UMMONDAN QATRA DUR
Hazrat Alisher Navoiy oʻzlari hayot paytidayoq zamondoshlari tomonidan, keyingi barcha davrlarda ham faqat turkiy xalqlarning emas, butun ijodkor bashariyatning fenemoni – alohida iqtidor egasi boʻlgan shaxs sifatida eʼtirof etilgan va oʻrganib kelinmoqda.
Qancha buyuklar oʻzlariga buyuk ustoz, pir deb bilganlar, gʻazallariga muxammaslar bogʻlaganlar, tatabbuʼ bitganlar. Qancha-qancha allomalar, mavlonolar ilmiy ishlar olib borganlar, oʻz iqtidoriga yarasha buyuk bobomizning ijod ummonidan dur terishga intilganlar. Ammo hamon bu sehrli ummon qaʼriga boqqani sayin uning teranligiga koʻz yetmasligidan hayratdalar, lazzatdalar...
Keling, ey zakiy yurtdosh, buyuk mutafakkir bobomiz tavalludining 581 yilligi butun dunyo taraqqiyparvar, maʼrifatparvar ahli tomonidan nishonlanayotgan shu kunlarda biz ham bu ummonning tabarruk suvidan bir hovuch ichib, rohatlanaylik, bu beqiyos chaman bogʻning gulidan uza bilmasak (jurʼat etmasak), uning xush iforidan dimogʻimizni bir nafasgina bahramand etib chogʻ boʻlaylik...
Zero elimizda Navoiy asarlarini oʻqib, uqadigan ilmli kishilar koʻp.
Navoiy gʻazallari bilan aytiladigan qoʻshiqlarni sevib tinglovchilar, hatto oʻzlari mohirlik bilan ijro qiluvchilar koʻp! (Qadimda ham madrasa talabalari Navoiyni oʻqishga (tushunishga) kuchi yetadigan va kuchi yetmaydiganlarga toifalangan!).
Mana “oynai jahon”da hamyurtimiz Murodjon Ibrohimov ijrosida “Xorazm segohi” toʻlgʻanib, orolanib, jilolanib taralmoqda. Ilohiy bir sehr tomirlarga singib, yurakning qat-qatiga erib, eritib oqib kirayapti... Bu mahobatli kuy xalqimizning bebaho milliy boyligi boʻlgan “Xorazm maqomlari”da “Tani maqom” shoʻʼbasiga taalluqli. Soʻzi Alisher Navoiyning “Gʻaroyib-us-sigʻar” (Bolalik gʻaroyibotlari”)idan:
Xolu xating xayolidin, ey sarvi guluzor,
Gahi koʻzimga xol tushubtur, gahi gʻubor...
Lirik qahramon — oshiq koʻziga xol tushishi, gʻubor inishi uchun qanchalar hijron, naqadar azoblar chekdi-yu, qanchalar koʻz yosh toʻkdi ekan?!
Xolu xat nima?
Oʻzbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarovning “Yetti goʻzal” (Navoiy asarlariga ishlagan) suratlarini eslang: ibo-hayo ogʻushidagi goʻzal yor labi ustidagi bilinar-bilinmas sabza moʻy — ana shu xolu xat... Navoiy asarlaridagi koʻp soʻzlarining ikki yoki koʻp maʼnoliligini yodda tutaylik! Ana shu beqiyos malohat (goʻzallik) hajrida koʻzga xol, gʻubor tushgan!
Yuzungda xol sahfada tomgan kibi qaro,
Xoling malohati tuz erurkim qaroda bor.
Sharikli ruchka chiqmasdan oldin dovotga siyoh solinardi. Navoiy zamonida ham shunday boʻlgan. Siyoh oq qogʻozga bexosdan tomib ketsa, qurigach, tomchi ustida tuz(zarra) lojuvard yarqirab tovlanadi. Endi lab ustidagi nozik xolning malohati — goʻzalligi, yoqimliligi shu qadarki. . .
Jonimni oʻrtagan yuzu xolingni bilmasang,
Oʻt shuʼlasida ayla gumon bir oʻchuk sharor.
Agar mening jonimni oʻrtagan xolingning holatidan bexabar boʻlsang, olov qoʻrida yonib ado boʻlgan (oʻchgan) sharor - choʻgʻni tasavvur qilgin... Mening jism-u jonim ham olov choʻgʻida yonib-yonib qorayib oʻchgan choʻgʻdek boʻldi-ku!
Kuy eshilib, toʻlgʻanib(A.Oripov)avjiga chiqib boradi, xolbuki bu ashulaning birinchi avji emas. Katta avj, daromad hali oldinda! Hofizning manglayida ter yaltiraydi, boʻyin tomirlari boʻrtib, jism-u joni bir boʻlib taranglashadi! (Bu fonogramma emas, qoʻshiq aytayotib qilpanglab oʻynab tursa boʻlaveradigan!)
Bilmon koʻngilda xollaringning xayolidur,
Yo kipriging tikanlarin aylabsan ustuvor.
Qalbimdagi yara sening xolingning sogʻinchimi yo mujgonlaringdan qadalgan tikonlarmi bilmadim...
Har dam koʻnglim haloku koʻzum tiyra boʻlmogʻin,
Bilgay birovki, yori erur shoʻxi xoldor.
Koʻnglimning muttasil halok boʻlishi-yu koʻz oldim qorongʻu boʻlishini faqat men kabi shoʻx, goʻzal bir xoldorga shaydo boʻlgan chin oshiqgina tushunadi! Boshqa yengil-yelpi ishq — havas egalari bunga qodir emas!
Ana endi hofizning figʻon-u nolalari bir qadar daromadiga qaytadi:
Mashshotai qazo bezamish xolu xattini
Beixtiyorliqda manga borm-u ixtiyor?
Taqdir pardozchisi(Alloh subhanohu taolo) Oʻzi bezagach, menda (uni sevish yo sevmaslikka) ixtiyor nima qilsin?!
Nihoyat tarang torlar sal maromiga qaytadi. Yorga iddao, zarda qilishdan foyda yoʻq (oʻziga insof bersin), miskin — gʻarib Navoiyning surati holiga bir nazar solib qoʻysa kifoya, nigoroning xolu xati malohatini koʻrish uchun jonini fido aylayveradi:
Miskin Navoiy xolu xating koʻrsa jon berur,
Boqsang ne boʻldi surati holigʻa, ey nigor?!
Hofiz segohni tugallab, uforiga oʻtadi. Tinglovchilar sel boʻlib, ashula taʼsiridan chiqolmay, hayrat bilan bosh chayqab, mushohadaga beriladi. Birov-birovga tushuntirib bera olmaydigan, faqat har kim oʻz shuurida tuyadigan, anglash qiyin, sharhlash qiyin laziz tuygʻularga chulgʻanadi, ilohiy soʻz va ilohiy soz sanʼatiga oshufta qalblar...
Aziz suhbatdoshim, ketgan vaqtingizga rozi boʻling. Segoh kuyini xayolan idrok qilib, yuqoridagi durdona gʻazalni oʻqib, ajdodlarimiz dahosiga tahsin aytsangiz, bular mening ajdodlarim, bular bizning abadiy barhayot xazina mulkimiz degan gʻururni tuysangiz boʻldi, muddao — shu. Biz ham qoʻlimizdan kelguncha “bilar-bilmas” (Nazir qoriyning iborasi) Hazrat Navoiy ijodi ummonidan bittagina gavhar naqshini koʻrmoqchi boʻldik. Donishmand aytgan ekan: “Daryoning hamma suvini ichaman deyish — ahmoqlik, daryoning boʻyida turib chanqab, uning suvidan bahramand boʻlmaslik — undan-da badtar!”
Navoiy dahosi insoniyatning maʼnaviy chanqogʻini qondirish uchun abadiy xizmat qilaveradi. Biz ham quruq qolmaylik! Nima dedingiz?!
Tursunboy ABDULLAYeV,
85-sonli maktabning ijodiy-madaniy
masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶