“HOZIRGI ZAMON 20 YoShLIK YIGIT VAQTIMGA TOʻGʻRI KELSA EDI...”
Men 1930-yilda hozirgi Toʻlqin ovulida dunyoga kelganman. Katta bobom Matkarim soʻfi, otam Abdurahmon soʻfi shu yerning eng boy odamlaridan boʻlishgan.
Elas-elas eslayman, 1934-yilda boylar quloq qilindi. Mol-mulklari ham musodara qilindi. Ular orasida otam ham boʻlgan. Oʻsha kuni menga kimdir suv toʻla qumgʻonni olib ber, deganda qumgʻonni koʻtarishga kuchim yetmagan. Shu kundan boshlab 2 nafar akam, bir opam va men otasiz oʻsdik. Qahatchilik zamoni, ishlamagan, mehnat qilmagan odam ochdan oʻlib ketaverar edi. Biz yetimlar ochdan qolmaslik uchun to tonggacha chigʻir haydar edik.
Opamni ham erta turmushga berdik. Lekin, pochchamizni xarbiy xizmatga olib ketishdi. Opamning roʻzgʻori ham biz aka-ukalarning zimmasida boʻldi. Urush bizning Vatanimizdan ancha olisda roʻy berayotgan boʻlsa-da, uning sovuq nafasi yurtimizda ham kezib yurar edi.
Bolaligimizda bolalikning gashtini, uning begʻuborligini his qilmay oʻsdik. Oʻylarimiz, fikrlashimiz, dunyoga boʻlgan koʻz qarashimiz yoshimizga nisbatan ancha katta edi. Akam nihoyatda bilimli, savodli inson boʻlganlar. 8-sinfligidan boshlab maktabda bolalarga dars bergan. Akam oʻlchovni, hisob-kitobni nihoyatda aniq olardilar. Pulni oqilona sarflashi, tadbirkorlik bilan ish olib borishlari sabab ota-onamiz yoʻq boʻlsa ham boshqalarga qaraganda ancha yaxshi yashadik.
13 yoshligimda traktor haydovchisining yonida yurib, traktor haydashga qiziqdim. Paxta dalalarida traktor haydab ancha tajribam oshdi. Tumanda birinchi toifali traktorchi boʻldim. Akalarim bilan birga kecha-kunduz mehnat qilib, halol pul topdik. Birovga bir soʻm pora bermadim, birovning haqini yemadim. Traktorchilikdan boshqa yana koʻp vazifalarda ishladim. Odamlarning duosini oldim. Peshona terimiz bilan 1947-yilda yangi uy qurdik. 1950-yilda oila qurdim. Oʻsha paytda 20 yoshda edim. Hozir umr yoʻldoshim Roziya Abdurahmonova bilan teng qarib, qarilik gashtini surayapmiz. Alloh menga baraka eshiklarini ochdi. Serfarzand, serdavlat qildi. Buning uchun behisob shukur aytaman. Bularning bari, albatta, halol mehnat qilib, halol rizq topishdan. Bir kunda traktor haydab bir sigirning pulini ham topgan kunlarim boʻldi. Ortiqcha boylik toʻplamadim. Topgan mol-davlatimni yaxshilik va xayr-saxovat yoʻlida ishlatdim. 8 nafar farzandim bor, ularning 5 nafari qiz, 3 nafari oʻgʻil. 32 nafar nevaram, 60 dan ziyod evaram bor. Chevaram Nurmuhammaddan keyin yana 3 nafar evaram ham bor. 2007-yilda katta akam bilan Haj ziyoratiga bordik. Akam mening bolalik paytimdan ota oʻrnida ota boʻlgan. Ilohim ruhlari shod boʻlsin. Momongiz bilan umr yoʻlimizning yarmidan koʻpini birga yashab oʻtdik. Hayotimiz davomida chiqargan xulosamiz shuki, halol yashab, bolalariga ham halol luqma yedirgan odamga barokat eshiklari doimo ochiq boʻladi.
Quvvat Abdurahmonov,
front orti mehnat faxriysi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶