“BIZ ShEʼRIYaTNI SEVAMIZ” MAVZUSIDA ADABIY UChRAShUV BOʻLIB OʻTDI
Amudaryo tuman XTBga qarashli 40-sonli umumtaʼlim maktabida ijodkor yoshlar bilan ishlashish, alohida iqtidorga ega oʻquvchilarning ijodini ragʻbatlantirish maqsadida turli bayram sanalari munosabati bilan sheʼriyat kechalari, adabiy-maʼrifiy mavzulardagi davra suhbatlari tashkillashtirish va bu kabi tadbirlarda oʻquvchi-yoshlarning faol ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ijodga moyil oʻquvchilar bilan ishlashishni boshlangʻich sinflardan boshlab toʻgʻri tashkil etishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli maktabning 2-, 3-,4-sinflar oʻquvchilari orasida oʻz ijodlari bilan tuman matbuoti sahifalarida ishtirok etayotgan ijodkorlar talaygina. 15-may – Xalqaro oila kuni arafasida maktabning boshlangʻich sinflar oʻqituvchilari Gulnoza Rajabova hamda Dilrabo Oʻrozboyevalar hamkorlikda tashkil etgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ijodiy-madaniy qobiliyatlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi.
“Biz sheʼriyatni sevamiz” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur tadbirda oʻquvchilar Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, shoira Robiya Yoʻldosheva ijodidan namunalar oʻqidilar. Shoiraning ona Vatan, doʻstlik, tinchlik, ona va mustaqillikni madh etuvchi sheʼrlarini yoddan oʻqigan oʻquvchilar R.Yoʻldoshevaga hayoti va ijodi bilan bogʻliq savollar berishdi. Robiya Yoʻldosheva oʻquvchilarning savollariga javob berish asnosida oʻzining bolalik, oʻsmirlik yillari va yoshlik xotiralari, ilk sheʼrlari chop etilganidagi yorqin taassurotlari haqida maroqli hikoya qilib berdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoirasi Zulfiyaxonim bilan boʻlgan tarixiy uchrashuvlari, ustozi, adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharofiddinov, xalq shoiri Muhammad Yusuf bilan bogʻliq aziz xotiralarini tilga olib, M.Yusuf sheʼrlaridan oʻqib berdi.
Oʻz navbatida oʻquvchilar ham oʻzlari yozgan sheʼrlaridan oʻqishib, marsh sadolari ostida raqslar ijro etishdi.
Tadbir davomida oʻquvchilar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti fidoyilarining matonat va jasoratlarini tilga olishib, ota-bobolarimizning jangovar xotiralari oldida hurmat va ehtirom tariqasida urush va front orti faxriylarini sharaflovchi sheʼrlar aytishdi.
“Biz sheʼriyatni sevamiz” mavzusida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Robiya Yoʻldosheva oʻquvchilarga kitoblar sovgʻa qildi va oʻzining yangi sheʼrlaridan oʻqib berdi.
Sheʼrxonlik, biri-biridan maroqli adabiy suhbatlar, musiqiy chiqishlar bilan fayzli oʻtgan tadbir oʻquvchilar qalbida maʼnaviyatga, milliy-madaniy qadriyatlarga, sheʼriyatga mehr va ixlos tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Muyassar XALILLAYeVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶