«YuSUF EShON BOBO» JOMʼE MASJIDIDA MADANIY MEROS OBʼEKTLARINI MUHOFAZA QILIShGA BAGʻIShLANGAN AKTsIYa OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida izchil ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu borada davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab olinib, shu asosda manzilli ravishda madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish, ularni qayta taʼmirlash va tiklash, ularni imkoni boricha asl koʻrinishida saqlab qolishni taʼminlash, mazkur obʼektlarning atroflarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish, ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Amudaryo tumanida ham “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashi va Amudaryo tuman madaniyat boʻlimi hamkorligida tuman hududida joylashgan madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish, atroflarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, ularning asl holatini saqlab qolgan holda tiklash-taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazilayotgani oʻz natijasini bermoqda.
Xususan, mustaqillik yillarida Amudaryo tumani hududidagi 9 ta madaniy meros obʼektida qayta tiklash va taʼmirlash ishlari bajarilib, asl holati saqlab qolinishiga erishildi. “Chilpiq” qalʼa qoʻrgʻoni, “Hoji Eshon bobo” ziyoratgohi, “Tosh madrasa” tarixiy obidasi, “Nazarxon Ding minorasi”, “Xoʻjaniyoz biy madrasasi”, “Bes toʻbe” kabi obidalarda amudaryolik tadbirkorlar va koʻngilli saxovatpesha yurtdoshlarimiz, qolaversa, Amudaryo tumani hokimligi koʻmagi bilan keng miqyosli obodonlashtirish ishlari olib borildi. Natijada mazkur madaniy meros obʼektlari xalqimiz uchun maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega ziyoratgohlarga aylandi.
25-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi tomonidan yana bir xayrli tadbir amalga oshirildi. Mangʻit shahridagi “Yusuf Eshon bobo” jomʼe masjidida Amudaryo tumani hududida mavjud boʻlgan barcha madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish, ularning asl qiyofasini saqlagan holda taʼmirlash-tiklash ishlarini bajarish va har bir madaniy meros obʼektining atrofini obodonlashtirishga qaratilgan saxovat aktsiyasi oʻtkazildi.
Saxovat aktsiyasi tadbirida xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Oybek Begimov, Amudaryo tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 16-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilari va oʻquvchilari, “Yusuf Eshon bobo” jomʼe masjidi qavmi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Aktsiya doirasida partiyaning Amudaryo tuman Kengashi masʼullari, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Oybek Begimov, shuningdek, “Yusuf Eshon bobo” jomʼe masjidi masʼul diniy ulamolari oʻquvchi-yoshlarga mazkur masjid tarixi, Yusuf Eshon bobo hayoti va tumanimizdan yetishib chiqqan ushbu diniy ulamoning ezgu fazilatlari xususida soʻzlab berdilar.
Shu bilan birga tuman hududidagi madaniy meros obʼektlarini asrab-avaylash, ularning tarixini oʻrganish, milliy maʼnaviyatimizga, xalqimiz uchun aziz boʻlgan bebaho urf-odat,anʼana va qadriyatlarimizga hurmat va eʼtibor koʻrsatish har birimizning zimmamizdagi masʼuliyatli burch ekanligini taʼkidladilar.
Aktsiya davomida “Yusuf Eshon bobo” jomʼe masjidi atrofida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirildi.
Boʻlib oʻtgan aktsiya oʻquvchi-yoshlar qalbida madaniy meros obʼektlarini asrab-avaylash, ularga hurmat nazari bilan qarash tuygʻularini uygʻotib, milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizga nisbatan mehr-muhabbat hissini yanada mustahkamladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶