32 NAFAR YoShLARGA SUBSIDIYa ASOSIDA MEHNAT QUROLLARI TOPShIRILDI
Mamlakatimizda jamiyat hayotida ayollar va yoshlarning rolini oshirish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada yangi tizim oʻrnatilib, ayollarni ijtimoiy, huquqiy qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji, ishtiyoqi bor ayollar, yoshlar uchun “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” joriy etildi. Endilikda har bir mahallada tuman, shahar va viloyat kesimida “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati shakllantirilgan “Temir daftar”lar alohida yuritilmoqda va ular bilan tizimli, manzilli ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu ayollar va yoshlar bilan ishlashda, ularni faol hayotga jalb etishda muhim asos boʻlmoqda.
Ushbu yoʻnalishda mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari maʼsullar bilan uyma-uy yurish orqali ishsiz, biroq ishlashga, kasb-hunar oʻrganishga ishtiyoqmand yoshlarni aniqlab, bandligini taʼminlashga, qoʻllab-quvvatlashga intilmoqda.
28-dekabr kuni Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimida ovul, mahalla fuqarolar yigʻini masʼullari, ishchi guruh aʼzolari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, oʻz daromand manbaiga ega boʻlmagan bir guruh yoshlarga kasb-hunar bilan shugʻullanishlari uchun zarur jihozlar taqdim etildi.
Tadbirda sektorlar rahbarlari, tuman Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi maʼsul xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi xodimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev ochdi va yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qizgʻin qutladi. U yakunlanayotgan yilda tumanimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, hayotiy muammolarini hal etish borasida amalga oshirilgan ishlarga keng toʻxtaldi va bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettirilishini, yurtimizda yoshlar kelajagi uchun, ularning yaxshi yashashi, kasb-hunar egallab, oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun gʻamxoʻrlik kuchaytirilishini maʼlum qildi.
Shundan soʻng ishchi guruh tavsiyasiga koʻra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tumanimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 32 nafar yoshlarga subsidiya asosida kasb faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun jihozlar topshirildi. Xususan 20 nafar ayol-qizlarga duxovka, 12 nafar yigitlarga payvandlash apparati, drel, bolgarka kabi mehnat qurollari taqdim etildi.
Shu oʻrinda ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash va doimiy daromadga ega boʻlishlarini taʼminlash uchun mehnat yarmarkalari oʻtkazilayotganini, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotganini ham taʼkidlash joiz. Amalga oshirilayotgan buningdek tizimli chora-tadbirlar yoshlarning hayotda oʻz oʻrinlarini topishlariga, oilasi farovonligini taʼminlashiga xizmat qiladi.
Yangi yil bayrami arafasida ishsiz 32 nafar yoshlarga mehnat faoliyatini boshlashlari uchun asbob-uskunalar taqdim etilgani – 32 ta oilaga quvonch, ertagi kunga ishonch olib kiradi, albatta.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶