"HOJI EShON BOBO" JOMʼE MASJIDINING YaNGI BINOSI FOYDALANIShGA TOPShIRILDI
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida maʼnaviyat va maʼrifat, ruhiy tarbiya maskani boʻlmish masjidlarni obodonlashtirish, tiklash-taʼmirlash ishlarini olib borish va yangi masjid binolarini bunyod etish hamda ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishdek xayrli ishlar keng koʻlamda amalga oshirilmoqda. Buni soʻnggi 4-5-yil ichida mamlakatimizda dinimiz va musulmonlar jamoati talablariga munosib 40tadan ziyod yangi masjidlar qurilib, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan ham bilish mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining “Diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun rozilik berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomiga muvofiq mamlakatimizda 300tadan ziyod jomʼe masjidlari binolari butunlay qaytadan bunyod etilib, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Yana 300dan ziyod masjidlar binolari esa joriy taʼmirlandi. Bu kabi qurilish-taʼmirlash va bunyodkorlik ishlari Amudaryo tumanida ham keng miqyosda amalga oshirilmoqda.
Xususan, soʻnggi yillarda tumanda faoliyat olib borayotgan bir nechta masjidda tiklash-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, namozxonlarning oʻz ibodatlarini emin-erkin amalga oshirishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Shuningdek, “Hoji Eshon bobo”, “Noʻgʻay Eshon bobo” jomʼe masjidlari uchun yangidan meʼmoriy loyihalar ishlab chiqilib, mazkur jomʼe masjidlarini homiylik yordamlari asosida yangidan bunyod etish ishlari oʻtgan yillarda boshlab yuborilgan edi.
Yangidan qurib bitkazilgan “Hoji Eshon bobo” jomʼe masjidi joriy yilning 12-noyabr kuni musulmonlar jamoati – masjid qavmi uchun foydalanishga topshirildi.
Qipchoq shaharchasi markazida, Amudaryoning soʻlim chap sohilida qad rostlagan yangi jomʼe masjidi majmuasi shaharchaga koʻrk va fayz bagʻishlab, shu kunning oʻzida shaharcha musulmonlari va atrof qishloqlardan ibodat uchun tashrif buyurgan aholini oʻz bagʻriga oldi.
Masjidning ochilish marosimiga bagʻishlangan yigʻilishda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Musulmonlari Qoziyoti qozisining yordamchisi Bahramaddin Rozov, tuman bosh imom-xatibi, “Yusuf Eshon bobo” jomʼe masjidi imomi Abdurahmon hoji Matsapoyev hamda Qipchoq shaharcha fuqarolar yigʻini masʼullari, “Hoji Eshon bobo” jomʼe masjidi qavmi vakillari ishtirok etishdi.
Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov barchani tumanimizning shimoliy darvozasida, soʻlim Amu sohilida, Qipchoq shaharchasiga koʻrkamlik baxsh etib, ism-sharifini aytishni istamagan qanglilik saxovatpesha tadbirkor himmati tufayli qad rostlagan yangi masjid binosi bunyod etilgani bilan samimiy tabrikladi. Shu bilan birga mustaqillik yillarida mamlakatimizda shariatimiz ahllarining dini-islom ahkomlarini ado etishlari uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratilgani, din va eʼtiqod erkinligi Konstitutsiyamiz orqali kafolatlab qoʻyilgani haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Marosim davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Musulmonlari Qoziyoti qozisining yordamchisi Bahramaddin Rozov, tuman bosh imom-xatibi, “Yusuf Eshon bobo” jomʼe masjidi imomi Abdurahmon hoji Matsapoyev va boshqalar ham soʻzga chiqishib, Amudaryo tumanidagi mavjud barcha masjidlar qavmlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar, joylardagi jomʼe-masjidlari imomlari hamda masjidlar qavmlari faollari tomonidan xalqimiz orasida olib borilayotgan maʼnaviy-ruhiy va haqiqiy islomiy tarbiyaning yaxshi yoʻlga qoʻyilgani, natijada tumanda yoshlarning turli yot gʻoya va oqimlar taʼsiriga berilish holatlari kuzatilmayotgani xususida soʻz yuritdilar.
Shundan soʻng, marosim ishtirokchilari yangi masjid binosida namozxonlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. 750 nafar namozxonlarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun moʻljallangan keng va yorugʻ ibodat ayvoni, mehrob, muazzin uchun maxsus jihozlangan peshayvon, islomiy talablar asosida bunyod etilgan zamonaviy tahoratxona, masjid maʼmuriyati uchun moʻljallangan maxsus jihozlangan xona, qabulxona, musofir yoʻlovchi-musulmonlar uchun moʻljallangan xonalar, moʻʼjaz kutubxona barchada yaratilgan imkoniyatlardan qoniqish hissini uygʻotdi.
Ayniqsa, masjid atrofida qipchoqliklar tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari tufayli “Hoji Eshon bobo” jomʼe masjidi yanada koʻrkam qiyofa kasb etganini marosim ishtirokchilari alohida eʼtirof etishdi.
Shu kunning oʻzidayoq masjid qavmi va mehmonlardan iborat namozxonlar yangi masjid binosida oʻz ibodatlarini ado etishni boshlab yubordilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶