YuRTIMIZDAGI TINChLIK-OSOYIShTALIK BARDAVOM BOʻLSIN!
Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik, dasturxonimizdagi toʻkinlik Yaratganning biz bandalariga koʻrsatayotgan cheksiz rahmati, yurtdoshlarimizning ezgu ishlari samarasi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Insonlarni doimo yaxshi ishga dalolat qilmoq katta-yu kichik barchaning burchidir. Ayniqsa, yoshi ulugʻ kishilarimiz pand-u nasihatlarini tinglab, amalda qoʻllab borsak, aslo adashmaymiz, hayotimiz yanada goʻzal hamda farovon boʻladi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) shuni alohida taʼkidlaydilarki, Islom dini insonga, uning dunyo va oxiratdagi hayotiga doir barcha ishlarni isloh etish va tartibga solish uchun kelgan boʻlib, din va dunyo, ijtimoiy va ruhiy hayot oʻrtasini aslo ajratmaydi.
Dunyoda savobga, yaxshilikka olib boradigan ishlar juda koʻp. Jumladan, ota-onasiga yaxshilik qilish, qoʻni-qoʻshnisiga, aka-ukasiga, qavmu-qarindoshlariga, mahalla-koʻydagi yordamga muhtojlarga, qarovsizlarga koʻmak berish singari xayrli ishlarni oʻz burchi, deb qabul qilish yuksak insoniy fazilatlardir.
Ulugʻ sahoba Jobir (r.a.) Paygʻambarimiz (s.a.v.)dan rivoyat qiladi, Ul zot: "Yaxshilik qilishning barchasi – sadaqadir" deb marhamat qilganlar. Abu Hurayra (r.a.) Paygʻambarimiz (s.a.v.)dan naql qiladilar. Ul zoti sharif aytdilar: "Tabassum bilan aytilgan chiroyli soʻz – sadaqadir".. Musulmon kishining barcha saʼy-harakatlari inson manfaatiga xizmat qilishi zarur.
Ezgulikni faqat moddiy koʻmak berish yoxud biror jismoniy yordam koʻrsatish deb tushunmaslik kerak. Zero, yaxshilikning cheki-chegarasi yoʻq. Mehrga, muruvvatga mushtoq koʻngillarni ziyorat etish ham – yaxshilik qilish, haqiqiy moʻʼminning sifatlaridandir.
Yurtimizda bahor, Navroʻzi olam tantanalari davom etayotgan ushbu kunlarda tumanimiz xalqi keng qamrovli obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirayotgani, dehqonlarimiz ezgu niyatlar bilan yerga ekinlar urugʻini sochayotgani kishi koʻngliga quvonch bagʻishlaydi. Bunday saodatli kunlar bardavom boʻlishini tilaymiz.
R.Habibullayev,
tuman "Hoji eshon bobo" jomʼe masjidi imomi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶