HAR BIR SOʻZI IBRAT
Odatdagidek peshin mahal ishdan qaytayotgandim. Men kesib oʻtadigan koʻcha boshida besh-olti yoshlar chamasidagi ikki bola janjallashishardi:
- Nega itarib yubording? – yigʻlamoqdan beri boʻlib hezlanardi biri ikkinchisiga.
- Men itarmadim, oʻzing menga urilib ketding, - derdi ikkinchisi.
- Yoʻq, itarding...
Bolalarni taniganim uchun ovutish maqsadida qadamimni tezlatdim. Shunda qarama-qarshi tarafdan kelayotgan bobo:
- Ha, joʻjaxoʻrozlar, nima boʻl-di? – dedi qoʻlidagi sumkasini yerga qoʻyib, bolakaylarga.
Bolalar biri-biriga gal ber-may oʻzlarini oqlashga urinishardi.
- Kimning qizlarisiz? – dedi bobo ikkovining yelkasiga ikkala qoʻlini qoʻyib kulimsiraganicha.
Bolalarga bu gap ogʻirroq botib, jim qolishdi. Bobo savolini yana takrorlagach, ulardan biri:
- Men - oʻgʻilman, - dedi pisanda bilan.
- Sen-chi?
- Menam oʻgʻil bolaman, - barmogʻini lablariga bosganicha sekingina javob berdi ikkinchisi.
- Shunda nega urushayapsizlar?
Bolalar hayron boʻlib boboga qarashdi.
- Oʻgʻil bolalar bunday arazchi boʻlmaydi. Biri yiqilsa, biri turgʻazib qoʻyadi, qoqilib ketsa, kechirib yuboraveradi. Bildinglarmi?
Bolalar bosh irgʻashdi. Ularning yonidan oʻtib ketarkanman, bir zumda bolalarni hovuridan tushirib qoʻygan boboning tadbiriga tan berdim.
- Ajoyib keksalarimiz bor-da, - deyman oʻzimga-oʻzim. – Ular nafaqat oʻz xonadoniga, balki, butun yurtimizga fayz beradi. Haligi bobo shugina aralashuvi bilan ikki murgʻak bolakayning koʻngliga yigitlik gʻururi, oriyati urugʻini ekib ketdi. Har bir soʻzi xalqimizning oʻziga xos odamiyligidan saboq beruvchi keksalarimiz omon boʻlishsin!
Dildora ABDURAHMONOVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶