Bilim insonni ulugʻlaydi
Kuz fasli kirib kelishi bilan barcha oʻquvchilar va talabalar ilm maskanlariga yoʻl olishadi. Oʻqishlarni yakunlab, oliy oʻquv yurti talabasi boʻlishni, oʻzimiz xohlagan kasbning yetuk mutaxassisi boʻlishni har birimiz orzu qilamiz. Inson hayoti davomida ulkan orzular bilan yashaydi. Biror marraga erishdingizmi, yana yangi orzu istaklar paydo boʻlaveradi. Inson hayoti shu orzular bilan goʻzal.
Ustozlarimiz doim "Bilim olish – igna bilan quduq qazish bilan barobar” deyishadi. Oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan aka-opalarimizga juda havas qilaman. Litseyimizni tugatib, Davlat test imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar oliy oʻquv yurtida oʻqishni boshlab ham yuborishdi.
Joriy yilda bizning 3-sonli Amudaryo akademik litseyimiz bitiruvchilarining 42 foizi oliy oʻquv yurtiga oʻqishga qabul qilinganligi quvonarli holat, albatta. Bugun oliy oʻquv yurti talabasi boʻlishni istagan va bu yoʻlda tinmay mehnat qilayotgan yoshlar safi ortmoqda. Bu esa yoshlarning ilmga chanqoqligidandir.
Oʻqish-intilish faqatgina bizga oliy oʻquv yurti talabasi boʻlish baxtini berish bilan kifoyalanib qolmaydi. Bilim toshga oʻyilgan naqsh. U qancha koʻp boʻlsa, inson shu qadar kamol topaveradi, ulugʻlanaveradi.
Buyuk bobomiz Abu Ali Ibn Sinoning "Men shuncha oʻqidim, koʻp narsalar koʻrdim, ammo ortimga nazar tashlasam, olgan bilimlarim dengizdan tomchi ekan”, degan soʻzlari har birimizga dasturilamal boʻlmogʻi kerak.
Yulduz TURSUNBOYeVA,
Amudaryo akademik litseyi oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶