Imkoniyati cheklangan bolalar uchun koʻngilochar tadbir tashkil etildi
Dunyoning koʻplab mamlakatlari qatori yurtimizda ham 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etiladi va bayram sifatida nishonlanadi. Barcha yaxshi narsalar bolalarga bagʻishlanib, turli quvnoq va madaniy-ommaviy, koʻngilochar kontsertlar, sport musobaqalari oʻtkaziladi. Ushbu kun munosabati bilan imkoniyati cheklangan, nogiron bolalar uchun xayriya aktsiyalari ham boʻlib oʻtadi.
Amudaryo tumanining Oʻrtaqalʼa ovulidagi “Arena” savdo majmuasida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlab imkoniyati cheklangan bolalarning isteʼdodlarini qoʻllab-quvvatlash va ularga bayramona kayfiyat bagʻishlash maqsadida “Rang-barang boʻyoqlar” deb nomlangan va koʻngilochar tadbir tashkil etildi.
Tuman hokimligi, Xalq taʼlimi boʻlimi va tadbirkor Dildora Hayitboyeva homiylik qilgan ushbu tadbirda Qoraqalpogʻiston Nogironlar jamiyati raisi Parchagul Dauletyarova, Jamiyatning tuman boʻlimi, tuman hokimligi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Yoshlar agentligi masʼullari va boshqalar qatnashishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi, ayniqsa, jismoniy cheklangan shaxslar davlatimiz tomonidan har taraflama qoʻllab-quvvatlanayotganini tilga olishdi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan, kam taʼminlangan oilalar farzandlari holidan xabar olinib, ularga xayriya yordamlari koʻrsatilayotgani, nogironligi boʻlgan yoki bemorligi sabab bayram tadbirlarida ishtirok eta olmaydigan murgʻak qalb egalariga bayram sovgʻalari tuhfa etilayotgani, bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik bolalarga bir olam quvonch va shodlik bagʻishlashini taʼkidlab oʻtishdi.
Shundan soʻng jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar “Rang-barang boʻyoqlar” deb nomlangan rasm chizish tadbirida ishtirok etib, oʻzlarining rasm chizish yoʻnalishidagi isteʼdodlarini namoyish etishdi. Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar farzandlari uchun koʻrsatilgan bunday eʼtibordan koʻngillari koʻtarilganligini, nogironligi bor bolalar sogʻlom bolalar bilan tengma-teng ijod qila olishlarini va bu tadbirni tashkil etgan tashkilotchilarning mehnatlarini alohida eʼtirof etdilar.
Tadbir davomida tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori Mohimjon Abdurahmonova, hamshira Barno Matmurodovalar birgalikda tibbiy koʻrik tashkil etib, bolalarning salomatligini tekshiruvdan oʻtkazishdi. Bolajonlarning ota-onalariga ularni toʻgʻri parvarishlash, sogʻlom turmush tarziga rioya qilishga odatlantirish boʻyicha tibbiy maslahatlar, tavsiyalar berishdi.
Tadbir ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat, quvnoqlik baxsh etish maqsadida tumandagi 4-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ishtirokida musiqiy dastur namoyish etildi. Jajji kichkintoylar ijrosidagi shoʻx qoʻshiq va chiroyli raqslar, Vatan, ona va tinchlik haqidagi sheʼrlar barchaga nihoyatda manzur boʻldi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan imkoniyati cheklangan bolalarga cheksiz quvonch ulashish, ularga koʻtarinki kayfiyat baxsh etish, madaniy va maʼnaviy dunyoqarashlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan ushbu “Rang-barang boʻyoqlar” tadbiri yuqori saviyada oʻtkazildi va bolajonlarga bayram shukuhi hadya etildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶