HARBIY QISMDA OChIQ EShIKLAR KUNI OʻTKAZILDI
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam Qalqonidir” shiori ostida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burch!” mavzusida Amudaryo tumanidagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qismda 1-, 16-, 30-, 36-, 38-, 55-, 56-sonli maktablar oʻquvchi-yoshlari hamda “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari bilan birgalikda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
9-yanvar kuni boʻlib oʻtgan tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli 9202-D harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, kichik serjant Sherzod Atayev, Mudofaa ishlari tuman boʻlimi boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Zokir Saʼdullayev, Mudofaa vazirligi faxriylari va maktablarning Chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha rahbarlari qatnashdilar.
Tadbirda harbiylar tomonidan oʻquvchilarga mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng maʼlumot va tushunchalar berildi. Shuningdek, harbiy kasb masʼuliyati, mashaqqati hamda Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi keng tushuntirildi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchi Sherzod Atayev soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida harbiy sohada keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, bugun harbiylarning mardona xizmatlari tufayli yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, davlatimiz chegaralari daxlsiz, bolalar, moʻʼtabar onalar, keksalar xotirjam umrguzaronlik qilayotganini alohida eʼtirof etdi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy sohada erishilayotgan yutuqlar, davlatimiz tomonidan qilinayotgan gʻamxoʻrlik hamda askarlarga berilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berdi. Undan tashqari, zamonaviy harbiy xizmatchi qanday boʻlishi kerakligini, bilim va koʻnikmalarga ega yoshlar harbiylikka tanlab olinishini ham tushuntirdi.
Yoshlar harbiy qismda askarlarning yashash sharoiti, harbiy tayyorgarlik borasida oʻquv mashgʻulotlari jarayonlari bilan ham yaqindan tanishishdi. Harbiy qism askarlarining harbiy-texnika va jangovar qurollardan foydalanish borasidagi koʻrgazmalarini tomosha qildilar. Mudofaa tizimidagi kuch-vositalar, harbiy texnikalar, zamonaviy qurol-aslahalarni oʻz qoʻllari bilan ushlab koʻrib, taktik-texnik xususiyatlari bilan yaqindan tanishgan, qurol-aslaha bilan ishlashda dastlabki koʻnikmalarni shakllantirish imkoniga ega boʻlgan yoshlar kelgusida Vatan tinchligi va uning chegaralari daxlsizligini taʼminlash har bir mard yigitning burchi ekanligini qalban his etdilar.
Tadbir davomida oʻquvchi-yoshlar harbiylik kasbini egallash, harbiy xizmat burchini oʻtash kabilarga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etib, toʻliq javoblar oldilar. Ushbu tadbir yoshlarimizning chegara qoʻshinlari, Milliy armiyamiz va uning kuch-qudratiga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamladi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶