34-sonli maktab pedagogika jamoasi xayriya ishlarini amalga oshirdi
Bir-birovga mehr-oqibat koʻrsatish, qiyin avholda qolgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, mushkulini oson qilishga intilish – xalqimiz uchun azaliy qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun ham hayit va bayramlarda eng avvalo ana shunday mehrga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga kirib borib, koʻngli yarim, eʼtibortalab insonlar holidan xabar olinib, ularning kayfiyatlarini koʻtarishga harakat qilish har bir inson uchun odat tusiga kirgan.
Amudaryo tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 34-sonli umumtaʼlim maktabi pedagogika jamoasi tomonidan turli bayram sanalari munosabati bilan amalga oshirilayotgan xayr-ehson tadbirlaridan nafaqat maktab hududidagi oʻquvchilarning ota-onalari, balki barcha mahalla ahli ham mamnun.
Yangi yil bayrami arafasida maktab maʼmuriyati rahbariyati va pedagogika jamoasi aʼzolari toʻliq boʻlmagan oilalarda, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarda tarbiyalanayotgan hamda 34-sonli maktabda taʼlim olayotgan bir guruh oʻquvchilarning yashash sharoiti hamda kundalik oziq-ovqat isteʼmol xarajatlarining holati bilan yaqindan tanishish maqsadida ular yashayotgan xonadonlarga tashrif buyurishdi. Kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oʻquvchilar roʻyxati shakllantirilib, yangi yil bayrami arafasida bayram dasturxonlari uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berish choralari koʻrildi.
Unga koʻra, maktab maʼmuriyati va pedagogika jamoasi tashabbusi bilan yuqoridagi kabi oilalarda yashovchi bir guruh oʻquvchilar holidan xabar olinib, ularga kundalik isteʼmol oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Albatta, maktab maʼmuriyati tomonidan tashkillashtirilgan mazkur tadbirdan oʻquvchilarning ota-onalari va yaqinlari minnatdor boʻldilar.
Xalqimizga xos boʻlgan bu kabi xayr-ehson, mehr-muruvvat tadbirlari nafaqat turli bayram sanalarida, balki deyarli har oy, har haftada saxovatpesha insonlar tomonidan amalga oshirilayotgani quvonarli. Savobli ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan bobomeros oʻgit bugungi kunda xalqimiz uchun odat tusiga kirib bormoqdaki, bu albatta har bir insonning qalbiga xotirjamlik bagʻishlaydi. Xotirjamlik bor joyda esa osoyishtalik boʻladi. Osoyishtalik – farovonlikka, farovonlik – taraqqiyotga kafolatdir.
Yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” ana shunday xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlikka xizmat qiluvchi oʻzaro mehr-oqibat hamda saxovatpeshalik bilan boshlanayotgani, ayniqsa, bu kabi ezgu amallarning taʼlim maskanlaridan ildiz otayotgani yanada quvonarli. Zero, bugungi oʻquvchi – ertangi yaratuvchi, bunyodkor insonlardir. Insonni qadrlash tuygʻusi esa yosh tanlamaydi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶