Qurbon hayitining savobli amallari
Allohga beadad shukurlar boʻlsinki, mamlakatimiz Prezidenti Farmoniga muvofiq Ramazon va Qurbon hayitlarining bayram qilinishi va dam olish kuni qilib belgilanishi bu qutlugʻ kunlarning obroʻsini yanada ziyoda qildi. Natijada bu bayramlar katta shodiyona va tantana bilan nishonlanmoqda. Qurbon hayitida qurbonlik qilish moliyaviy ibodat boʻlib, Qurʼoni karim va Sunnat bilan sobitdir.
Alloh taolo marhamat qilib, "Biz barcha (oʻtgan) ummatlarga Alloh bergan chorva mollarini soʻyish oldidan uning nomini zikr qilish uchun qurbonlik qilishlarini buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Iloh. Bas, ungagina boʻysuningiz va (ey Muhammad) itoat qiluvchilarga xushxabar bering” ("Haj” surasi 34-oyat).
Iydni hayit nomozi oʻqib boʻlingach, qurbonlik soʻyish bilan boshlanadi. Kimki yetarli miqdorda pul mablagʻiga ega boʻlmasa, qurbonlik vojib emas.
Hadisda Rasulloh (s.a.v) "Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balo-qazodan, oxiratda ofatdan ozod qiladi. Hayit nomozini oʻqib, qurbonlik soʻygan moʻminlar mening ummatlarimdir” degan. Qurbonlik 3 kungacha soʻyilishi mumkin. Qurbonlik soʻyishda qurbonlik qiluvchilar barchasi qatnashishlari mustahabdir. Qurbonlik qilishga 5 yashar tuya, 2 yashar sigir, 1 yashar qoʻy yoki echki suyish mumkin. Tuya va sigir 7 kishi nomidan soʻyilishi va goʻshti chamalab emas, kilolab oʻlchab taqsimlanishi kerak.
Qurbonlikning uchdan birini sadaqa qilishi, uchdan birini oila aʼzolariga yedirishi, uchdan birini keyin yeyishga olib qoʻyishi mumkin. Qurbonlik terisini sotish, qassobga berish mumkin emas, faqirlarga yoki umumxalq foydalanuviga berish yaxshidir. Qurbon hayitida qiladigan eng muhim vazifamiz mehrga tashna insonlarga bayram xursandchiligi va xushnud kayfiyat ulashish, bemorlarni yoʻqlab, sogʻayishini tilash, arazlashganlarni yarashtirish, diydorlashish, bayram bilan qutlash, mehribonlik va sahovat koʻrsatish, qilgan gunoh va xatolariga tavba-tazarru qilish, yaxshi amallar qilish, qabristonlarni ziyorat qilish, osmonimiz tinchligi, turmushimiz osoyishtaligining barqaror boʻlmogʻini tilashdir. Bunday saodatli kunlarga yetkazgani uchun Allohga shukronalar keltirishimiz va uning amr-arkonlarini sidqidildan bajarishimiz lozim.
Mustaqilligimiz sharofati bilan yaratilgan emin-erkinlik tufayli bu yil ham Qurbon hayitini zoʻr shodiyona va tantana bilan oʻtkazish baxtiga erishdik. Ilohim, barcha yurtdoshlarimizga qurbon hayiti muborak boʻlgay!
Ahmad MADRAHIMOV,
"Noʻgʻay Eshon bobo” masjidi mutavallisi.
(Foto - http://religions.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶