YuQORI QIShLOQ MAHALLASI YoShLAR YeTAKChISINING ISh KUNLARI
Dunyo miqyosida tobora yasharib borayotgan davlatlar qatoridan joy olgan mamlakatimiz aholisining 65 foizini yoshlar tashkil etadi. Mamlakat hayotining barcha jabhalarida yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy faolligini oshirishga qaratilgan yuksak eʼtibor tufayli eng chekka hududlardagi yoshlar hayotida ham muhim oʻzgarishlar yasalayotgani eʼtiborga munosib. Biz Qilichboy mavzesidagi chekka qishloqlardan biri Yuqori qishloq mahallasi yoshlari hayoti bilan tanishish asnososida buning yaqqol guvohi boʻldik.
Mahalla fuqarolar yigʻini raisi, keksalar masalalari boʻyicha maslahatchisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli hamda yoshlar yetakchisining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli mahalla hududidagi xonadonlar xatlovdan oʻtkazilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar hayoti, ularning qiziqish va intilishlari oʻrganildi. Oʻrganishlar jarayonida yoshlar yetakchisi Xurshidbek Oʻrozboyev ularning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlar hayotiga oid hukumat Qarorlari, Prezident Farmonlarining mazmun-mohiyati yuzasidan keng tushunchalar berilib, targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida MFY hududidagi 507ta xonadonlarga birma-bir kirib borib, 1442 nafar yoshlar hayoti mufassal oʻrganildi. Samimiy muloqotlar asnosida “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” roʻyxatlarida turuvchi yoshlar, layoqatli lekin ishlash imkoni yoʻq, tadbirkorlik yoʻnalishida oʻz biznesini boshlash istagi bor-u mablagʻi yetarli boʻlmagan yoshlar, shuningdek, nogironligi bor boʻlgan imkoniyati cheklangan yoshlarning intilishlari, orzu-istaklari, shaxsiy rejalari bilan yaqindan tanishgan yoshlar yetakchisining shaxsiy ish rejalari daftarida alohida roʻyxat ham paydo boʻldi. Natijada “Yoshlar balansi”ga oid maʼlumotlar anketa-soʻrovnoma vositasida toʻliq shakllantirildi.
Bugungi kunda mahalla yoshlarining 37 nafari davlat sektorida, 20 nafari xususiy sektorda doimiy ish bilan band. 1 nafar yosh muddatli harbiy xizmat burchini ado etmoqda. 178 nafar yoshlar taʼlim sohasida, yana 20 nafar yoshlar esa rasmiy tarmoqlarda faoliyat yuritishmoqda. Norasmiy bandlar toifasiga kiruvchi 267 nafar yoshlar, 42 nafar ishsiz yoshlar, shuningdek, chet davlatlarga chiqib va ichki mehnat muhojiri sifatida oʻzlarining bandligini taʼminlagan 14 nafar yoshlar bilan doimiy muloqotlar olib borilib, mamlakatimizda mavjud boʻlgan mehnat qonunchiligi yuzasidan zarur tushuncha va tavsiyalar berib kelinmoqda.
Shunisi eʼtiborliki, mahalla yoshlarining salkam 100 nafari oliy, 656 nafari oʻrta maxsus maʼlumotga ega yetuk mutaxassislar hisoblanadi.
Mahallada “Yoshlar balansi” elektron platformasi doimiy ravishda yangilanib, mahalla yoshlari tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritib borilayotgani oʻzining ijobiy natijasini bermoqda.
Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha MFY masʼullari bilan Xurshidbek Oʻrozboyevning hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli sogʻliqni saqlash tizimida va tuman IIBda, probatsiya tarkibida xisobda turuvchi
3 nafar fuqaroning xonadonlariga borib, turmush tarzi oʻrganildi va muammolarini bartaraf etish choralari koʻrildi. Tarbiyasi ogʻir, voyaga yetmagan yoshlarning ota-onalari bilan alohida suhbatlar oʻtkazilib, tushuntirish va ogohlantirishlar berildi.
Hududdagi 8-sonli umumtaʼlim maktabining dars jarayonlariga oʻquvchilarning qatnashishi yuzasidan muntazam ravishda “Davomat” tadbiri oʻtkazilib, tarbiyasi ogʻir oʻsmirlar oʻrtasida tarbiyaviy va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Hudud boʻyicha huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini, ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlash, oʻrganish va bartaraf etish maqsadida “Hamjihatlik bor joyda jinoyatga oʻrin yoʻq!”, “Bizning mahallamizda jinoyat sodir boʻlmaydi” mavzularida xaftaning payshanba - “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida targʻibot tadbirlari tashkil etilayotgani oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.
Quvonarlisi shundaki, mahallada, 2023-yil davomida yoshlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilmadi. Kelgusida ham koʻngilsiz hodisalar yuz bermasligi, yoshlarning turli yot gʻoyalarga kirib ketishining oldini olish maqsadida taʼlim muassasalari, tungi koʻngilochar maskanlari va aholi gavjum joylar doimiy nazoratga olingan.
Shuningdek, xorijga ishlash maqsadida ketgan va yashash manziliga qaytib kelgan yoshlar oʻrtasida “Giyohvandlik - umr zavoli”, “Odam savdosi – asr muammosi” mavzularida tez-tez davra suxbatlari oʻtkaziladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari boʻyicha tuman ichki ishlar boʻlimi, davlat organlari, idora va tashkilotlar, MFY masʼullari bilan uzviy hamkorlikning yoʻlga qoʻyilgani yoshlar tarbiyasida muhim omil boʻlmoqda.
Mahallada yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini uygʻotish, yosh avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoyalashga yoʻnaltirilgan “Qalqon” guruhi shakllantirilgan.
Ushbu guruh aʼzolari bilan birgalikda huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan “Bir nuroniyga - 10 nafar yosh” tamoyili orqali tizimli ishlash maqsadida “Yuqori qishloq” mahalla fuqarolar yigʻini raisining nuroniylar masalalari boʻyicha maslaxatchisi Sh.Oʻrazmetov 10 nafar huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoshlar bilan doimiy ish olib bormoqda.
Mahalla yoshlari yetakchisining kundalik ish koʻlami yanada keng: yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan “Zakovat” oʻyinlari, sport musobaqalarini “Besh tashabbus olimpiadasi”ni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha koʻcha sardorlari bilan birgalikda yoshlar oʻrtasida targʻibot ishlari (yuzma-yuz va telegramm kanallari orqali) amalga oshirish, taʼlim-tarbiya muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash uning doimiy diqqat markazida.
Natijada 2023-yilda besh tashabbus olimpiyadasida qatnashish istagida boʻlgan 483 nafar yoshlar roʻyxatdan oʻtgan boʻlib ulardan 450 nafari besh tashabbus olimpiyadasida faol qatnashishdi.
Ayni kunlarda Xurshidbek Oʻrozboyev mahalla masʼullari bilan birgalikda 2024-yilda yoshlar oʻrtasida amalga oshiriladigan muhim vazifalar, ular hayotiga doir muammolarni tizimli hal etish maqsadida hududdagi xonadonlarga birma-bir kirib borib, yoshlar bilan muloqotlar oʻtkazish orqali tushuntirish targʻibot-ishlarini olib bormoqda. Maqsad esa bitta – mahalla yoshlarining muammolarini tizimli hal etish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish, el-yurt, ona Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini uygʻotish, huquqiy savodxonlik darajasini rivojlantirish. Ana shu ezgu maqsad yoʻlida oʻtayotgan har bir ish kuni yoshlar yetakchisi Xurshid Oʻrozboyevga masʼuliyat bagʻishlaveradi.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶