“KITOBXONLIK FESTIVALI” ORQALI BILIM VA TAJRIBAM MUSTAHKAMLANDI
Kitob – aql chirogʻi, hikmatlar xazinasi, inson hayotining bezagi, betakror maʼnaviy boyligidir. Shu bois, har yilgi anʼanaga koʻra, joriy yilning noyabr oyida Oʻzbekiston boʻylab Kitobxonlik festivallari oʻtkazildi. Bu festivallar maktablararo, hududlararo yosh kitobxonlar bellashuvlari, bilimdonlik bahslari tarzida tashkillashtirilib, ishtirokchilar soni tobora oshib bormoqda.
Joriy yilning 27-noyabr sanasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga qarashli Respublika Bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan “Kitobxonlik festivali” ham yorqin taassurotlarga boy boʻldi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yosh tomoshabinlar teatrida boʻlib oʻtgan mazkur festival haqiqiy kitobsevarlar bayramiga aylanib ketdi. Betakror kuy-qoʻshiqlar, teatr aktyorlari tomonidan taniqli yozuvchi va shoirlar asarlari asosida tayyorlangan sahna koʻrinishlari Respublikamizning turli hududlaridan kelgan kitobxon yoshlarga olam-olam zavq bagʻishladi.
Festivalda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovlar gʻoliblari aniqlanib, taqdirlandi.
Gʻolib kitobxonlarni taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari Rustam Karimjonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bolalar kutubxonasi direktori Doniyor Oʻrolov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari Sharafatdin Tajimuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bolalar kutubxonasi direktori Zulfiya Seytniyazova, viloyatlar hamda shahar Bolalar kutubxonalari direktorlari ishtirok etdilar.
Festival davomida taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kontsert dasturi ham namoyish etildi. Sanʼatkorlar oʻzbek, qoraqalpoq shoirlari, shuningdek, Oʻzbekistonda yashab ijod etayotgan boshqa millatlar yozuvchi va shoirlari qalamiga mansub sheʼrlar asosidagi ashulalarni ijro etdilar.
Festival juda yorqin taassurotlarga boy boʻldi. Ushbu festivalda Amudaryo tumani XTBga qarashli maktab kutubxonalari vakili sifatida ishtirok etganimdan mamnunman. Men mazkur festival orqali kitobxonlik mavzusidagi tadbirlarni tashkil etish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik muhitini yaratish boʻyicha oʻz tajribalarimni mustahkamladim.
Tozaxon QDIRNIYaZOVA, 3-sonli maktab kutubxonachisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶