Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida taʼlim muassasalarida tadbirlar oʻtkazilmoqda
Mamlakatimizning barcha joylarida boʻlgani kabi Amudaryo tumanida ham xalqimiz madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda badiiy adabiyotning oʻrni, taʼsiri va ahamiyatini yanada oshirish, adabiyot, musiqa, badiiy va amaliy sanʼat ravnaqiga hissa qoʻshish borasida yoshlarning ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish orqali jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda tumanning barcha joylarida ijodkorlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, faxriylar bilan uchrashuvlar, tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda. Shunday adabiy-badiiy kecha 12-sonli maktabda ham boʻlib oʻtdi. Unda maktabning yuqori sinf oʻquvchilari, oʻqituvchilar, taklif qilingan mehmonlar ishtirok etdilar.
Sheʼriyat kechasini maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha targʻibotchisi Madrahim Qurbonov kirish soʻzi bilan ochdi. Nafaqadagi faxriy pedagog, ijodkor shoir Tursunboy Abdullayev oʻquvchilarni buyuk bobolarimiz Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Boburning ijodi bilan yaqindan tanishtirib, gʻazallaridan namunalar oʻqib berdi. Tursunboy Abdullayev oʻzi yozgan sheʼrlaridan oʻquvchilarga oʻqib berib, yaqinda nashrdan chiqqan “Ming bir salom va yangi salomlar” kitobini maktab kutubxonasiga sovgʻa qildi.

Faxriy pedagog, shoir Ahmad Nafasov Navoiy gʻazallariga yozgan muxammaslaridan va turli mavzularda yozgan sheʼrlaridan oʻqib, oʻquvchilar koʻnglida sheʼriyatga xavas uygʻotdi hamda maktab kutubxonasiga “Keldim davonlar oshib” nomli kitobini sovgʻa qildi.
“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkilotining raisi Oʻrozali Reyimov oʻz soʻzida tumanimizda ijodkor yoshlarga qaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun olib borilayotgan keng imkoniyatlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Maktab oʻquvchilaridan Goʻzaloy Jumaboyeva, Zarnigor Norimboyevalar oʻzlari yod olgan gʻazal va sheʼrlaridan oʻqib berdilar.
Ana shunday adabiy uchrashuv Mangʻit shahridagi 1-sonli umumtaʼlim maktabida ham boʻlib oʻtdi.
Yozuvchi va shoirlar, maʼnaviyat targʻibotchilari hamda yosh ijodkorlarning maktab oʻquvchilari bilan uchrashuvida tumanimizda faoliyat olib borayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti raisi Oʻrozali Reyimov soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning maʼnaviyati va dunyoqarashini yanada yuksaltirish boʻyicha qilinayotgan amaliy ishlar haqida gapirib oʻtdi.
Maktab direktori Murod Xaybullayev oʻz soʻzida maktabdagi yosh ijodkorlar, kitobxonlik toʻgaragi toʻgʻrisida va yaqinda oʻtkazilgan kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asari asosida tumanimizning taniqli ijodkorlari Allambergan Jumaniyazov va Xudoybergan Jumamurodov bilan ucharshuv oʻtkazilganligi hamda maktabda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirdi.
Maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi Zulfiya Ollayorova maktabda tashkil etilgan “Notiqlik va ijod sanʼati” toʻgaragining ishlari va istiqboldagi rejalar bilan tanishtirib oʻtdi.
“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkilotining “Yoshlar – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” loyihasi doirasida “Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni kitobxonlikka jalb qilish orqali giyohvandlik, ichkilikbozlik, turli axloqsizliklardan himoya qilish” mavzusida oʻtkazilgan ushbu adabiy kecha maktab oʻquvchilari koʻnglida ulkan taassurotlar qoldirdi.
Oʻ.Reimov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶