“Huquqbuzarliklarni oldini olishda profilaktika inspektorining milliy gvardiya organlari bilan hamkorligi”
Profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatini samaradorligini yanada oshirish koʻp jihatdan tahlil etilayotgan sohaning huquqiy, tashkiliy-taktik va moddiy-texnik taʼminotigaoid asoslariga bevosita bogʻliq. Bizningcha, ushbu sohada amaliyotda uchrayotgan mazkur ikkita yoʻnalishdagi muammo va kamchiliklarni hal etish faoliyat samaradorligini oshirishga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.
Profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatini huquqiy tartibga solishga doir muammolarning yechimi sohani takomillashtirish borasidagi eng muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Oʻrganish va tahlillar shuni koʻrsatadiki, bugungi kunda profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatining huquqiy asoslari hisoblangan qonunlar ushbu sohani bevosita tartibga solishga xizmat qilmasdan, balki bu boradagi ayrim ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni tartibga solish bilan cheklanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida esa mazkur faoliyatning umumiy qoidalari, asosiy yoʻnalishlari va ustuvor vazifalari hamda subʼektlarning huquqiy holati belgilangan. Profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorligini taʼminlashga doir ichki ishlar organlari faoliyatining mexanizmi esa Oʻzbekiston Respublikasi IIVning idoraviy meʼyoriy-huquqiy hujjatlari bilan belgilangan.
Faoliyatning takomillashuvi u amal qiladigan muhitdagi qonunchilikning takomillashuv darajasi bilan uzviy bogʻliqligini inobatga olgan holda, profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, xususan hozirgi kunda sohani tartibga solayotgan qonunosti normativ-huquqiy hujjatlari oʻrniga mukammal qonunlarni yaratish maqsadga muvofiqdir.
Profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatining tashkiliy-taktik asoslariga oid muammolarni oʻrganish, tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, sohaning tashkiliy-taktik boshqaruv faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, faoliyatni samarali tashkil etishning zaruriy sharti hisoblanadi. Xususan, bu borda har bir hududning oʻziga xos xususiyatlarini, jumladan, joʻgʻrofiy joylashuvi, aholisi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, madaniy, davlat ahamiyatiga ega va boshqa xizmat koʻrsatish obʼektlarining mavjudligi, jinoyatchilikning koʻrsatkichlari, sodir etish shakl va usullarini inobatga olgan holda, profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorligini tashkil etish boʻyicha har bir hududning oʻz modelini yaratish va uni zaruriy kompyuter-tahlil dasturiy tizimlar bilan taʼminlanishi, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlashning kuch va vositalarini samarali taqsimlash, ularni manyovr qilish, xususan qoʻshimcha patrullik kuchlari talab qilinadigan joylarni aniqlashda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldindan bashorat qilish imkoniyatini beradi. Binobarin, rus huquqshunos olimi A. Fedchenko taʼkidlaganidek, AQSh va Yevropaning koʻplab mamlakatlarida bunday jarayonlar nafaqat boʻlinmalar, balki tizim miqyosida maksimal darajada kompyuterlashtirilgan. Ushbu kompyuterlashtirilgan tizim faoliyatni, ayniqsa, yirik shaharlarda, samarali ish olib borishning zaruriy sharti hisoblanadi, chunki bu – xizmat koʻrsatish joy xususiyatini, huquqbuzarliklarning intensivligini talab darajasida aniqlash, kuchlar va vositalardan samarali foydalanish imkonini beradi.
Yuqoridagi fikr va mulohazalarga asoslangan holda shunday xulosaga kelish mumkin: eng avvalo, profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatida amalga oshirilgan islohotlar, jamiyatdatinchlik va osoyishtalikni samarali taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qolaversa davlat boshqaruvi sohasida ichki ishlar organlarining roli va mavqeining yuksalishiga, fuqarolarimizning tizimga nisbatan ishonchi va hurmati oshishiga xizmat qildi; keyingi oʻrindayoshlarimizni maʼnaviy tahdidlardan asrash, ularning turli yot gʻoyalar, diniy va mafkuraviy aqidalar taʼsiriga berilishini oldini olish, jamiyatda zoʻravonlik va radikal qarashlarning tarqalishiga chek qoʻyish orqali mamlakatda ichki xavfsizlikni kafolatlash muammolari tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan hozirgi murakkab sharoitda bu boradagi islohotlarni izchil davom ettirish talab etiladi; va nihoyataholi turar joylarida profilaktika inspektorlarining Milliy Gvardiya organlari bilan hamkorligini tashkil etish sohasida dunyoning har bir davlatida, ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda oʻziga xos tajriba shakllangan boʻlib, ularning ilgʻor yutuqlari, ish usullari va shakllarini oʻrganish asosida, milliy qonunchiligimiz va uni qoʻllash amaliyotiga joriy etib borish ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini samarali tashkil etish hamda ularni boshqarishni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Jumabayev.E.A.
IIV Akademiyasi 3-oʻquv kursi 309-gurux kursanti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶