Huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashining yigʻilishi oʻtkazildi
2024-yil 19-yanvar kuni Amudaryo tumani Madaniyat markazi binosida huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashining tashkiliy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda sektorlar rahbarlari, tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Komiljon Aytboyev, tuman hokimi oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Goʻzal Soburova, tuman prokurori Azizbek Roʻzmetov, Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Jamoladdin Yusupov, ovul va mahallalar fuqarolar yigʻini masʼullari, tashkilotlar rahbarlari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.
Yigʻilishni tuman prokurori Azizbek Roʻzmetov boshqarib bordi.
Yigʻilishda oʻtgan yil davomida tumanda jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati keng muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, tumanda umumiy jinoyatchilik oʻtgan yilga nisbatan 3,6 foizga oshgan boʻlib, shundan “ogʻir” va “oʻta ogʻir” jinoyatlar 18,6 foizga, nomusga tegish 100 foizga, giyohvandlik moddalari muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlar 160 foizga, firibgarlik 22,2 foizga, odam savdosi 100 foizga hamda yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq jinoyatlar 25,9 foizga oshgan.
Jinoyatlarning koʻpgina qismi tumanning Doʻstlik, Gulzor, A.Navoiy, Besh tom, Chordara, Oybek, Bosuv mahallari, Oʻrta qalʼa, Kuyuk-koʻpir, Qipchoq, Qilichboy ovullarida sodir boʻlgan.
Yigʻilishda tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Jamoladdin Yusupov soʻzga chiqib, jinoyatlarni mahallalar kesimida tahlil qildi. Jumladan, jinoyatchilik darajasi boʻyicha 2023-yilda tumandagi jami 49ta mahallaning 12tasi “qizil”, 20tasi “sariq” va 17tasi “yashil” toifalarga kiritilgan.
Yigʻilishda prokuratura organlarining murojaatlar bilan ishlashga oid faoliyati ham tahlil etildi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi koʻrib chiqilib, mazkur jarayonda har ikkala tizim masʼullari tomonidan bir qator kamchilik va nuqsonlarga yoʻl qoʻyilganligi bildirildi hamda kamchiliklar tanqid ostiga olindi.
Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Komiljon Aytboyev bugungi kunda ayniqsa, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalasi yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini aytib oʻtdi. Shu maʼnoda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, idora va tashkilotlar hamda nodavlat va notijorat tashkilotlari bilan birga jamoatchilik vakillari tomonidan yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida tashkil etilayotgan targʻibot-tashviqot ishlarini yanada jonlantirish lozimligi alohida qayd etildi.
Yigʻilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha xato va kamchiliklar keng muhokama qilindi hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶