OʻN YoShGA MASʼUL NURONIY
Oʻtgan davrda yurtimizda keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini yaxshilash borasida koʻpgina chora-tadbirlar amalga oshirildi hamda yoshlar tarbiyasida keksalarning roli kuchaytirilib, “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy koʻmakka muhtoj yoshlarni tarbiyalashga jalb etilmoqda.
Bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish maqsadida Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan ishsiz, tarbiyasi ogʻir va muammoli yoshlarni jamiyatga nafi tegadigan shaxslar qilib tarbiyalash maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilgan edi.
Dasturga muvofiq tarbiyasi ogʻir, muammosi bor boʻlgan kam taʼminlangan oilalar farzandlari “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida mahallalardagi hurmatga sazovor keksa avlod vakillari va ziyolilarga biriktirildi.
Tumanimizning Bobur nomli ovulida yashovchi Murotboy Soburov ham oʻz mahallasidagi tarbiyasi ogʻir, ishsiz va muammoli yoshlarni oʻz qaramogʻiga olib, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, oʻzaro ahillik ruhida tarbiyalashga intilmoqda.
Bu – bejiz emas. Otaxon 6-sonli maktabda 36-yil bolalarga oʻz bilimlarini oʻrgatdi, oliy toifali matematika fani oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Xalq Taʼlimi aʼlochisi, “Metodist oʻqituvchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Bugungi kunda mahalla faxriysi sifatida eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan faol otaxonga oʻzi istiqomat qilayotgan ovulning 10 nafar uyushmagan ishsiz yoshlari biriktirilgan. Bu esa bir tomondan Murotboy Soburov kabi nuroniylarimizga ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish, oʻz tajribalarini foydali ishlarga yoʻnaltirish va odamlar uchun kerakli ekanliklarini his etish imkonini beradi. Qolaversa, yoshlarga urf-odatlarimizni, anʼanalarimizni eʼzozlash, asrab-avaylashni singdirayotgani tahsinga sazovordir.
Murotboy Soburov oʻz qaramogʻidagi oʻn nafar yoshlarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatmoqda, ular bilan doimiy ravishda suhbatlashib turadi, oilaviy ahvoli bilan yaqindan tanishib, muammolariga yechim topadi.
Yaqindagina ulardan birining talaba akasining kontrakt pullari toʻlab berilishiga koʻmaklashdi, shuningdek, ota-onasi ajrashib ketgan, toʻliq boʻlmagan oila farzandining ishga joylashishiga, biriga dehqonchilik qilish uchun yer ajratilishiga erishdi. Ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun tadbirlar oʻtkazib kelmoqda.
Shu yilning 18-iyunida nuroniylarning maʼnaviy koʻmakka muhtoj yoshlar bilan ishlashish, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilish borasida jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan bir guruh nuroniylar ishtirokida “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi oʻtkazilgan edi. Ushbu tanlovda jamoat ishlarida faol harakat qilayotgan Murotboy Soburov gʻolib boʻlgan edi.
Bundan ruhlangan otaxon hozirgi kunda ushbu tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun qizgʻin hozirlik koʻrayapti va zimmasidagi jamoatchilik asosidagi vazifalarini ham sidqidildan ado etayotir.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶