Amudaryolik ilgʻor terimchilar sektor rahbarlari tomonidan ragʻbatlantirilmoqda
Amudaryolik paxtakor va gʻallakorlar, bogʻbon-u dehqonlar, pillakor hamda chorvadorlar oʻzlarining fidoyi mehnatlari bilan qishloq xoʻjaligi taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Bu yil ham mehnatsevar dehqonlarimiz erta bahordan chigit ekib, unib chiqqan nihollarni astoydil parvarishlab, yuqori hosil yetishtirishga erishdilar. Galdagi vazifa esa oq oltinni nes-nobud qilmay terib olishdir.
Bugungi kunda tumanda 352 ta fermer xoʻjalikalari mavjud boʻlib, jami fermer xoʻjaliklariga ekilgan chigit maydonlari 13 ming 900 gektarni tashkil etadi.
Shundan tuman prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududida joylashgan 113 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 4 ming 646 gektar maydonga chigit ekilgan boʻlib, 15 ming 104 tonna paxta yetishtirish rejalashtirilgan.
Taʼkidlash kerakki, paxta yigʻim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish, bunda bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik masalasiga alohida etibor qaratilib, tuman prokuraturasi tomonidan tushuntirish-targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Shunisi quvonarliki, 2-sektor hududidagi salkam 8 ming nafar fuqaro paxta daromad manbai ekanligini, mamlakatmiz iqtisodiyoti va eksport salohiyatiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatishi va bu orqali aholi farovonligi oshishini yaxshi tushungan holda paxta yigʻim-terimida faol fatnashmoqdalar.
23-sentyabr kuni mana shunday ilgʻor terimchilarni ragʻbatlantirish maqsadida tuman prokurori – sektor rahbari Aziz Roʻzmetov masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi masʼullari bilan birgalikda Qilichboy ovulidagi “Amirxon” fermer xoʻjaligida boʻlib, terimchilar bilan uchrashdi.

Aytish kerakki, termichilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, dala boshida issiq ovqat va choy tashkil etilgani hamda terim pullarining oʻz vaqtida, kunlik hisob-kitob qilib borilayotgani termichilarga kuch-quvvat bagʻishlamoqda.
Uchrashuvda 2-sektor rahbari Aziz Roʻzmetov barcha terimchilarning qilayotgan mehnatlari avvalo, aholining yashash sharoitini yaxshilashga, yurtimiz iqtisodiyotining rivojlanishida katta hissa boʻlib qoʻshilishini aytib oʻtdi.
Shundan soʻng, dala boshida osh tortildi. Boshqa mahalladoshlarini ortda qoldirib, peshqadamlar safida mehnat qilayotgan ilgʻor terimchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Terimchilar bu kabi koʻrsatilayotgan eʼtibordan mamnun boʻlib, tuman prokuroriga oʻz minnatdorligini bildirishdi.
Shuningdek, paxtakorlar madaniyat xodimlari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlarga raqsga tushib, madaniy hordiq oldilar.
Shu kuni 3-sektor rahbari – tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Jamoladdin Yusupov ham sektor hududidagi Kuyuk-koʻpir ovulida joylashgan “Quanish-Nurxat” fermer xoʻjaligida boʻlib, terimchilar bilan uchrashdi.
Maʼlumot uchun, 3-sektor hududida 150 ta fermer xoʻjaliklari mavjud. Bugungi kunda fermer xoʻjaliklarining 4346 gektar maydonga paxta ekilgan boʻlib, ular tomonidan mavsum yakunigacha 13 ming 980 tonna paxta hom-ashyosini yigʻib-terib olish va klaster korxonasiga topshirish rejalashtirilgan. Buning uchun xoʻjaliklarda 83 ta terim otryadlari tashkil qilinib, bu otryadlarga jami uch mingga yaqin terimchilar jalb qilindi.
Sektor rahbari xoʻjalik raisi bilan birgalikda ishchilarga yetarli sharoit yaratib berishga alohida eʼtibor qaratib, ish unumining yanada ortishiga erishmoqda. Shu boisdan terimchilar kuzning goh salqin, goh issiq kunlariga qaramay, yigʻim-terim ishlarini koʻtarinki ruhda jadal tarzda davom ettirishmoqda va yetishtirgan hosilni nest-nobud qilmay yigʻib olib, sarbaland xirmon yaratishga harakat qilishmoqda.
3-sektor rahbari Jamoladdin Yusupov terimchilar bilan uchrashuvda paxta yetishtirish, shu bilan birga yigʻib-terib olishda ishtirok etish daromadli ishlardan biri ekanligini, paxta hom ashyosini chet elga eksport qilish hamda yurtimizdagi toʻqimachilik korxonalari tomonidan qayta ishlash iqtisodiyotimiz ravnaqi va mamlakat taraqqiyotiga hissa boʻlib qoʻshilishini aytib oʻtdi.
Shundan soʻng ilgʻor terimchilarining mehnatlarini alohida eʼtirof etib, ularni gilam, changyutgich va boshqa xildagi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi.

Terimchilar qimmatbaho sovgʻalar uchun tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi – 2-sektor rahbari Jamaloddin Yusupovga minnatdorlik bildirib, yanada shijoat bilan mehnat qilishga va tumanimiz “oq oltin” xirimonini sarbaland koʻtarishga vaʼda berdilar.
24-sentyabr kuni 4-sektor rahbari – tuman Davlat soliq inspkktsiyasi boshligʻi Aydos Seyitov Qangli ovuli hududidagi Qudrat Abdukalikov rahbarlik qilayotgan “Qangli tolasi” fermer xoʻjaligida boʻldi.
4-sektor hududida 40 ta fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib 1 ming 582 gektar maydonga paxta ekilgan. Ular tomonidan mavsum yakunigacha davlatga 5 ming 108 tonna paxta hom-ashyosini topshirish rejalashtirilgan. Buning uchun xoʻjaliklarda 32 ta terim otryadlari tashkil qilinib, bu otryadlarga jami ikki yarim mingga yaqin terimchilar jalb qilindi.
Asosiysi, tumandagi bironta fermer xoʻjaliklarida majburiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻlik holatlarga yoʻl qoʻyilmay, fuqarolar ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, daromad olmoqdalar.
Yetishtirilgan hosil tumanimizda tashkil qilingan klaster korxonasi tomonidan harid qilinib, shu tizimda toʻliq qayta ishlanadi. Klaster tizimi nafaqat paxtachilik, shuningdek, qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishlarida eng samarali va foydali tizim boʻlib, undan mahsulot yetishtiruvchilar – dehqon va fermerlardan tortib, qayta ishlovchilargacha barcha birdek manfaat koʻrmoqda.
Qolaversa, paxta mavsumi ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlanishida hamda oilasiga qoʻshimcha daromad kelishida muhim vosita boʻlmoqda.
4-sektor rahbari Aydos Seyitov barcha terimchilarga sogʻlik-salomatlik hamda kuch-gʻayrat tiladi. Ilgʻor va sergʻayrat terimchilarning mehnatlarini eʼtirof etib, ularni qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi.

Taʼkidlash kerakki, paxta terimi mavsumida terimchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani, jumladan, dala boshida issiq ovqat va choy tashkil etilgani, ilgʻor terimchilar doimiy ravishda ragʻbatlantirilib borilayotgani, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi, terim pullarining oʻz vaqtida, kunlik hisob-kitob qilib borilayotgani paxtakorlarga yanada kuch-gʻayrat bagʻishlamoqda.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶