YaNGIOBOD MAHALLASIDA XOTIN-QIZLAR UChUN SAYYoR QABUL OʻTKAZILDI
Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha hududlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari sudyalari tomonidan “Ayollar daftariga” kiritilgan huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga huquqiy yordam koʻrsatish yuzasidan moʻljallangan chora-tadbirlar rejasining ijrosini taʼminlash maqsadida sayyor qabullar oʻtkazilmoqda.
Shu yil 10-iyun kuni Amudaryo tumanidagi Yangiobod mahallasida ham ushbu chora-tadbirlar ijrosini taʼminlash maqsadida sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi masʼullari, fuqarolar yigʻinlari raislari, Yangiobod, Farovon, Boy ovul va Durunki mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda Bobur, Jumur ovul, Jumurtov va Kuyuk koʻpir ovul fuqarolar yigʻinlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, shu hududlarning faol ayollari qatnashishdi.
Taʼkidlanganidek, Amudaryo tumanidagi 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yigʻinida yashovchi aholi soni 204 ming 738 nafarni tashkil qiladi. “Ayollar daftari”ga shundan 3810 nafar xotin-qiz roʻyxatga kiritilgan. Roʻyxatda turgan ayol-qizlarga manzilli ravishda har tomonlama koʻmak berib kelinmoqda.
Tadbir davomida sud masʼullari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi “Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Ayollar daftari”ni yuritish boʻyicha vaqtinchalik tartibning mazmun-mohiyatini tushuntirib oʻtdilar.
Shu bilan birga jamiyatda turli qiyinchilik va muammolarga duch kelayotgan xotin-qizlarning qonun va qonunosti hujjatlar talabini toʻliq bilmasligi, ularga berilgan qonuniy imtiyozlardan bexabar ekanligi yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarning asosiy sabablaridan biri ekanligi taʼkidlanib, amaldagi qonun hujjatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji bor boʻlgan ishsiz xotin-qizlarga “Ayollar daftari” asosida ishga joylashtirish va ijtimoiy yordam berish tartibi ham tushuntirildi.
Shuningdek, qabulga kelgan xotin-qizlar ishga joylash, moddiy yordam, uy-joy, oilaviy nizolar masalalarida murojaat qilishdi. Murojaatlarning har biriga alohida eʼtibor qaratildi va oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar natijasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi, imkon qadar va qonun doirasida hal qilish choralari koʻrildi.
Shu kuni tuman hududidagi fuqarolar yigʻinlarida oʻtkazilgan sayyor qabullarda 18 nafar xotin-qizlarga huquqiy yordam koʻrsatildi. Murojaatlar asosan ishga joylashish masalasi boʻyicha, oilaviy munosabatlar, yaʼni aliment, nikohni bekor qilish kabilar boʻyicha, moddiy yordam olishga doir, uy-joy masalalar yuzasidan qabul qilinib, barchasini hal qilish choralari koʻrildi.
Tadbirda ishtirok etgan boshqa fuqarolarga ham qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar, tushunchalar berildi. “Ayollar daftari” roʻyxatida turgan xotin-qizlarga sudyalar tomonidan oʻtkazilgan mazkur sayyor qabul, koʻrsatilgan huquqiy yordam va berilgan bilimlar ularning muammolarini hal etilishida muhim ahamiyat kasb etdi.
S.Davletmurodov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi.
E.Jumaniyozov, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi devonxona mudiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶