Ayol-qizlar bandligini taʼminlash yoʻlida
Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan aholi maʼnaviyatini yuksaltirish, fuqarolarning ish bilan taʼminlanishiga koʻmaklashish, iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatlarini yuzaga chiqarish, ularni turli zararli illatlardan ishonchli himoya qilish maqsadida turli tashkilotlarda, ovul fuqarolar yigʻinlarida, taʼlim maskanlarida uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar oʻtkazilib kelinmoqda. Tashkilotning “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” nomli davlat granti loyihasi doirasida ham bu boradagi ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda.
Oʻtgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur loyiha asosida ish faoliyatini olib borayotgan tashkilot manzilli qoʻllab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan voyaga yetmaganlarni, oilalar hamda ushbu toifadagi onalarning farzandlarini Prezidentimizning yoshlar tarbiyasiga oid besh muhim tashabbusi doirasidagi tadbirlarga ham jalb qilib kelmoqda.
Tashkilot xodimlari beshinchi tashabbus doirasida manzilli qoʻllab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan xotin-qizlarning bandligiga koʻmaklashish maqsadida oʻzini-oʻzi band qilgan holda uy sharoitida mehnat qilib daromad topayotgan Boʻston mahallasida istiqomat qilayotgan ayol-qizlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Hozirgi kunda Boʻston mahallasidagi 780ta xonadonda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ayni kunda mahallada “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 45 nafar, “Temir daftar”ga kiritilgan 24 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 86 nafar fuqaro bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mahalla hududida koʻplab ishlab chiqarish korxonalari, savdo-sotiq shoxobchalari faoliyat koʻrsatmoqda. Hududda xususiy tadbirkorlik ishlari ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Mahallada yashovchi Guljon Otajonova oʻz uyida tikuv tsexi tashkil qilib, oʻz chevarlik hunarini koʻpgina yoshlarga oʻrgatib kelmoqda. Buyurtma asosida tikilayotgan har bir kiyim-boshlar va uy anjomlari, toʻy liboslari xaridorgirligi bilan chevarlarni yangi ish unumiga chorlamoqda.
Mahallaning yana bir ishbilarmon ayoli Gulchehra Sultonova esa mana oʻttiz yildirki, nonvoylik kasbini ardoqlab kelmoqda. Shu yillar ichida Gulchehra opadan hunar oʻrgangan shogirdlar soni 100 nafardan oshib ketdi. Mahalla hududida hunarmandlar, xususiy tadbirkorlar safi kun sayin koʻpayib bormoqda.
Aytish joizki, grant loyihasi ish rejasiga asosan beshta muhim tashabbusning beshinchi tashabbusi doirasida ayol-qizlarni ishga joylashtirish maqsadida uchrashuvlar tashkil qilinib, oʻzini-oʻzi band qilgan va tadbirkorlik bilan shugʻullanib, daromad topayotgan ayol-qizlarning ish tajribalari ommalashtirib borilishi natijasida tumanimizda ularning izdoshlari kun sayin koʻpayib bormoqda.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan har bir tadbirning ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borilishi omma eʼtiborini oʻziga tortib ijobiy natijalar qoʻlga kiritilmoqda.
Hozirgi kunda respublikamizning barcha joylarida boʻlgani kabi Amudaryo tumanida ham aholining, ayniqsa yoshlar va ayol-qizlarning ish bilan bandligini taʼminlashga ulkan eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz tomonidan turli qonun hujjatlari qabul qilinib, aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Uquvli, ishga layoqatli yoshlar, ayol-qizlarga davlatimiz tomonidan yordam berilib, ularga yangi tikuv mashinalari, zamonaviy ish qurollari olib berilayotgani tadbirkor va ishbilarmon ayollar safi kengayishiga zamin yaratmoqda.
Natijada ayollarning ham ish bilan bandligi taʼminlanib, ularning mehnatlari oilaning qoʻshimcha daromad manbaiga aylanmoqda.
Oʻrozali REYIMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶