Birgalikda baxtli besh millat
Amudaryo tumanining qaysi qishlogʻi va mahallasida boʻlmang, oʻzaro ahil-inoq totuv yashayotgan insonlarni koʻrib, koʻzingiz quvonadi. Birining quvonchini biri xush koʻrib, shodligiga sherik boʻlib turishlari, toʻy-marosimlarida bir uyni alohida yasatib, qoʻnoq kutib-siylaydigan oʻzbek bilan qozoq, qoraqalpoq va turkman oshna-ogʻaynilarning mehr-muhabbati dunyolarga tatigulik! Shuning uchun Amu elining toʻy dasturxonlaridan nainki oʻzbekning palov va norini, balki qozoqning tuvrama (toʻgʻrama)si-yu besbarmagʻi (beshbarmoq), turkmanning chalpagi bilan qoraqalpoqning kurka goʻshtli jugari (joʻxori) kurtugi, qayish kurtugi joy oladi. Bu taomlarning pazandalari ham Amu elining mehr-oqibatli, doʻst-dugona kelinposhshalari!
Yangi yil Amudaryoda ajib orzular bilan boshlandi. Ijodiy guruhimiz bilan Kuyuk koʻpir qishlogʻida boʻlganimizda zaminimizda boshlanayotgan yilning fayz-u tarovati har bir xonadonga goʻzallik baxsh etganiga guvoh boʻldik. Oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq, turkman, rus va boshqa millatlar oilalari oʻzaro ahil-inoq yashayotgan qishloqda Jiyanboy ota Toʻramurodov va Bozorgul enadan ajib nurli izlar qolayotganiga guvoh boʻldik.
Qoraqalpoq millatiga mansub Jiyanboy ota Toʻramuratov va Bozorgul ena tarbiyasini olgan yetti nafar oʻgʻil-qizlar bugun yetti joyda bogʻday unib-oʻsib, ildiz otishgan. Umr boʻyi qishloqdagi 21-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqituvchilik qilib kelayotgan Jiyanboy otaning barcha farzandlari oʻqimishli, ilm-u hunarli boʻlishgan. Ota-onalari duosini olib, izlarini bosgan toʻrt oʻgʻilning biri IIB xodimi, uch nafari oʻqituvchi, ikki qizining biri qardosh Qozogʻiston Respublikasida oilasi bilan tinch-totuv yashasa, oilaning kenjasi Albina ham ota kasbini tanlagan, oʻqituvchi.
Kuyuk koʻpir qishlogʻi ahlining deyarli yarmiga ustozlik qilgan Jiyanboy otaning katta oʻgʻli Inayat Toʻramuratov ota kasbini oʻziga sharaf deb bilganida hali maktab oʻquvchisi edi. Aniq fanlarga qiziquvchi Inayat umumtaʼlim maktabini aʼlo baholarga tugatib, Qoraqalpoq Davlat Universitetining matematika fakultetida tahsil oldi. Universitetni tugatib, 1996-yilda ilk mehnat faoliyatini 14-sonli umumtaʼlim maktabida matematika fani oʻqituvchisi boʻlib ishlashdan boshlagan Inayat qisqa fursat ichida oʻzining tashabbuskorligi, tashkilotchilik qobiliyati bilan maktab pedagogika jamoasining hurmat va eʼtiborini qozondi. 2007-2011-yillarda maktab direktorining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari sifatida yosh avlodni milliy-maʼnaviy qadriyatlar, istiqlol hamda millatlararo totuvlik gʻoyalari asosida tarbiyalash borasida samarali ish olib bordi. Ayniqsa, uning hududdagi turli millat oilalarida voyaga yetgan oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashish, ular oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, totuvlik anʼanalarini mustahkamlash borasida amalga oshirgan ibratli ishlari oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq millatlariga mansub oʻquvchi-yoshlarning qalblarida “Barchamiz uchun Oʻzbekiston – yagona oila!” tuygʻusini yanada mustahkamladi.
Inayat Toʻramuratov taʼlim-tarbiya sohasidagi oʻziga xos ish uslubi, tashkilotchiligi tufayli 2011-yilda 14-sonli maktab direktori vazifasiga tayinlandi. Mana 11-yildirki, bu masʼuliyatli vazifani sidqidildan ado etib kelmoqda. Inayat oʻzi rahbarlik qilayotgan pedagogika jamoasida oʻzaro mehr oqibat, hurmat va ehtirom muhitini yaratgan va ana shu muhit tufayli maktab pedagogika jamoasi bir ezgu maqsad – taʼlim-tarbiya sohasini zamon bilan hamnafas rivojlantirish yoʻlida hamisha yakdil!
Inayat Toʻramuratovning oilasi esa tom maʼnoda baynalmilal oilalardan biri. Ota-onasi qoraqalpoq millatiga mansub boʻlgan bu katta xonadondan uchirma boʻlgan Inayat qoraqalpoq va uning umr yoʻldoshi Zulfiyaxon Izbasarovaning millati qozoq. Qozoq va qoraqalpoq millatlariga mansub mehr-muhabbatli oilada dunyoga kelgan Inayat bilan Zulfiyaxonning farzandlari ham ilmga intiluvchan, aqlli. Qizi Sarbinaz NDPI talabasi, oʻgʻli Berdaq 14-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi, Bayram bilan Shahnozaxonlar esa maktab oʻquvchilari.
“Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”ni Jiyanboy ota va Bozorgul enaning barcha farzandlari jam-ul jamlikda, katta xonadonda kutib oldilar.
– Ukalarim Ilyas, Murat va Tozaboy oʻzbek qizlariga uylanishdi, - deydi Inayat mamnuniyat bilan. – Singillarim ham oʻzlari yoqtirgan insonlar bilan turmush qurib, katta singlim Muhabbat qozoq, kichik singillarim esa taqdirlarini oʻzbek oilalari bilan bogʻlashdi.
Darvoqe, bu katta xonadondan ildiz otgan oilalar bir mevazor bogʻ kabi gurkirab, el-yurtga singib ketishgan. Oʻz hayotini qozoq millatiga mansub oila farzandi bilan bogʻlagan singlisi Muhabbatning turmush tarzidan ota-onasi va ogʻasi Inayatning koʻngli toʻq. Ayni paytda Muhabbat oʻz oilasi bilan Qogʻogʻiston Respublikasining Jambul viloyati, Sariagʻash shahrida istiqomat qiladi. Larisa bilan Albina esa Inayat bilan bir qishloqda yashab, bir jamoada mehnat qilishadi.
Jiyanboy ota bilan Bozorgul ena tartib bergan katta xonadonning tutumlariga sodiq farzandlarning barchasi “katta otning ortidan chopib” kam boʻlishmadi. Bugun Inayatning ukalari Ilyas, Tozaboy va Murat ham, oʻzbek va qozoq millatiga mansub kelinlar, biri qozoq, biri oʻzbek kuyovlarning har bir masalada kengashib, biri-biriga qayishib turishlaridan oilalarida fayz-baraka, oralarida tugʻishganlik mehr, oqibat va muhabbat bor.
Ota-onalarining izlarini obod gulzor, katta xonadonni bozor – mehr-oqibat va totuvlik taftidan mevazor bogʻ-u chamanga aylantirib, Amu eliga, Kuyuk koʻpir qishlogʻiga el boʻlib yashayotgan katta xonadonning katta sohibi Jiyanboy ota va katta oʻgʻil Inayat va uning tugʻishganlari oilasi hamisha yaxshilar bilan gavjum. Aka-ukalarning qoʻni-qoʻshnilari, tugʻishganlari bilan oʻzaro ahil-inoqligi, totuvligini, koʻrib beixtiyor Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadisni esladik. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisiga yaxshilik qilsin”, - deyiladi. Vaholanki, umrini el-yurt farzandlari taʼlim-tarbiyasi ishiga bagʻishlab kelayotgan qoraqalpoq farzandlari, Jiyanboy ota va Bozorgul enaning izlarini bosib, bugun ahli Kuyuk koʻpir qishlogʻida izzat-obroʻ, eʼtibor topib yashayotgan Inayat, Ilyas, Muhabbat, Larisa, Tozaboy, Murat, Albina hamda Inayatning umr yoʻldoshi qozoq qizi Zulfiya, bu katta xonadonning kenja vakillari - oʻnlab nevara-yu chevaralarning qalblari ana shu yaxshilik nuridan hamisha obod. Koʻngillari-koʻngillarga tutash mahalladoshlar qadamidan bu xonadon hamisha fayzli, charogʻon. Zero, Amu eliga xos boʻlgan oʻzaro ahillik-totuvlik tafti har bitta xonadonga, har bitta oilaga ana shunday fayz, goʻzallik baxsh etgan va bu goʻzallik yagona oila – Oʻzbekistonning betakror ziynatidir.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶