TAZYIQ VA ZOʻRAVONLIKNING OLDINI OLIShGA QARATILGAN SEMINAR-TRENING OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, zoʻravonlikning har qanday turlariga keskin barham berish, ayniqsa, jinsiy zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga tushuntirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada taʼlim-tarbiya muassasalarida, mahallalarda, idora va tashkilotlarda oʻtkazilayotgan huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy va psixologik suhbatlar, seminar-treninglar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning 6-yanvar sanasida Amudaryo tumani MMTB tasarrufidagi 82-sonli maktabda boʻlib oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy, psixologik seminar-trening ham xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish va hayotimizda baʼzan uchrab turadigan bu kabi illatlarga keskin barham berishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Amudaryo tuman hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Goʻzal Saburova, xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo namunali tumanlararo Markazi direktori Gavhar Chimbayboyeva, Amudaryo tuman MMTB mudiri Yalgʻash Shomurodov, MMTB tashhis Markazi uslubchisi Nurbek Seytboyev, tumandagi maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarining amaliyotchi-psixologlari ishtirok etdilar.
“ Tazyiq va zoʻravonlikning turlari” mavzusidagi seminar-treningda 84-sonli maktabning amaliyotchi-psixologi Nigora Saparova, 27-sonli maktabning amaliyotchi psixologi Mavluda Toʻrayeva, 71-sonli, 12-sonli maktablarning amaliyotchi-psixologlari Shahnoza Usmonova hamda Gulnora Sharipovalar seminar-trening kun tartibidagi mavzu yuzasidan ilmiy-amaliy va nazariy mashgʻulotlar olib bordilar.
Xususan, Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 17-avgustda qabul qilingan va Senat tomonidan 2019-yil 23-avgustda maʼqullangan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati, ushbu Qonundagi asosiy tushunchalar, yaʼni zoʻravonlikning turlari haqida batafsil maʼlumotlar berdilar. Ayniqsa, jinsiy zoʻravonlik, jismoniy zoʻravonlik, zoʻravonlik, iqtisodiy zoʻravonlik, ruhiy zoʻravonlik, tazyiq boʻyicha zarur tushunchalar yuzasidan boʻlgan maʼruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, tadbir davomida tazyiq va zoʻravonlikning, jinsiy zoʻravonlikning oldini olish, jabrlanuvchining xohish-irodasiga qarshi taʼqib etish, jinsiy zoʻrlash va uning yoqimsiz oqibatlari, yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsiri, ayol-qizlarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali ularning nomusiga, nafsoniyatiga tegish kabi illatlarga barham berish borasida fikr almashuvlar ham oʻtkazildi.
Ishtirokchilar maʼsullarga, seminar-trening mashgʻulotlarini olib borgan trening-psixologlarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Barcha savollarga maʼsullar hayotiy misollar asosida tegishli javoblar berishdi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶