15.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
15.08.2026, 07:27
👁 3,694

Yoshlikning qadri keksayganda bilinadi

Yoshlikning qadri  keksayganda bilinadi

(Bizning musohaba)

Keksalik – pir-u badavlatlik, inson umrining hosilga kirgan davridir. Yoki nuroniy momo va bobolarimiz taʼrifida toʻxtaydigan boʻlsak, keksalikka, obroʻ-eʼtiborga, eʼzozga munosib inson sifatida bu manzilga yetishmoq ham baxt. Zero, keksalik manzilining oʻziga xos tutumlari, sir-sinoatlari, yuraklarni gupirtirib yuboruvchi quvonchlar, hatto tashvish va orzulari bor. Donishmandlar fikricha, keksalik ham bir sanʼat. Nuroniy yoshdagi otaxon va onaxonlarimiz bugungi yoshlarga pir-u badavlatlik sanʼati ila eng yaqin maslahatgoʻy, suyanchiq va doʻst sifatida yanada aziz va qadrli.

Bizning bugungi suhbatdoshlarimiz hayotning ogʻir sinovlarini oʻz aql-zakovati, uddaburonligi va mislsiz jasorati bilan yengib oʻtgan, har birining hayot yoʻli yoshlarimiz uchun chinakam dorilfununga aylangan, keksalik gashtini surayotgan otaxon va onaxonlar. Keling, yaxshisi, ularning purhikmat suhbatlariga oshno boʻlaylik, oʻzimiz uchun ibratli xulosalar chiqaraylik.

RobiyaYOʻLDOShEVA, jurnalist:

–Assalomu alaykum, avvalo davra suhbatimizga xush kelibsizlar!

"Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi va amunews.uz veb sayti jurnalistlari tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan bugungi davra suhbatimiz, oddiygina qilib aytganda, yoshlik davrida yoshlikning qadriga yetish, obroʻ-eʼtiborli inson boʻlib shakllanish,keksalik chogʻida izzat-hurmatda, koʻngil hotirjamligida hayot kechirishga zamin yaratish masalasiga bagʻishlanadi, desam xato boʻlmaydi.

Bizning ota-bobolarimiz hamisha ertangi kun tashvishi bilan yashashga, ayniqsa farzandlarining baxti-saodati haqida qaygʻurishga odatlanishgan. Bugun biz ushbu anʼanani davom ettirib, yoshlarga, farzandlarimizga yoshlikning qadriga yetish boʻyicha maslahatlar berishga harakat qilmogʻimiz kerak. Ushbu davra suhbatini oʻtkazishdan maqsadimiz ham yoshlarimizga kelgusi hayotlarida asqotadigan pand-nasihatlarni va oʻgitlarimizni berishdan iborat. "Keksalar soʻzi – aqlning koʻzi” ekanligini yoshlarimizga yana bir bor eslatishni lozim topdik.

Bekman ALLABERGANOV, "Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi:

–Gazeta va veb sayt jurnalistlarining bunday saʼy-harakatlari menga juda maʼqul boʻldi. Negaki, bu xayrli ish. Yoshlarimizning bugungi hayoti, qolaversa, ularning kelajagi haqida qaygʻurishimiz bizning, jamiyatimiz faollarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Yoshligimizda bizlar ham ota-onalarimizning, keksa nuroniylarning pand-nasihatlarini koʻp eshitganmiz. Yaratganga shukurlar boʻlsinkim, shu boisdan ham biz kam boʻlmadik. Hayotdan oʻz oʻrnimizni topdik, sabr-toqatli, insof-u diyonatli insonlar boʻlib yetishdik. Endi biz oʻz farzandlarimizning, yurtimiz yoshlarining shunday insonlar sifatida kamol topishini istaymiz.

Toʻgʻrisini aytsam, har davrning oʻziga xos urf-odatlari bor. Qolaversa, hozirgi davr yoshlari bilan bundan 50-yil avvalgi yoshlar oʻrtasida keskin farq bor-da. Esimda: qariyalar ayrim harakatlarimizni xushlamayroq gapirsalar, ichimizda yoqtirmay turardik. Baʼzan qoʻl siltab ham ketardik. Endi oʻylab qarasam, barcha davrlarda ham yoshi ulugʻ insonlarni tinglamaslik - ham odobsizlik, ham gumrohlik ekan. A. Morua ismli gʻarblik bir donishmand: "keksalik sanʼati – yoshlarga toʻgʻanoq emas, suyanchiq, raqib emas – muallim, befarq emas – hamdard boʻlish demakdir”, deb juda toʻgʻri aytgan ekan. Buni oʻzim keksayganimda his qilayapman. Agar kimningki oilasida qariyalar boʻlsa, quvonsin. Negaki, uning suyanchigʻi, ustozi va hamdardi bor.

Jongilbeka BOBOJONOVA, Mangʻit shahrining "Doʻstlik” mahallasida yashovchi xalq taʼlimi faxriysi:

–­ Yoshlik - inson hayotining oltin davri hisoblanadi. Har bir inson dunyoga kelgan paytida Alloh taolo unga hayoti uchun kerakli boʻlgan barcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Ammo shu imkoniyatlardan foydalanish har insonda har xil koʻrinishda amalga oshadi. Masalan, yaxshi tarbiya koʻrgan, kerakligicha kattalar oʻgit-nasihatlarini olgan inson yaratganning ana shu tuhfalarini toʻlaligicha oʻziga qabul qilib, umrining oxirigacha ular bilan birga boʻlib, oilasi, yaqinlari, el-yurti ardogʻida yashash baxtiga musharraf boʻladi.

Yana bir toifa insonlar boʻladi-ki, ularga yaxshi tarbiya berilmaganligi, aql oʻrgatuvchi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi insonlari yoʻqligi yoki qaysarligi sababli kattalar nasihatlariga va maslahatlariga quloq solmasligi sababli Alloh tomonidan yuborilgan imkoniyatlardan mosuvo yashashadi. Natijada ularning keksalik davri ham kishi havas qilgulik darajada boʻlmaydi.

Biz keksalar yoshlarimiz hayotida ikkinchi holatdagi ahvolning sodir boʻlishiga aslo yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Ayrim yoshlar qaysarlik qilib yomon yoʻldan qaytmasa, qariyalarning gaplariga quloq solmasa, pand-nasihatlarini qabul qilmasa, ularni mahalla va jamoatchilik yordamida toʻgʻri yoʻlga solishimiz kerak.

Biz ayniqsa katta hayot boʻsagʻasida turgan yoshlarga koʻproq eʼtibor berishimiz, ulardan nasihatlarimiz-u, oʻgitlarimizni ayamasligimiz lozim.

Koʻpchilik hollarda oila qurayotgan, ota dargohidan oʻzga, yangi uyga koʻchib oʻtayotgan yoshlar hali hayot sinovlariga tayyor boʻlmaydilar. Baʼzan ota-onaga ozor beruvchilar aynan oʻsha, hayotning arzimagan sinovlariga bardoshi yetmagan farzandlar boʻlishadi. Menimcha ularga keksa, nuroniy kishilar tomonidan oʻgit-nasihatlar berib borilsa, hayotlari izga tushib ketishi mumkin.

Menimcha, tumanimizdagi umutaʼlim va oʻrta maxsus kasb-hunar oʻquv muassasalarida qariyalar suhbati tashkil etilib, ularda yoshlikning qadriga yetish yuzasidan nasihatlar berib borilsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.

Abdukarim hoji TOʻRAYeV, "Oʻrta kalʼa” ovulida yashovchi mehnat faxriysi: – Biz ham kecha yosh edik, olov edik, yerga ursa osmonga sapchirdik. Qilayotgan har bir ishimizni toʻgʻri, deb hisoblardik. Qariyalar pand - nasihat qilsalar, quloqqa yo olardik yo olmasdik. Endi bosib oʻtgan yoʻlimizga nazar tashlab, oʻzimizcha xulosa chiqarib ham oldik, toʻgʻrimi? Nuroniy yoshga yetdik. Endi bizga atrofimizdagilarning mehr-muxabbati kerak, hurmat va eʼtibori kerak. To keksalik manzilimizga yetguncha yugurdik - yoʻrtdik. Endi, orom olgimiz, huzur-halovatda yashagimiz keladi. Biz shunga munosibmizmi? Gap mana shunda!

Bir odamni bolaligidan yaxshi bilaman: binoyiday oilaning farzandi. Erka, injiq oʻsdi. Ne istasa, ota-onasi muhayyo qildi. Hammadan oldin velosiped, mototsikl, yangi chiqqan mashinalarni mindi. Ota-ona baquvvat edi, olib beraverishdi. Hatto uylanib, bola-chaqali boʻlganida ham ota-ona panohida shohona yashadi. Bir kuni bu moddiyatlarning oxiriga yetishi, ota-ona qarib qolishini oʻylaydigan yoshga yetganida ellikdan hatlab boʻlgan edi. Ota-onasi dunyodan oʻtgach, u, toʻgʻrisi, toʻrt tomoniga qarab qoldi. Nima qilish kerak? Yeyman-ichaman, deb turgan bolalar, ularning oʻqishi, kiyim-kechagi. Tanbal oʻgʻil voyaga yetmagan oʻgʻlini yoniga olib chet davlatga ishga ketdi. Ikki yil oʻgʻli bilan ishlab, topganini Rossiya oʻrmonlarida yogʻoch qirqish paytida buyragini shamollatgan oʻgʻlini davolatishga sarfladi. Pushaymoni, dardi ichida. Har gapining birida: –"yoshligimni hoyu-havasga sovurib yuravergan ekanman, biron kasbning boshini tutmabman”, deydi afsus bilan.

Soliy SOBIROV, Mangʻit shahrinig "Beruniy” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi:

– Qarang, oʻsha odam yoshi ellikdan oʻtganida, toʻgʻrisi huzur-halovat damlariga yetdim, deganida yoshlikda qilgan xatosining jabrini tortayapti. Bunday odam uchun keksalik ogʻir yuk, katta tashvish. Yoshligida biron bir hunarni egallaganida edi, hali jismonan yetilib ulgurmagan oʻgʻli bilan Rossiya oʻrmonlarida arzimagan chaqaga yogʻoch kesib yurmasdi. Oʻzi-ku yoshligini yelga sovuribdi. Endi voyaga yetmagan oʻgʻlining ham yoshligi qadrini oyoq osti qilishni boshlabdi. Undan koʻra: "Oʻgʻlim, men qilgan xatoni sen takrorlama, oʻqi, hunar oʻrgan, oʻz yurtingda podshohlarday yashashga intil”, desin edi. Hah, noqobil ota-ya. Oʻgʻlimga yaxshi boʻlsin, desa oʻz xatosini farzandlari takrorlamasligi uchun jon koyitardi.

Ming afsuski, yashirishning hojati yoʻq. Chet davlatga chiqib, ishlab pul topaman, deb yoshi ellikdan oʻtib, oltmishni qoralab qolgan ayrim ota-onalar oʻzlari bilan farzandlarini ham ergashtirib olib ketishayapti. Ayrim yoshlar esa johil ota-onalarining qistovi bilan chet davlatlarga borib ishlashga majbur boʻlishayotgani ham sir emas. "Nima, men boqib, katta qildim, ishlasin, pul topib kelsin”, deb oʻylashadi koʻpchilik ota-onalar. Shundaylardan soʻragim keladi:

–Hey, banda, sen oʻzing farzanding uchun nima qilding? Uni oʻqitib, kasb-korli qilaoldingmi? Ertaga oʻzingga oʻxshab yoshi bir joyga borib qolganida oʻgʻil-qiziga ibrat boʻlgulik inson sifatida tarbiya berdingmi?

Afsuski koʻpchilik qariyalarimiz keksalikni minnat bilan qarshilaydilar, bu–nodonlikdir. Nodon odam uchun keksalik– ogʻir yuk, tashvish, ranj-alam. Oʻz yoshligining qadriga yetib, Alloh bergan imkoniyatlardan toʻgʻri foydalangan holda oʻz hayot yoʻlini bezab yashagan inson uchun keksalik – ganjdir.

Salima XOLBOYeVA, Mangʻit shahrinig "Yangiobod” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi:

– Toʻgʻri aytasiz, – hayot yoʻlini yaxshiliklar, ezguliklar asosiga qurgan inson hech qachon nolimaydi. Demak, u hayotidan, oʻtgan umridan rozi. Keksalik-ganj-u gavhar. Biz hali kechagina olovqalb yoshlar edik. Bugun nuroniy yoshga yetganimda oʻtgan umrimga nazar solib, yoshligimiz qanday murakkab sharoitlarga toʻgʻri kelganini koʻz oldimga keltiraman. Oʻzbekistonday jannatmakon yurtimizni chetdan turib begonalar boshqarardi. Ish yuzasidan barcha rasmiy qogʻozlarni rus tilida tayyorlardik. Barcha yoʻnalishdagi darsliklar Moskvaning ruxsati bilan tayyorlanardi. Tariximiz soxta, tilimiz kesilgan, dinimiz toptalgan, adabiyotimiz qoliplashtirilgan, erkimiz zanjirband qilingan davr bizning yoshligimiz edi, azizlar. Ana shunday sharoitda yashab ham biz oʻz yoʻlimizdan ogʻishmadik. Bugungi osoyishta, farovon davrni orzu qilib, intilib yashadik. Bugungi yoshlar uchun, yoshlik shijoatini namoyon etishlari uchun yaratib qoʻyilgan sharoitlarni qarang: Ular dunyoning xohlagan davlatida oʻqish imkoniyatiga egalar. Til oʻrganishlari, kasb-kor egallashlari uchun yaratib qoʻyilgan sharoitlarning barchasini biz yoshligimizda faqat orzu qilganmiz. Bugungi yoshlar ota-onasi bagʻrida, uyida oʻtirib dunyodagi eng nufuzli kutubxonalardan internet orqali foydalana olishlari mumkin. Ammo afsuski, koʻpchilik yoshlar bunday elektron xotirali texnologiyalardan oʻz bilimini oshirish, yangiliklardan xabardor boʻlib borish oʻrniga qayoqdagi boʻlmagʻur, boshdan-oyoq tarbiyasiz, buzgʻunchi gʻoyalar bilan toʻldirib tashlangan saytlarga kirib, oʻz ongini zaharlayotganlari achinarli.

Yoshlik – goʻzallik, gʻayrat-shijoatga, jasoratga toʻla umr fasli. Bu faslni ezguliklar, betakror goʻzalliklar bilan boyitib borgan insongina keksayganida ganj topadi. Aksincha, umrining bu davrini yelga sovursa, faqat va faqat ranj topadi, pushaymonlar girdobida qoladi.

Yoʻldosh FAYZULLAYeV, Mangʻit shahrining "Boʻston” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi:

– Sizlarning gaplaringizni tinglab oʻtirib, oʻtgan asrning olovli yillari yodimga tushdi. Bizning bolaligimiz xalqimiz boshidan kechirgan eng ogʻir, achchiq va qatagʻon yillarida kechgan. Hamma davrda ham xatolar, xato qilguvchilar, xatolarga ergashuvchilar boʻladi. Lekin ota-onasi, yaqinlari, mahallasi, el-yurtini – Vatanini sevgan inson hech qachon xato yoʻlga kirmaydi. Ikkinchi jahon urushida butun jahon,shu jumladan bizning oʻzbek halqi ham jon olib, jon berdi. Eslasam, hamon titrab ketaman: qoʻlidagi soʻnggi burda nonini barchaga teng boʻlgan, kelinlik sarpolarini harbiy qurol-aslaha yasash uchun pulga almashtirgan qiz-u kelinchaklarni koʻrganman. Oʻsha paytlarda xalqimiz qalbidagi Vatanga muhabbat tuygʻusi bizning gʻalabalarimizni taʼminlab turganligi rost. Biron marta ham odamlarning noliganini eshitmaganman. Shular haqida oʻylarkanman, Yurtboshimizning yangi 2015-yilga "Keksalarni eʼzozlash yili” deb nom berganlarida juda katta va betakror hikmat borligini his qildim. Chunki kechagi urush bolalari, urush davri yoshlari – bugungi keksalar. Hamma ham yosh boʻladi, keyin keksayadi. Keksayganda har kim oʻz uyining "parisi” va "farishtasi” boʻlishi uchun eng avvalo yoshlikning qadriga yetishi kerak. Men butun dunyo xalqlari fashizm balosiga qarshi erk va ozodlik uchun jang maydonlarida qon kechib yurganida ogʻirning ustida, yengilning ostida, jonini koyitmay, pana-pastqamlarda turli gʻalamisliklar qilib yurganlarni koʻrganman. Bundaylar uchun keksalik – qish fasliday azobli. Chunki bunday kimsalar yoshligini oʻz ona Vatani, el-u yurti, xalqi baxt-saodati yoʻliga baxsh etish, ezgu va xayrli ishlar qilishga sarflash oʻrniga xudbin, oʻzidan narini koʻra olmaydigan tarzda, gʻalamislarcha yashaganlari uchun xalqi koʻziga tik boqa olmaydilar. Odamlar nazaridan qochib yashaydilar.

El-yurt nazaridagi inson sifatida qarish ham bir sanʼat. Buning uddasidan chiqish uchun inson eng avvalo yoshlikning qadriga yetmogʻi kerak.

Allambergan JUMANIYoZOV, jurnalist:

­ – ­Davra suhbatimiz ishtirokchisi Jongilbeka opa ajoyib bir taklifni ­– taʼlim muassasalarida qariyalar suhbatini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu juda yaxshi taklif.

Tumanimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida keksalar, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etib, suhbatlar uyushtirilsa, qariyalar yoshlarga urush yillaridagi va undan keyingi tiklanish yillaridagi qiyinchiliklar, ocharchiliklar, mustaqillikka erishish yoʻlidagi mislsiz qiyinchiliklar, xalqimiz boshidan kechirgan azob-uqubatlar haqida gapirib, hozirgi dorilomon zamonning qadriga yetish boʻyicha nasihatlarni bersalar, qanday yaxshi boʻlardi. Bunday suhbatlar chogʻida, albatta, yoshlarga yoshlik davrining qadriga yetish borasida pand-nasihatlar ham berib borilsa, foydadan holi boʻlmasdi.

Abdukarim hoji TOʻRAYeV: – Yurtboshimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda bekorga "Qariyalar – xonadonlarimizning fayzi, farishtasi”, "Qarisi bor uyning parisi bor” degan xalqimizning hikmatli maqollarini keltirganlari yoʻq. Har bir inson keksayganida oʻz xonadonining fayzi, farishtasi va parisi boʻlib yashashi uchun, umr yoʻllari yoshlarimizga ibrat va buyuk dorilfununga aylanmogʻi uchun eng avvalo yoshligidan oʻzini isloh qilib yashamogʻi kerak. Ana shunda nuroniy yoshida oilasida, el-u yurt – ona Vatanida xurmat, eʼzoz topadi.

Salima XOLBOYeVA: –Hozirgi yoshlarimizga havas qilish kerak. Bizning oyogʻimiz yetmagan yurtlarga borib Oʻzbekiston bayrogʻini koʻklarga koʻtarib kelishyapti. Albatta, bunday yoshlarga havasimiz keladi. Bizning yoshligimizda sharoitni oʻzimiz izlardik. Hozirgi yoshlar toʻla davlat gʻamxoʻrligi bilan qamrab olingan. Xohlagancha oʻqib-izlanishi, kasb-kor egallashi, tadbirkor sifatida shakllanishi mumkin. Shunday imkoniyat va sharoitlar yaratib berilayotgan bir zamonda qulogʻiga telefonni yopishtirib, koʻcha-koʻyda, baʼzan vaqtini har xil ziyofat yoki oldi-qochdi, maʼno-mazmuni sayoz filmlar koʻrib, qoʻshiqlar (aslida qoʻshiqmi?) tinglashga sarflayotgan yoshlarga achinib ketaman. "Esiz yoshlik, esiz havoga sovurilgan vaqt”, degim keladi. Hatto shunday yoshlarga tanbeh ham berib turaman:

–Shoshil, oldingda katta hayot turibdi, oʻzingni shu hayot karvonida yoʻqotib qoʻymaslik uchun, oʻzingni anglab olish uchun shoshil! – deyman.

Robiya YOʻLDOShEVA, jurnalist:

–Hurmatli suhbatdoshlar!

Bugungi suhbatimiz orqali yoshlarimizga yoshlikning qadriga yetish yuzasidan bergan maslahatlaringiz, koʻrsatgan yoʻl-yoʻriqlaringiz ayni muddao boʻldi.

Oʻylaymizki, sizlarning hayotiy misollar orqali gapirgan gaplaringiz yoshlarimizga oʻz taʼsirini koʻrsatadi va ular yoshlik chogʻida xatoliklarga yoʻl qoʻymaslikka, kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishga, Vatani, el-yurti uchun fidoyi insonlar boʻlib yetishishga harakat qiladilar.

Davra suhbatimizdagi ishtirokingiz uchun tashakkur!

Suhbatni jurnalistlar Robiya YOʻLDOShEVA va

Allambergan JUMANIYoZOVlar yozib olishdi.
🎬 Videogalereya Barchasi →
Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda Bolalar salomatligi nazoratda: gijja kasalliklariga qarshi profilaktika ishlari davom etmoqda 13.08.2026 Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda Mustaqillikning 35 yilligiga munosib tuhfa: Amudaryoda 49 ta oilaga quvonch ulashilmoqda 10.08.2026 Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi Kuydirgi kasalligining oldini olishga qaratilgan maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi 10.08.2026 Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar Temir yoʻl sohasi faxriylari kasb bayrami munosabati bilan diydorlashdilar 06.08.2026 Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda Qoramon mahallasida elektr infratuzilmasi yangilanmoqda 06.08.2026 Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi Mehnat faxriysi, jamoat arbobi Yangiboy Rajapovning 80 yillik yubileyi nishonlandi 05.08.2026 Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi Amudaryo tumanida gʻoʻza parvarishiga bagʻishlangan koʻrgazmali dala seminari oʻtkazildi 05.08.2026 Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda Amudaryo tumanida obodonlashtirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda 05.08.2026 “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi “Inson” IHM xodimlari tomonidan “Yolgʻiz keksa” reyestriga kiritilgan fuqarolarning xonadonlarida hashar tashkil etildi 04.08.2026 Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi Amudaryoda «Ishbilarmon ayol – 2026» koʻrik-tanlovining tuman bosqichi gʻoliblari aniqlandi 04.08.2026 Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida Takroriy ekinlardan moʻl hosil olish yoʻlida 01.08.2026 Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi Amudaryo tumanida Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi 01.08.2026 Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi Amudaryo tumanida navbatdagi sayyor qabul: Aholi muammolari joyida oʻrganildi 30.07.2026 Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda Mustaqillik bayrami oldidan keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari davom etmoqda 30.07.2026 Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi Prezident qarori ijrosi: Amudaryoda qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi 30.07.2026 Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 29.07.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 22-sessiyasi toʻgʻrisida axborot 29.07.2026 Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019