Sizga taʼzim, aziz ustozlar!
Ustozlarim
Orom bermayin yurak, qoʻlimga qogʻoz oldim,
Yurak-dil soʻzlarimni ushbu qogʻozga soldim.
Murabbiylar kunida gʻoyibdan ilhom kelib
Ustozlarimni eslab, biroz xayolga toldim.
Bugun sizlar tufayli, baralla ovozlarim,
Bayramingiz muborak, murabbiy-ustozlarim!
Qalbingizda gʻubor yoʻq, qadrdonsiz oʻzingiz,
Koʻngillarga jo boʻldi har bir aytgan soʻzingiz.
Faxrlansak arziydi, sizlar bilan ming bora
Tabarrukdir biz uchun sizning bosgan izingiz.
Qoʻlim koʻksimda doim, hurmatu-eʼzozlarim,
Bayramingiz muborak, murabbiy-ustozlarim!
Ustoz otangdek ulugʻ, deydilarku bil shuni,
Hamma bilavermaskan, bilgan biladi buni.
Bu dunyo qaytar dunyo, ustozlarga hurmating
Shogirdingdan koʻrasan, bir kunimas, bir kuni.
Aslo koʻnglimda yoʻqdir, sizga eʼtirozlarim,
Bayramingiz muborak, murabbiy-ustozlarim!
Boshingizga tushmasin, bu dunyoda qaygʻu-gʻam,
Yuraklarda boʻlmagay, armon ila dard-alam.
Yaratgandan tilayman, sizga doimo sogʻlik,
Koʻzlaringiz koʻrmagay bu dunyoda zarra nam.
Barchangizgadir mening istagu-dil rozlarim,
Bayramingiz muborak, murabbiy-ustozlarim!
Shomurod Xoʻjanov,
Doʻrman ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶