14.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
14.08.2026, 12:29
Jamiyat 👁 3,198

Totuvlikning ulugʻ hikmatlari

Totuvlikning ulugʻ hikmatlari

(Publitsistika)

Millatlararo totuvlik

Totuvlik – buyuk maʼnaviy qadriyat. Totuvlik – tinch va osoyishta hayotning oʻzagi. Tinchlikdek oliy neʼmatga erishmoq uchun eng avvalo oilada oʻzaro totuv va ahil hayot muhitini qaror toptirmoq kerak. Buning uchun oila boshligʻi intizomli, oʻta qatʼiyatli, qattiqqoʻl va adolatli boʻlmogʻi joiz. Ana shunda bu oila gullab-yashnaydi, uning ostonasidan boshlangan oʻziga xos intizomga asoslangan oilaning goʻzal muhitidan atrofdagilar bahra oladi, havas nazarlari ila boqadi.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib davlatlar darajasida ahil, totuv, yagona oila maqomiga erishmoq nihoyatda qiyin, mashaqqatli. Albatta, bunda davlat rahbari oʻta sinchkov va qatʼiyatli boʻlish bilan birga mamlakatda milliy siyosat yuritishda bagʻrikeng, xolis va xalqparvar, oʻz feʼlida qatʼiyat hamda sabr-bardosh xislatlarini jam etgan siyosiy bilimdon boʻlmogʻi kerak. Shu bilan birga har qanday vaziyatga haqqoniylik va adolatparvarlik mezonlaridan turib yondashadigan shaxs boʻlishi talab etiladi. Chunki davlat rahbarining ozgina eʼtiborsizligi mamlakat fuqarolarining, jamiyatning barqarorligiga jiddiy putur yetkazadi. Agar dunyodagi siyosiy jarayonlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, shundoq mamlakatimiz chegaralari ostonasidan boshlanadigan xalqaro terrorizmning mudhish oqibatlari, turli  mafkuraviy xurujlar tufayli Osiyo va Afrika qitʼalari davlatlarida yuz berayotgan milliy-entik va diniy nizolar, bir millatning boshqa bir millat ustidan zoʻravonlik siyosatini yuritishga intilishi oqibatida har kuni, har soatda sodir boʻlayotgan bemavrid yoʻqotishlar, begunoh goʻdaklar, ayollar, yosh oʻsmirlar va keksalarning oʻlimi qalblarni larzaga keltiradi.

Shular haqida oʻylarkanman, muhtaram Prezidentimizning mustaqillikning ilk kunlaridanoq milliy siyosat yuritishdagi odilona va izchil  harakatlari xalqimizni eng qiyin sharoitlardan - farovonlikka, eng murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyatlardan – tinch, osoyishta, toʻq va obod hayotga olib chiqqanligi, mamlakatimizda tom maʼnoda millatlararo totuvlikni taʼminlash yoʻlida fidoyilik koʻrsata olgani va bu butun jahonda tan olingani koʻz olimda jonlanadi.

Agar eslaringizda boʻlsa, muhtaram Prezidentimiz 1991 yilning 31-avgustida Oliy Kengashning navbatdan tashqari sessiyasida milliy masalada, ayniqsa, koʻpmillatli Oʻzbekiston fuqarolariga qarata juda muhim va barchaning koʻnglidagi fikrni aytgan edilarki, bu qoʻshni va qardosh xalqlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, milliy nizolarning kelib chiqishining oldini olish maqsadlarini ifoda  etuvchi eng dolzarb fikr, eng ustuvor gʻoya edi. "Oʻzbekistonning Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston xalqlari bilan ming yillik mushtarak tarixi va madaniyati, qavm-qarindoshligi, umumiy orzu-umidlari bor. Ularni hech qanday kuch bir-biridan ajrata olmaydi”. Muhtaram Prezidentimiz mustaqillik eʼlon qilingan daqiqalardan boshlab milliy siyosat olib borishda aynan yuqoridagi fikrlaridan kelib chiqib, mamlakatimizda yashayotgan barcha millatlar manfaatlariga xizmat qiluvchi eng xalqparvar, adolatli milliy-siyosiy yoʻlni tanladi. Ana shu yoʻl Oʻzbekiston rahbarining va Oʻzbekiston davlatining jahon hamjamiyaitda juda katta obroʻ va eʼtibor qozonishida muhim omil boʻldi.

Oʻtgan asrning 80-yillari oxiri, 1990-yillarning boshida  sobiq ittifoq hududidagi respublikalarning barchasida milliy-etnik diniy kamsitishlar avjiga chiqqan bir vaziyatda Oʻzbekiston rahbari davlat mustaqilligini eʼlon qildi va  shu soniyalardan eʼtiboran millatlararo totuvlikni taʼminlash maqsadida "Baynalmilal milliy madaniyat markazi”ni tashkil etish va bu markazni ahil, inoq, hamjihat va totuvlikdan rang olgan  ajib guldasta tarzida shakllantirish tashabbusi bilan chiqdi. Va bu milliy rang-baranglik 23-yildirki Oʻzbekiston xalqini ulugʻvor maqsadlar – TINChLIK, ERK va OZODLIK hamda TOTUVLIK yoʻlida jipslashtirdi. Pirovardida bu jipslik mustaqil Oʻzbekistonimizni xalq ishongan, xalq suyanadigan yagona OILAga aylantirdiki, bugun bu OILA  zamini, ildizi baquvvat sermeva daraxtga aylandi. Bu – millatlararo totuvlik daraxti, oʻzaro ishonch, imon-eʼtiqodda sobitlik, bagʻrikenglik daraxti. Qozoq, qirgʻiz, turkman, qoraqalpoq, tojik, koreys... Bu roʻyxat uzun, juda uzun. Shu bilan birga har bir oʻzbekistonlik uchun qadrli. Shuning uchun qadrliki, bizning mamlakatda milliy kamsitilish yoʻq, etnik boʻlinish yoʻq. Barcha teng huquqli, bir-biriga doʻst, mehribon.  Shuning uchun Oʻzbekistonda barcha sohalarda taraqqiyot bor, har goʻshada oʻzgarish, yangilanish bor. Oilalardan boshlangan obodlik – mamlakatga ziynat baxsh etgan. Oʻtayotgan har lahzada osoyishtalik. Har bir kunda, koʻngilda xotirjamlik. Bu – turli millat bolalarini bagʻriga bosgan ona Yurt baxti, mustaqillik bergan oliy qadriyat – millatlararo TOTUVLIKning ulugʻ hikmati – shirin mevasi!

"Tinchlik uchun kurashmoq kerak!”

Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida shakllana boshlagach, Prezident Islom Karimov shaxsiga, davlat rahbari sifatida qanday siyosat yuritishiga butun jahon siyosatshunoslari qiziqishgani, uning har bir harakatiga, har bitta aytgan soʻziga sinchkovlik bilan eʼtibor qaratishgani koʻhna dunyomizning eng yangi tarixidan maʼlum. Yurtboshimiz oʻsha algʻov-dalgʻovli yillarda har bir nutqida  tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, mamlakatda yashayotgan oʻzga millatlarni tahqirlamaslikka alohida urgʻu berdi. Chunki 1991-2000-yillar oraligʻida sobiq ittifoq hududidagi milliy-etnik nizolar oʻzining dahshatli oqibatlari bilan odamlar yuragiga vahima solib qoʻygan, mamlakatimiz chegaralariga yaqin hududlarda fuqarolar urushi avjiga chiqqandi. Qirgʻizistonning Oʻsh va Oʻzgan voqealari, Tojikistondagi, Togʻli Qorabogʻ hamda Shimoliy Kavkazdagi qonli xurujlar, bu ham yetmaganday, ommaviy axborot vositalari orqali tinimsiz vaysayotgan millatchi shovinistlar, diniy-aqidaparastlarning ochiq-oydin yogʻdirayotgan tuhmat-u boʻxtonlari milliy masalada davlat rahbarlarining har bir qarorni oʻylab qabul qilishini taqozo etardi. Oʻzbekiston rahbari aynan shu masalada eng toʻgʻri yoʻlni tanladi: mamlakatda millatlararo totuvlikni taʼminlash – tinchlik va osoyishtalikning, barqaror rivojlanishning eng toʻgʻri va istiqbolli yoʻli ekanligini amalda isbotlay oldi. Buni jahon hamjamiyati tan oldi! Oʻzbekiston tanlagan siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy rivojlanish yoʻli – siyosat maydonidagi eng toʻgʻri yoʻl ekanligi eʼtirof etildi. Bu borada men bir tarixiy dalilga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. "Xalq soʻzi” gazetasining 1995-yilgi taxlamlarini varaqlarkanman, milliy masalada jahonga mashhur olim bilan "Vek” gazetasi muxbiri Andrey Mixaylovning Kizlyar shahrida boʻlib oʻtgan muloqotiga koʻzim tushdi. Yuqoridagi fikrimning isboti uchun "Xalq soʻzi” gazetasida toʻliq koʻchirib bosilgan (1995-yil 2-avgust soni) suhbatdan quyidagi satrlarni keltirmoqchiman. Yaʼni, muxbir bilan olim oʻrtasidagi suhbat asnosi sobiq ittifoq hududida yuz berayotgan milliy-etnik nizolar, fuqarolar urushi xususida borar ekan, Andrey Mixaylov olimga shunday savol beradi:

- "Hozirgi paytda haqiqiy davlat rahbari toʻgʻrisidagi tasavvuringizga toʻgʻri keladigan odam bormi?”.

"- Bor! U – Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov. Chunki SSSR parchalanib ketganidan soʻng eng dahshatli voqea Oʻzbekistonda sodir boʻlishi kerak edi. Lekin bunday boʻlmadi. Islom Karimov bironta ham xatoga yoʻl qoʻymadi. Istiqbolli, tinchlikni koʻzlab qilinayotgan ishlar XXI asr Oʻzbekiston gullab-yashnaydigan asr boʻladi, deyishga toʻla huquq beradi!” Buni ahli jahon eʼtirof etdi va tan oldi, azizlar. Va buni men toʻqib chiqarayotganim yoʻq. Chunki Oʻzbekiston oʻtkazayotgan tinchlikparvarlik siyosati Prezidentimizning har bir nutqida, xalqaro anjumanlar minbarlaridan yangrayotgan yuzlab maʼruzalarida, qardosh Respublikalar bilan olib borayotgan doʻstona, yaxshi qoʻshnichilik, hamkorlik siyosatida oʻz aksini topmoqda. Oʻtgan qisqa davr - 23-yil davomida tinchlik va totuvlikni, mamlakatda osoyishtalik va barqaror rivojlanishni, milliy xavfsizlikni hamda doʻstona hamkorlikni  taʼminlab, oʻz xalqining obod va farovon, erkin hayot kechirishi uchun jon kuydirib, Oʻzbekistonni yagona va ahil OILA darajasiga yetkaza olgan Yurtboshimiz bugungi davr siyosat maydonida Markaziy Osiyo mintaqasida ana shunday barqaror muhitni yaratish maqsadida fidoyilik koʻrsatmoqda. Shaxsiy siyosiy tajriba, taklif va tashabbuslarini oʻrtaga tashlamoqda. BMT va uning Bosh Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Islom Konferentsiyasi Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, NATO/SEAPning Buxarest Kengashi, YuNESKO, Jahon Sogʻlikni saqlash Tashkiloti va  juda koʻplab nufuzli xalqaro minbarlardan Oʻzbekiston nomidan bildirilgan taklif va tashabbuslari dunyo mamlakatlari eʼtiborini qozonayotganining yagona sababi ham Yurtboshimizning tinchlikparvarlik siyosatidir.

- Bizga tinchlik va omonlik kerak! Bu – Yurtboshimizning har bir maʼruzasida ilgari suradigan eng ustuvor gʻoyasi, yurt rahnomasining eng ulugʻ istagi, eng oliy matlabi, eng ezgu shiori!

- Tinchlik uchun kurashmoq kerak! – Biz yurtimizda tinchlik-osoyishtalik boʻlsin, osmonimiz musaffo boʻlsin, degan gaplarni duoi fotiha kabi takrorlaymiz! Bu - Yurtboshimizning qoʻshni davlat – Afgʻoniston hududidagi xalqaro terrorizmni  yoʻq qilish maqsadida 2001-yilda boshlangan amaliy harakatlarga qarata bildirgan keskin javobi!

Mehr-oqibatning teran ildizlari

Tinchlik uchun kurashmoq – bugun oʻzbek xalqining hayot shioriga aylangan. Ana shu shior mamlakatimizdagi har bir fuqaro koʻnglida uygʻongan oʻzaro mehr-oqibat  tuygʻulariga hamohang. Shu bois, yurtimizda tonglar oppoq, tinch, osuda. Osuda, obod xonadonlarimizning mehmonlari koʻp, mezbonlarining bagʻri keng. Ana shular xayolim koʻzgusini yoritgan lahzalarda  ajib bir xotiralar jonlanadi shuurimda.

... Otamning doʻstlari juda koʻp boʻlardi. Uyimizga nufuzli, taniqli mehmonlar tashrif buyurishsa, qishlogʻimizdagi eng soʻzamol, juda ham samimiy va dilkash inson - qozoq millatiga mansub Nazarimbat ogʻa Almuratov hozir-u nozir boʻlardi. U kishining yonlarida Jonuzoq ota Jagʻalov, Turkpenboy ogʻa Oʻrozboyev, Boltoq shoir Yoʻldoshev, Qoraboy ogʻa Xonov, Jaylixon ogʻa, Ahmad xoʻja ota Ortiqov, Ortiq ota Oʻrozaliyev..., yana qancha tumanimizning nomdor insonlari ham kelishardi. Ularning biri turkman, biri qozoq, yana birlari oʻzbek va qoraqalpoq edilar. Bu insonlarni birlashtirib turgan tuygʻu – ulugʻ edi. Doʻstlik, oʻzaro mehr-oqibat edi bu!

Bolalik shuurimda saqlanib qolgan bir xotira – hamon eslasam, koʻnglimni yashnatib yuboradi. Esimda: Nukusdan atoqli sanʼatkorlar paxtakorlarga kontsert qoʻygani kelishdi. Otamning quvonchi ichiga sigʻmaydi:

- Joʻralarim kelishadi, - deb bitta qoʻy topib kelib, boʻgʻizladi-tashladi. Safarboy turkman degan oshpaz joʻrasi biri-biridan totli taomlar pishirdi. Sanʼatkorlar tonggacha kuy-qoʻshiq, intermediyalar ijro etishdi tongda oʻrinlaridan qoʻzgʻalishgan paytda Nazarimbat ota Almuratovga quloqlari katta-katta, bir gapirib, oʻn kuladigan artistlardan biri Shomurod ogʻa:

- Voy-boʻy, qaragʻim, sen oʻzing teleminiatyuralar teatrinda isleseng bolar yeken-gʻoʻy! – deganda Nazarimbat ogʻaning:

Aynanayin, men nagʻz qazaq,

Oʻzingsen bir qaraqalpaq.

Qayda boʻlsaq tamir bir-gʻoʻy,

Qalib ketme sira uzaq.

 

Sagʻinaman, - deb, - koʻrmesem,

Qoʻsiq jazar shayir Baltaq.

Xafa boʻlar tez kelmeseng,

Amet xoʻja ham Jonuzoq.

- Shake, joʻra, mehr boʻlsin, oqibat boʻlsin, oʻrtadagi shul koʻprik omon boʻlsin! – deganlari, tugʻishganlardan ziyoda xayrlashlanlarini eslasam, xalqimiz bir-biriga mehr-oqibatni qaydan oldi ekan-a, deyman. Va yuragim tubidan bir sado keladi:

- Millatlararo totuvlik chashmalaridan! Koʻngillardan koʻngillarga oqib kirguvchi insoniylikning ulugʻ mezonlari – DOʻSTLIK, AHILLIK, TOTUVLIKning teran ildizlaridan!

- Tinchlik uchun kurashmoq kerak! Bu – Yurtboshimizning har bir inson qalbiga baxsh etib kelayotgan daʼvatkor ruhi! Va har bir inson yuragini junbushga keltira olgan oliy matlabi! Zero, tinchlik bor joyda mehr bor, oqibat bor, bir-birovga izzat-ikrom, eʼtibor bor.

Nazarimbat ogʻa Almuratov qozoq edilar. "Choykoʻl” ovulida yashab, oʻzbek, qozoq, turkman, qoraqalpoq, boshqird, ukrain, tatar millatlariga mansub oilalar bilan ogʻa-ini, ota-boladay qadrdon boʻlib ketgan, shu ovul xalqining yaxshi-yomon kunlarida tikka turib xizmat qilgan inson edilar.

Ovulimning u chetida turkmanim,

Bu chetida boshqird, qozoq, tatarim.

Qoʻylar soʻyar oyogʻimning ostiga,

Oʻzbek, qoraqalpoq - bari qoʻstorim.

 

Safarboy, Ametxoʻja asl oʻzbegim,

Mehrini toʻshaydi kelar yoʻlimga.

Doʻstlarim bor boʻlsin, mening tilagim:

Qoʻllari tegib tursin mening qoʻlimga!

Bu – Nazarimbat shoir Almuratovdan biz avlodlarga qolgan maʼnaviy merosdan bir qatra, xolos. Bu inson oʻz oilasi, ovuli, el-u yurti ichra tartib bergan mehr-oqibat rishtalari hamon mustahkam! Va hamonki, choykoʻlliklar baynalmilal oila farzandlariday ahil, inoq! Oʻzbekning toʻyiga ataylab chalpak pishirib kelgan turkman ejelarining qadamlariga Xiva gilamlari solinib, siylanadi. Qozoq bovurim, desa, oʻzbek qarogʻim, deb, qoraqalpoq shirogʻim, tatar-u boshqird aynena, deb bir-biriga evrilib kelaveradi. Bu – bir-birini koʻz qiymas munosabat, mehr-oqibat, hurmat va eʼtibor qadr topgan elga, Vatanga xos insoniy munosabat - buyuk QADRIYaT!

Oʻz uyini oʻzi asragan xalqim

Ezgulik – insoniyatning ulugʻ aʼmoli. Inson yuragida ana shu tuygʻu ildiz otmas ekan, jamiyatimizda odamlar koʻngliga manzur, hayot tarzimizga maqbul oʻzgarishlar qilish aslo mumkin emas. Mustaqillikning dastlabki yillarida xalqimizni oʻzaro mehr-oqibat, totuvlik birlashtirib turganligini va bu jipslik mamlakatimizda barcha millat vakillari uchun maqbul va manzur hayot tarzini shakllantirishning eng ezgu aʼmoli sifatida xalqimizni TINChLIKdek ulugʻ neʼmat ila siylaganini eʼtirof etgim keladi. Mamlakatimiz chegaralarining u tomonlarida – Tojikiston va Afgʻoniston, Qirgʻiston hududlarida yuz bergan qonli voqealardan vahimaga tushgan ayrim fuqarolarning soxta dindorlar, shovinistik  guruhlar, va diniy-ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolishining, ayniqsa, yosh avlodni mafkuraviy xurujlardan omon saqlashning birdan bir yoʻli – yana va yana baynalmilal totuvlik, oʻzaro mehr-oqibat, hushyorlik va ogohlikni taʼminlash edi. Shu bois, Yurtboshimiz bu borada yana aziz xalqiga suyandi, ishondi: "Oʻz uyingni oʻzing asra!” degan daʼvatkor shior bilan maydonga chiqdi.

- Hushyorlik, ogoh boʻlib yashash – bu bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat boʻlishi lozim...

Xalqimiz Predizentimiz taʼkidlagan, daʼvat etgan kundalik amaliy harakat – hushyorlik va ogohlik borasida aslo ogʻishmadi. Mafkuraviy xurujlar, missionerlik harakatining ichki va tashqi tahdidlariga  qarshi Oʻzbekiston xalqi "Oʻz uyingni oʻzing asra!” shiori ostida oʻz Prezidenti atrofiga mustahkam jipslashdi. Turli xil koʻrinishdagi mafkuraviy xurujlarga qarshi yuksak maʼnaviy salohiyat, chuqur bilim va jasorat bilan zarbalar berdi. Ana  shu jipslik xalqimizni balo-qazolardan, buzgʻunchi gʻoyalar xurujidan asradi va 23 yildirki, oʻz uyini va demakki (!) ona Vatanini, oʻzligi va erkini asray olgan xalq Istiqlolning taraqqiyot pillapoyalaridan dadil ilgarilab, jahoniy rivojlanish bosqichiga kirdi. Bu – eng avvalo TOTUVLIKning eng ulugʻ hikmati – TINChLIK neʼmatining hayotiy haqiqatlari! Bu – hamisha hushyor va ogoh xalqimiz erishgan BAXT-SAODAT! Ana shu BAXT mangu boʻlsin, SAODATLI damlar mangu boʻlsin, aziz xalqim!

Ogohlik – har dilning ezgu aʼmoli

Va hushyor elimning qadr-u kamoli.

Hurlik, ozodlikka evrilgan Vatan

Koʻksida gul ochgan TINChLIK jamoli!

Tinchlik, totuvlikdan tozargan makon –

Oilam – mahallam! O, obodon Yurt!

Kel, hey, ona xalqim, eng dorilomon

Zamonga shukr etib, koʻzlaringga surt!

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019 IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) 04.12.2019 Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) 12.11.2019 Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) 02.11.2019 Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) 06.10.2019 Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) 03.09.2019 “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) 13.08.2019 KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) 31.07.2019 SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) 31.07.2019 MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) 31.07.2019 "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) 31.07.2019 Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? 13.07.2019 Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) 13.07.2019 Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) 13.07.2019 Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) 13.07.2019 Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) 01.07.2019 Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) 30.06.2019 TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI 24.06.2019