YuRIDIK XIZMAT KOʻRSATISh MARKAZLARINING ASOSIY VAZIFALARI NIMALARDAN IBORAT?
Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini oʻrta va quyi boʻgʻinda huquqiy jihatdan taʼminlash hamda ularga sifatli, professional yuridik xizmat koʻrsatishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Hammamizga maʼlumki, Prezidentimizning 2021-yil 29-iyun kungi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarori va ushbu Qarorga asosan “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari toʻgʻrisida” gi Nizom qabul qilingan. Ushbu Nizomda Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarining maqomi, asosiy vazifalari va funktsiyalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan.
Markazlar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Adliya vaziri, hududiy adliya organlari rahbarlarining buyruqlari, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining hujjatlariga, shuningdek, “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari toʻgʻrisida” gi Nizom asosida amalga oshiradi.
Bugungi kunda Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali Markazlarga buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlarning loyihalari elektron tarzda yuborilmoqda. Markazga kelib tushgan hujjat rahbar tomonidan masʼul xodimga biriktiriladi va xodim 3 kunlik muddat ichida huquqiy ekspertizadan oʻtkazish yoki kelishish uchun taqdim etilgan idoraviy va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini mustaqil yoki yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlarning tegishli tuzilmalari bilan birgalikda huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi. Huquqiy ekspertizadan oʻtkazish natijasiga koʻra eʼtirozi boʻlsa, ularning qonunchilikka, qonunchilik texnikasi qoidalariga, havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi, shuningdek ularda korruptsiyaga sabab boʻladigan omillarning mavjudligi yoki mavjud emasligi yuzasidan yuridik xulosalar tayyorlaydi.Yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan hamkorlikda yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini yetkazish, yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
Markaz xodimlari shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-daʼvo ishlarini yuritish, sud protsesslarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakil sifatida ishtirok etadi, tashkilotning mulkiy va boshqa manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlaydi. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, fuqarolar bilan nizolar vujudga kelganda, mustaqil yoki yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlarning masʼul xodimlari bilan birgalikda ularni sudgacha hal etish choralarini koʻradi.
Markazlar qonunchilik hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻiga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshiradi. Markazlarga “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari toʻgʻrisida” gi Nizom yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan funktsiyalar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
S.Sultonov, tuman Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶