BURChIGA SADOQATLI HARBIY XIZMATChI
Vatan bizga ajdodlarimizdan meros qolgan qutlugʻ maskan, aziz tuproq. Uni asramoq, har qarich yerini koʻzga toʻtiyo aylamoq shu yurt farzandiman, degan inson uchun muqaddas burch. Ayniqsa, yurt ravnaqi va farovonligi yoʻlida xizmat qilish har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir.
Vatan himoyachisi boʻlish esa yanada sharafli burchdir. Kindik qoni toʻkilgan Vatanni, mustaqil yurtni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylash inson uchun goʻyo oʻz oilasini, shaʼnini, or-nomusini, imon-eʼtiqodini himoya qilish kabidir. Hech shubhasiz, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari safida xizmat qilish, Vatan ostonasi daxlsizligini taʼminlash har bir yigit uchun ulkan orzu va maqsadga aylangan. Yurtimizda ana shunday burchiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, kasbini sharaflab kelayotgan harbiy xizmatchilar safi tobora ortmoqda.
Ayni paytda Amudaryo tumanidagi DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qismda xizmat qilib kelayotgan katta serjant Hamza Xoʻjaniyozovning sohadagi faoliyati 20-yildan oshib qoldi. Burchiga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan Hazma Xoʻjaniyozov el-yurtda tinchlik-xotirjamlik hukmron boʻlishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Hamza Xoʻjaniyozov Xorazm viloyatining Xonqa tumanida tugʻilib, voyaga yetdi. Yoshligidan harbiy sohaga qiziqishi kuchli boʻlgan bu yigit 2000-yilda oʻrta maktabni tamomlab, ezgu niyatlarini amalga oshirish maqsadida DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni oʻtadi. Muddati tugagach, harbiy qismda shartnoma asosida yana xizmat qila boshladi. U bu davr mobaynida namunali intizomi bilan barchaga oʻrnak boʻldi. Oʻquv mashgʻulotlari va jamoatchilik ishlarida faol qatnashish bilan birga Respublika miqyosida oʻtkazilgan harbiy musobaqalarda koʻplab sovrin va medallar sohibiga aylandi.
U bugungi kunda ham oʻzining bilim va koʻnikmalarini, ilgʻor tajribasini “Ustoz-shogird” anʼanalariga sodiq qolgan holda yosh harbiy xizmatchilarga oʻrgatmoqda. Shu bilan birga u chegara oldi hududlarda joylashgan umumtaʼlim maktablarida tadbirlar tashkil etib, faollik koʻrsatmoqda. Oʻquvchi-yoshlarga mamlakatimizda mudofaa qudratini yuksaltirish, harbiylarning xizmatni aʼlo darajada ado etishlari uchun yaratilgan shart-sharoit, koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik xususida keng maʼlumotlar berib, yoshlarning vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlamoqda, harbiylikka boʻlgan qiziqishlarini oshirmoqda.
Bugungidek tinch, xotirjam hayotimiz Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli tarzda himoya qilinmoqdaki, mana shunday masʼuliyatli burchini sidqidildan ado etayotgan, taraqqiyotimiz barqarorligiga kamarbasta boʻlayotgan barcha harbiylar eʼzozlashga, sharaflashga loyiqdir.
O.XUDOYBERGANOVA.
Suratda: tumandagi DXX chegara qoʻshinlariga
qarashli harbiy qism xizmatchisi H.Xoʻjaniyozov (chapda).

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶