ASKAR ONALARINI ShARAFLAShGA BAGʻIShLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda Vatanni sharaf bilan himoya qilayotgan harbiylarning, yigitlik burchini ado etayotgan mard va jasur askarlarning onalariga hurmat va ehtirom koʻrsatish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish anʼanaga aylandi. Har yili 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni oldidan shu munosabat bilan joylarda tadbir oʻtkazilib, askar onalari sharaflanadi. Zero, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlayotgan Vatanimiz posbonlarining onalari har qancha eʼzozlashga, sharaflashga loyiq.
Amudaryo tumanida ham Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 30 yilligi bayrami munosabati bilan “Askar onalarini sharaflaymiz” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi.
13-yanvar kuni 9-sonli Musiqa va sanʼat maktabida boʻlib oʻtgan ushbu tadbirda tuman hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muqaddas Beknazarova, tuman Mudofaa boʻlimi xodimi Roman Roʻzmetov, davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism xizmatchi va askarlari, fuqarolar yigʻinlari masʼullari hamda Vatan oldidagi burchini ado etish uchun Qurolli kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan askar onalari ishtirok etdilar.
Tadbirni tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muqaddas Beknazarova ochib berdi va yigʻilganlarni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etib, vatanparvar, mard oʻgʻlonlarni oʻstirayotgan ota-onalarni sharafladi. Shundan soʻng, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashevning bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.
Tadbirda bugungi kunda davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasida Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish, yurtimiz va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashga hissa qoʻshish har bir yigit uchun yuksak shon-sharaf ishiga aylanganini alohida taʼkidlandi. Shuningdek, ayni paytda yurtimizning turli hududlaridagi harbiy qismlarda burchiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan askarlarning onalari sharaflandi. Ushbu tadbirda ishtirok etayotgan boshqa masʼullar va askar onalari Manzura Qoʻchqarova, Nigora Saparovalar ham barchani Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 30 yillik bayrami bilan tabrikladi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, oʻtgan yillar davomida Vatan posbonlariga munosib shart-sharoit yaratib berish, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada harbiy xizmatning maqomi yuksalib, fuqarolarning mazkur jabhaga boʻlgan qiziqishi yanada oshdi. Farzandi muddatli harbiy xizmatni oʻtashi ota-ona uchun ham, yaqinlari uchun ham faxr va iftixorga aylandi.
Vatan himoyasidek sharafli yigitlik burchini bajarib kelayotgan mard oʻgʻlonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan aziz onalarga homiylarning esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng, tadbirga tumanimizda yigitlik burchini aʼlo darajada oʻtayotgan askar yigitlarimizning kirib kelishi onajonlarga kutilmagan sovgʻa boʻldi. Eng hayajonli boʻlgan bu lahzalar onajonlarga juda katta quvonch baxsh etdi.
Tumandagi taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar ham taklif etilganlarga haqiqiy bayram kayfiyatlarini taqdim etdilar. Tadbir ishtirokchilari, askarlar va ularning onalari quvnoq raqslari bilan davraga yanada koʻtarinkilik, zavq-shavq kiritdilar.
Tadbir barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Gavhar ChIMBAYChIYeVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶