Grant loyihasi doirasida 52-sonli maktabda tadbir oʻtkazildi
Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Yoshlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” nomli loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
5-yanvar kuni Namuna mahallasidagi 52-sonli maktabda “Oilada farzand tarbiyasining ahamiyati, yoshlarni zararli illatlar va turli axloqsizliklardan himoya qilishda ota-onalar va mahallaning oʻrni” mavzusida davra suhbati tashkil qilish.
Davra suhbatida mahalla fuqarolar yigʻini faollari, mahalla imomlari, maktab oʻqituvchilari va yuqori sinf oʻquvchilari, ularning ota-onalari hamda maʼnaviyat targʻibotchilari ishtirok etishdi.
Aytish kerakki, ushbu loyihaning maqsadi taʼlim muassasalari, oila va mahalla institutlari bilan ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish orqali yoshlarni giyohvandlik, ahloqsizlik va boshqa zararli taʼsirlardan himoya qilish ishlariga hissa qoʻshish, taʼlim muassasalari, mahallalarda turli tadbirlar, tanlovlar oʻtkazish orqali yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilishga koʻmaklashish hamda ommaviy axborot vositalarida tanlovlar tashkil qilish, yosh ijodkorlarning chiqishlarini tashkil qilish orqali yoshlarni giyohvandlik, ahloqsizlik va boshqa zararli taʼsirlardan himoya qilish ishlariga hissa qoʻshishdan iborat.
Loyiha doirasida taʼlim muassasalarida turli tadbirlar, yoshlarning turli sohalar faollari bilan uchrashuvlarini tashkil qilish, yoshlar, taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida ijodiy maqolalar tanlovlarini oʻtkazish, ijodkor yoshlarning ijod namunalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish hamda loyiha doirasida tayyorlangan ijodiy ishlarni, iqtidorli yoshlarning ijod namunalarini oʻzida jamlagan toʻplam nashr qilish rejalashtirilgan.
Tashkilot tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi davra suhbatida oilada farzand tarbiyasida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan muhim jihatlar, yoshlarni zararli illatlar va turli axloqsizliklardan himoya qilishda taʼlim muassasasi, ota-onalar va mahallaning oʻrni haqida soʻz bordi.
Soʻzga chiqqanlar farzand – avvalo inson naslining davomchisi, davlat va jamiyatning tayanch ustuni, oilaning mustahkam zanjiri ekanini taʼkidladilar. Yaxshi, solih farzand – ota-onaning baxti, ikki dunyo saodatiga yetkazuvchi vorisdir. Ammo u odobli, yaxshi fazilatlar sohibi, itoatkor va qobil boʻlgandagina ota-onasiga rahmat va baxt-xursandchilik keltiradi. Buning aksi boʻlsa esa nafaqat ota-ona va oila, balki jamiyat ham yutqazadi. Shuning uchun farzand tarbiyasiga hamma birdek masʼul boʻlishi lozimligi alohida taʼkidlandi. Bu borada ota-onalar va taʼlim maskanlari, mahalla hamda jamiyatning oʻrni, vazifalari qanday boʻlishi kerakligi yana bir bora tilga olindi.
“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan loyiha doirasidagi tadbirlar taʼlim maskanlari va mahallalarda davom ettirilmoqda.
Oʻ.Reimov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶