildi.
Oʻtkazilgan tekshirishlar jarayonida aniqlangan kamchilik va nuqsonlar yuzasidan tuman hokimligiga 1 ta, prokuratura idoralariga 1 ta axborot xatlari, elektr va gaz idoralariga jami 1 ta hamda boshqa idoralarga 1 ta taqdimnomalar kiritildi. “Yomonlikning oldini ol, yaxshilik chiqsa, baxting”, deydi xalqimiz.
Ha, olib borayotgan keng koʻlamli profilaktik ishlardan koʻzlangan maqsad – baxtsiz hodisalarning oldini olish. Mamlakatimizning turli hududlarida sodir boʻlayotgan is gazidan zaharlanish, yongʻinlar oqibati barchaga saboq boʻlishi lozim.
H.MATYoQUBOV, tuman FVB boshligʻi, podpolkovnik.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶