Kechikkan haqiqat
Necha oylardan beri betob yotgan qarindoshini koʻrgani Nukusga, shifoxonaga ketgan Salima horib-charchab uyiga kelsa, eri hovlidagi supada sulayib yotibdi. Aftidan ulfatlari bilan ichgan boʻlsa kerak, supaga yozilgan dasturxonda qoshiq-tovoq, choynak-piyola, aroq shishalari, non-tuz – barchasi pala-partish qalashib yotar, tovoqlardagi chala yeyilgan ovqat, likopchaga terilgan shira-sharbat ustida pashshalar gʻujgʻon oʻynardi. Yoshi oltmishdan oshgan erining ichib, sulayib yotishidan asabi taranglashgan Salima kiyimlarini almashtirish uchun uyiga kirdi. Uy ichkarisiga qadam qoʻyishi bilan yuragi qinidan chiqguday, potirlab ketdi.
- Voy oʻlmasa-a-a-m! – Uning vahima aralash ovozini oʻzidan boshqa hech kim eshitmadi. Bir zum garangsib turgach, kelini Jamilani, nevaralarini, oʻgʻli Rashidjonni chaqirdi. Jim-jitlik, na uydan, na hovlidan uning chorloviga javob tariqasida biron bir sado eshitilmadi. Hayron boʻlgan Salimauyning hamma xonalariga birma-bir kirib chiqdi. Ayvonning u tarafidagi oʻgʻli bilan kelini yashaydigan ikki xona xuddi oʻgʻri urganday ivirsib yotar, xonalardagi buyumlar, mebellarning birontasi ham yoʻq edi. Faqat derazalar oldida, xonalarning u yer-bu yerida nevaralarining bir-ikkita oʻyinchoqlari, eski-tuski kiyimlari, yirtilgan qogʻoz parchalari sochilib yetar, uy huvillab qolgandi.
- Rashidjon, Rashid oʻgʻlim koʻchib ketibdi! – deya yugurib hovliga chiqdi.
Hovlidagi soʻrida eri Jumaniyoz hamon pishillab uxlab yotar, shu darajada qattiq mast boʻlgan shekilli, yuz-koʻzini pashsha talaganini ham sezmasdi.
- Hah, mening yelga sovurilgan umrim-a! – ich-ichidan oʻrtandi Salima. – Baxtiqora boʻlmasam senday piyonistaga taqdirim bogʻlanarmidi?
U umrida birinchi marta umr yoʻldoshiga tik soʻz aytgandi. Jumaniyozesa hech narsadan bexabar, mastalast uyquda.
- Turing, bolalar qayerda? – Qat-tiqqattiq siltadi u erini.
Siltovning zoʻridanmi yo ichkilikning taʼsiri susaydimi, har holda Jumaniyoz inqillab-sin-qillab uygʻondi, oʻrnidan turib oʻtirdi.
- Bolalar qayerga ketishdi? Nega ularni qoʻyib yubordingiz? – Yigʻlamoqdan beri boʻlib dedi Salima.
- A, bolalar? Ular y-yoʻqmi?
Aftidan eri hech narsadan bexabarga oʻxshardi. Salima tutaqib ketdi.
- Umr boʻyi ichasiz, hech toʻymaysiz. Meni adoyi-tamom qildingiz-ku? Siz tengilar besh vaqt namoz oʻqib, tomorqasini gullatib oʻtiribdi. Siz boʻlsangiz, el-yurtdan olisda, atrofingizga qalangʻi-qasangʻilarni yigʻib olib, topganingizni sovurishdan nariga oʻtmaysiz.
- Oʻch-chir! – Jumaniyoz mushti bilan supani chunonam urdi-ki, zarbning qattiqligidan dasturxon yuzasidagi idishlar bir-biriga tegib, sharaqlab ketdi.
Erining vajohatini koʻrib, qoʻrqib ketgan Salima supa pastiga, yerga, oyoq ustiga oʻtirib qoldi.
- Eshitdingmi, oʻch-chir, ovozingni! – Hamon poʻpisa bilan gapirardi eri. – Nim-ma, menga oʻgʻil-qiz tugʻib berib qoyillatganmiding, kekirdagingni choʻzasan. Ketsa, ot-otamdan nari. Ketamiz, dedi, ketaver, dedim. Mangʻitga koʻchib ketishdi, ukang kelib olib ketdi. T-toʻgʻri qil-ladi. Nim-ma, oʻz bolasini men – begonaga termiltirrib qoʻysinmi?
Salimaning oyoq-qoʻli, butun vujudida qaltiroq turdi. Hushi boshidan uchib, talmovsirab, oʻtirgan joyida gavdasini tutib turolmay, yerga uzala tushib yotib oldi. Uning bu holatini supada oʻtirib kuzatib turgan eri xoxolab kulib yubordi.
- Ha, joning achidimi? Joning achimasin, kampir, - dedi surbetlarcha. – Undan koʻra, bor, Samadning doʻkonidan bir baklashka pivo olib kel. Ikkalamiz ichamiz.
- Nima? – Salima "endi men sizga oʻyinchoq, yugurdak boʻlaymi?”- demoqchi boʻldi-yu chala mast, piyonista eriga gap aytib, baraka topmasligini bilib, indamadi. Bor alamini ichiga yutib, oʻrnidan turishga intildi...
***
... Jumaniyoz ovulning eng sara yigitlaridan edi. Yulduzi-yulduziga toʻgʻri kelib Salima bilan turmush qurishganlarida ularning nikohidan ikki tomon ota-onalar, qavm-u qarindoshlar quvonishgandi. Hatto havas qiluvchilardan hasad qiluvchilar koʻp boʻlgandi oʻshanda. Ahil oilaning bezagi ham, mevasi ham farzand ekan, aslida. Oradan ikki-uch yil oʻtib ham farzand koʻrishmagach, ota-onalari qistovi bilan yoshlar Toshkent shahridagi qaysidir nomi chiqqan shifokorga borib koʻrinadigan boʻlishdi. Er-xotinnitekshiruvdan oʻtkazgan shifokor opa Jumaniyozdan:
- Bolaligingizda velosiped haydaganmisiz? – deb soʻradi.
- Ha, haydaganman, - buning nima aloqasi bor, deganday ajablandi u.
- Tushunarli, - dedi shifokor opa, - har xil, katta, kichik velosipedlardan yiqilib ham turgansiz-a?
Jumaniyoz kulib yubordi.
- Axir bu tabiiy hol-ku!
Shifokor boshqa savol bermadi. Salimani chaqirib, alohida xonada yotigʻi bilan tushuntirdi:
- Siz boshqa turmush qursangiz, haliyam kech emas, farzand koʻrishingiz mumkin. Ammo eringizdan farzand koʻrolmaysiz. U kishi bolaligida yoshiga nomunosib, kattalar velosipedini haydash natijasida qattiq shikastlangan. Vaqtida davolanmagan. Oqibatda esa...
Shifokor opa ikkalasini bir joyga qoʻyib, ahvolni tushuntirmoqchi boʻlganida Salima Jumaniyozning koʻngli sinishini aytib, rozi boʻlmadi. Bu sirni hech kimga, hatto ota-onasiga ham bildirmaslikka qaror qildi.
– Hammasi yaxshi boʻlarkan, - dedi eriga.
Eri ham shifokor opaning nega alohida gaplashganiga qiziqmadi. Yaxshi umidlar bilan yana 5-6-yilni oʻtkazib yuborishdi. Tengdosh joʻralarining oʻgʻil toʻy-laridan yuragi xijil boʻlib qaytadigan eri asta-asta ichishni boshladi. Tengqurlaridan oʻzini olib qochadigan boʻldi. Shunday kunlarning birida, ona – baribir onada, Salimaning tinchligini oʻylagan ota-onasi qizi bilan kuyovini uyiga chaqirdi. Mehmondorchilik yakunida Salimaning onasi ehtiyotkorlik bilan gap boshladi.
- Tuqqaningdan koʻrasanmi, boqqaningdanmi, Alloh inʼom etgan bari yaxshilik yoʻlingda, bolam, - dedi Jumaniyozga yuzlanib. - Sobirboyning ayoli yukli, bir oʻgʻil, bir qizi bor, xudoga shukur. Homilasi eson-omon tugʻilsa, Salimaning etagiga solishni oʻylab qoʻydik.
Oraga jimlik choʻkdi. Oz fursatdan soʻng Jumaniyoz oʻngʻaysizlanib, oʻrnidan qoʻzgʻala boshladi.
- Tagʻin oʻzlaring bilasanlar, - dedi noqulay ahvolda qolgan onaizor.
Shu kuni er-xotin jimgina uyga qaytishdi. Jumaniyoz ham, Salima ham tun boʻyi uxlashmadi. Tongga yaqin Jumaniyoz turib, chekdi. Soʻng yelkalari silkinib-silkinib yigʻladi. Salima ich-ichidan ezilib ketdi.
- Sali, - dedi eri astagina, - "Gulshan” sihatgohidagi doʻxtir opa senga nima degandi?
Salima dovdirab qoldi:
- H-hammasi yaxshi boʻladi, degandilar.
Jumaniyoz ogʻir xoʻrsindi.
- Kel, Sobirboyning ayoli tugʻsa, bolasini oʻzimiz olamiz, - dedi ovozi qaltirab.
***
Uylariga chaqaloqolib kelishgan kun ular uchun eng baxtli kun boʻldi. Chaqaloq ulgʻaygan sari hayotlarida yangi-yangi quvonch sahifalari ochildi. Rashidjon birinchi kulib qaraganida, emaklay boshlaganida, pildirab yurib ketganida er-xotin qayta tugʻilganday yasharishdi. Jumaniyoz ichishni batamom tashlab, vaqt topdim, deguncha uyiga shoshadigan boʻldi.
Hammasi Rashidjonning sunnat toʻyidan boshlandi. Biri olib-biri qoʻyib "qutlugʻ boʻlsin” aytishayotgan joʻralaridan biri:
- Hay, joʻralar, qaranglar-ay, - dedi mikrofonda, - Joʻramning oʻgʻli oʻziniki boʻlmasayam Jumakaga oʻxshab ketadimi?! – desa boʻladimi?
Davraboshi noqulay holatga tushib, davraga munosib soʻz topolmay turib qoldi. Birov kuldi, birov farosatsiz "joʻra”ga qarab boshini chayqadi. Bu holatdan oʻzicha xulosa chiqarganlar Jumaniyozga achinib qarashdi. Shu kuni Jumaniyoz boʻkib qolguncha ichdi. Toʻyning ertasiga bosh ogʻrigʻini bosish uchun ichdi. Ikki-uch hafta surunkasiga ichgan Jumaniyoz ichmasa, turolmaydigan boʻlib qoldi. Bir kuni negadir ishdan uyga ichmay qaytdi. Bundan Salima quvondi. Endi 1-sinfga borgan Rashidjon dadasiga erkalandi:
- Shahzod joʻramning oyisi qiz uka olib kelibdi, biz ham chaqaloq olib kelaylik, - dedi Jumaniyozning boʻynidan quchib.
Er-xotin bir-biridan koʻzlarini olib qochib, yer chizib qolishdi. Ammo bolakayning tilagi ijobat boʻldimi yo bu kemtik koʻngillarga Allohning nazari tushdimi, kechqurun uylariga Xitoy qishlogʻida yashovchi uzoq qarindoshlaridan biri kirib keldi:
- Kelinni tugʻruqxonaga olib kelgandik, ahvoli ogʻir, sariq kasalligiga chalingan ekan, bilmabmiz, - dedi gʻamgin.
Hammalari tugʻruqxona hovlisida tong ottirishdi oʻsha tun. Kelin tugʻruqdan soʻng ikki kun behush yotdi. Shifokorlarning jon kuydirishlari naf bermadi, vafot etdi. Chaqaloq onasiz qoldi. Shu kuniyoq Salima chaqaloqni oʻziga olib qolish niyatini tugdi diliga.
- Berarmikan? – Jumaniyozning ham koʻnglida ilinj bor edi. Katta yoshdagi qarindoshlar oʻrtaga tushib, chaqaloqni ularga olib berishdi.
- Ikkala qizchasi bor edi, - dedi kelinning onasi yigʻlab, - uchinchisining peshonasiga ayriliq yozilgan ekan, men roziman.
Chaqaloqning otasi ham farzandining kelajagini oʻyladimi, rozi boʻldi.
Qizchani oʻz nomlariga rasmiylashtirib, farzandlikka olishdi, baxtli-saodatli, mehr-oqibatli boʻlsin, deb Mehribon ismini berishdi.
Mehribon maktabga chiqadigan yili Jumaniyozning bir tengqurining oʻgʻli institutga oʻqishga kirdi. Hammalari tabriklagani borishdi. Chiroyli oʻtirish boʻldi. Tarqalishayotgan paytda yana bir farosatsiz joʻrasi:
- Hay, Jumaka-yey, sening ham xotining boshqalarning etagiga yopishmay, vaqtida oʻzi tugʻib berganida, oʻgʻling talaba boʻlardi-ya! – dedi boshini chayqab.
Uning bu gapi Jumaniyozga haqoratdek tuyuldi.
- Nima deding? – Tugilgan mushtini havoda aylantirib joʻrasiga hezlandi u.
- E-ey, qoʻy-ye, uyalmaysanmi joʻra, toʻgʻrisini aytdim-da yo oʻzimdan biron gap qoʻshdimmi? – boʻsh kelmadi joʻrasi.
Jumaniyozning battar qoni qizidi. Kuchli qoʻllari bilan joʻrasini boʻgʻa boshladi. Vaziyatning bunday tus olishini kutmagan doʻstlari ularni bir-biridan zoʻrgʻa ajratib qoʻyishdi...
***
Bolalarining kelajagini oʻyladimi yo oʻzining tinchliginimi, har holda mayda gap-soʻzga tobi yoʻq Jumaniyoz bir kuni dabdurustdan:
- Sali, tugunlaringni tuy, koʻchamiz, - dedi qatʼiy.
Salima "qayerga?” – deyishga ham ulgurmadi. Mototsiklini minib qaygadir ketgan eri oradan hech qancha vaqt oʻtmay KamAz mashinasini olib keldi. Yigʻlay-yigʻlay er izmiga boʻysungan Salima ota yurtini tark etdi. Bir kechada Mangʻitdan Qoʻngʻirotga koʻchib ketishdi. Qoʻngʻirotda ikkalasiga ham ish topildi. Biri qurilishda, biri maktabdafarrosh boʻlib ishlay boshlashdi. Joʻralaridan qattiq koʻngli qolgan Jumaniyoz 6-7-yilgacha Mangʻitga qadamini bosmadi. Bu orada Rashidjon suxsurday yigit boʻldi, kollejni, bitirdi. Mehribon esa oʻrta maktabning 7-sinfiga oʻtdi. Shunday kun-larning birida uylariga Salimaning ukasi Sobirboy mehmonga keldi. Rashidjonning kollejni tugatib, oʻz biznesini boshlayotgani uchun pochchasi bilan birga quvonib, "yuvish”di. Qattiq mast boʻlgan Sobirboy Rashidjonni quchoqlab:
- Xuddi oʻzim boʻlibsan, ota oʻgʻil! – dedi xoxolab kulgancha. – Boʻy-basting, qosh-qovogʻing, ovozinggacha dadangga, akang qa-ragʻayga tortibsan-ku, shovvoz. Aslida seni Salima opamga bermasam boʻlarkan, ammangni onam deb yuribsan, hov bola, bilasanmi shuni? Men esa oʻz oʻgʻlimni jiyanim, deb...
- Keting, togʻa! – baqirib yubordi Rashidjon, – oʻz uyim, ota-onam, buni juda yaxshi bilaman!
Hamma turgan joyida qotib qoldi. Faqat Jumaniyozgina gav-dasi chayqalib-chayqalib ulardan uzoqlashdi. Shu kundan boshlab u yana ichishni boshladi. Salimaning turmushiga ogʻu aralashdi. Eri bor alamini undan oladigan boʻldi. Tadbirkorlikka qiziqib, bankda oʻz hisob raqamini ochib, kichkinagina savdo doʻkoni tashkil qilgan Rashidjonning ham ishdan qoʻli sovidi. Oʻqiyman, dedi-yu Nukus shahriga ravona boʻldi. Birinchi yili omadi chopmadi. Tanish-bilishlariga ergashib Rossiyaga ishlagani ketdi. Bir yilga yaqin ishlab qaytgach, pedagogika institutiga oʻqishga kirdi. Rashidjon talaba boʻlgan kundan boshlab Qoʻngʻirotga kelmay qoʻydi. Qishki va yozgi taʼtillarini Xitoy qishlogʻida, togʻalarinikida oʻtkazadigan boʻldi. Mehribon kollejni tugatadigan yili Rashidjon Qoʻngʻirotga keldi. U yolgʻiz emasdi, yonida yoshgina qiz ham bor edi.
- Keliningiz, - dedi u. – Shu qizga uylanmoqchiman.
Salima qizni taniganday boʻldi.
- Qurdoshingiz Omon akaning qizi, - dedi Rashidjon. – Sobir dadam bilan Gulchehra onam sovchilikka ham borishdi.
Salima gapira olmadi. 22-yil bagʻrida avaylab oʻstirgan, bolam, deb mehrini, umrini baxshida etgan, oq yuvib, oq taragan Rashidjoni ancha oʻzgargan, begonalashganini his etdi. Koʻziga quyilib kelgan yoshni roʻmoli uchi bilan bildirmay artib Rashidjonga qaradi. Oʻgʻil esa parvoyi palak. 10 kunligidan mehr-muhabbat ogʻushida oʻstirgan onasi bu dunyoda bor-yoʻqligini xayoliga ham keltirmas, aksincha yaqinda institutni tugatishini, Sobir dadasi Mangʻitdan ish topib berishini, falon kuni nomdor toʻyxonada nikoh toʻyi boʻlishini maqtanib gapirardi. Oʻgʻlining bunchalik oʻzgarib qolishini oʻylab ham koʻrmagan Salima tamoman karaxt holga kelib qolgan, agar shu damda eshikdan Jumaniyoz bilan qizi Mehribon kirib kelmaganida bu holatda yana qancha vaqt oʻtirishi noayon edi. Uzoq vaqt bir-birini koʻrmagan ota-bolaning salomaligi ham xuddi begonalarday boʻldi. Oʻgʻli tomon mehr bilan talpingan otaning quchogʻi boʻsh qoldi. Rashidjon tirjaygancha:
- Somaykum, Jumaka, qalay endi, topilib turibdimi? – deya oʻzining tomogʻiga chertib qoʻydi.
Yer yorilmadi-yu Salima kirib ketmadi.
- Toʻyga aytib keldim, sizlarni, - degani baridan oshib tushdi.
Shu gapdan soʻng Jumaniyoz uyga kirib ketib, qaytib chiqmadi. Ming qilsa ham ona-da, Salima oʻgʻlining barcha qiligʻini koʻnglining bir chekkasiga koʻmib, kelin boʻlmish bilan Rashidjonni siyladi. Kelinga, deb yaxshi niyat bilan olib qoʻygan sarpolarini oʻrtaga uyub tashladi. Boʻlgʻusi kelin ukasi Sobirboyning xotinining singlisining qizi ekan. Demak, Rashidjonga boʻla boʻlarkan. Salima baribir ular keltirgan xabardan norozi boʻldi.
- Oʻzing yoqtirgan qiz bor edi-ku, - bazoʻr koʻnglini ochdi Salima. – Yaxshi qiz edi.
- Qoʻying-da, amma, u qizning oilasi kambagʻal, yana...
Salimaning boshi gʻovlab, Rashidning gaplari qulogʻiga ham kirmay qoldi. "Meni amma, dedimi, amma, dedimi? Amma, amma... amma...”. "Uning qulogʻiga boshqa gap kirmas, Rashidning ovozi borgan sari guldirab vujudini togʻday bosardi. Bora-bora zil-zambil tosh ostida qolayotganday nafasi qisildi, koʻz oldi qorongʻilashib, hech narsa koʻrinmay qoldi...” Salima shifoxonada oʻziga keldi. Koʻzini ochganida tepasida qizi Mehribon yigʻlab oʻtirardi. Boʻlib oʻtgan voqealarni koʻz oldiga keltirishga, eslashga urindi. Yana oʻgʻlining "amma” degan ovozi quloqlari ostida jaranglab, ingrab yubordi.
- Akang... - dedi bazoʻr qiziga yuzlanib.
- Akam, - Mehribon jimgina yerga boqdi, - akam hamma yigʻib qoʻygan sarpolaringizni, sirgʻa-uzuklaringizni olib ketdi, - dedi.
Salimaning ichida nimadir uzilganday boʻldi, yuragi qattiq ogʻridi.
- Dadam har kuni ichayapti, nega shunday qiladi? Nega bizlarning qarindoshlarimiz yoʻq, onajon, akam oʻzi kimning bolasi? Nega u sizga amma deb boshladi?
Mehribonning savollaridan battar siqilgan Salima yana hushidan ketdi. Bu safar xushiga kelganida oʻng oyogʻi bilan oʻng qoʻli oʻziga boʻysunmadi.
- Koʻp siqilavermang, - dedi hamshira qiz unga ukol qilarkan, - odamzotga hayot bir marta beriladi, opajon. Hammasini eshitdik, Mehribon desa, mehribongina qizingiz bor ekan, mehrni oʻshandan koʻring. Nima, siz siqilganingiz bilan biron narsa oʻzgarib qolarmidi?
Oʻz ahvolidan oʻzi kuyib ketgan Salimaga dalda boʻlguvchilar koʻp edi. Qoʻshnilari, Qoʻngʻirot shahriga kelib orttirgan doʻst-yoronlari uni yolgʻizlatib qoʻyishmadi. Shifokorlarning muolajalari, qizalogʻining, doʻst-yorlarining mehr-muhabbati uni hayotga qaytardi. Ammo...
Jumaniyoz ichkilikka mukka-sidan ketdi. Har kuni ichardi, ichib kelib janjal koʻtarardi. Hadeb bepusht xotin bilan yashab, yigit umri oʻtib ketganini pesh qilardi. Yoshi oltmishni qoralab qolgan Salimani doʻp-poslab uradigan boʻldi. Barcha haqoratlarga boshini egib chidab kelgan Salima oxiri chidamadi. 25-yil avval Toshkentdagi "Gulshan” sihatgohidagi davo-lovchi shifokor opa bergan tibbiy xulosani sandiqdan olib, erining oldiga tashladi-yu qizini olib Mangʻitga joʻnadi. Qarovsizlikdan huvillab yotgan ota uyini supirib-sidirib, shu yerda yashay boshladi. Avvaliga Jumaniyoz ortimdan izlab kelar, deb kutdi. Yoʻq, u kelmadi. Sa-lima ham Qoʻngʻirotga qaytib bormadi. Uylangach, Sobirboy bilan yashayotgan Rashidjon farzandli boʻlganini eshitib, dunyolarga sigʻmay qoldi Salima. Qizi bilan sovgʻa-salom, sarpo-suruqlar olib nevarasini koʻr-gani ukasinikiga bordi. Sobir-boyning ostonasidan hatlashi bilan katta janjalning ustidan chiqdi.
- Sen bolani oʻsha haromzodaga bermasligim kerak edi. – Gul-chehraning shangʻillagan ovozi olamni buzardi. - Asli dadang-ning zoti past, pastligingga bording, bola!
- Ne desangiz ham amma-onam Sizdan yaxshi edi, men ahmoqlik qildim...
Bu Rashidjonning ovozi edi. Sa-lima ostonada turib qoldi.
- Seni duo bilan oʻziga ogʻdirib olgan, maraz xotin! – jazavaga tushib nimanidir mushtlardi Gulchehra.
Endi Salima bu yerda ortiq turolmadi. Ortiga qaytdi. Uy-lariga kelguncha yigʻidan koʻz-lari shishib ketgan Salima qi-zi Mehribonni bagʻriga bosib qattiq "uh” tortdi va qiziga hayotidagi bor haqiqatni toʻkib soldi...
- Akamni hech qachon kechirmay-man, - yum-yum yigʻladi Mehribon. – Otam bilan Sizning aybingiz bizlarni boqib, katta qilga-ningizmi? Qoʻngʻirotga, otamning oldiga ketamiz yo otamni bu yerga olib kelamiz.
Mehribon aytganini qildi. Ertasigayoq onasini olib Qoʻn-gʻirotga joʻnadi. Bu orada haqi-qiy ota-onasi bilan murosaga kelolmagan Rashidjon oilasi bilan Qoʻngʻirotga qaytib kel-di. Salimaning bagʻri toʻldi. Bir muddat uyi obod boʻldi. Ammo hamma narsaga loqayd, odamovi boʻlib qolgan Jumaniyoz pen-siyasini olib faqat ichadigan boʻldi. Oilasini, Salimaday sa-doqatli umr yoʻldoshi borligini tamoman unutdi. Qaynotasining tinimsiz ichib, aljirab oʻti-rishidan bezgan kelin ikki bo-lasini olib ota-onasinikiga ketsa, oylab qolib ketadigan odat chiqardi. Ikki oʻrtada Rashidjon qiynalib ketdi. Ota-onasining issiq-sovugʻiga qa-raydigan Mehribon turmushga chiqib ketgach, roʻzgʻorning barcha ogʻir-yengil yumushlari keksayib qolgan Salimaning zimmasiga tushdi. Bolalarimni olib ke-laman, deb Mangʻitga ketgan Ra-shidjon har gal bir gap topib keladigan boʻldi:
- Keliningizga Qoʻngʻirotning havosi yoqmas ekan.
- Qaynotam ovuldan bizlar uchun yer olibdi, hovli-joy quringlar, deyapti.
Xullas, Mangʻitdan Qoʻngʻirotga kelin bilan nevaralari oʻrniga har xil gap-soʻzlar qaytadigan boʻldi. Bugun esa...
Hayotiga ozgina boʻlsa-da qu-vonch bagʻishlab turgan ikkala nevarasining "ena-enajon”lab, hovlida pildirab yurishlari koʻz oldiga kelib Salima yigʻlab yubordi. Eriga esa baribir edi. Bu erkakka oila ham, bola-chaqa ham, huzur-halovat ham ichkilikda, ichkilik ichib, hayot tashvishlarini unutib yashashdan boshqa maqsadi yoʻq, tamoman oʻzini unutgan odamga oʻxshardi.
***
Salima tugunini qoʻltiqlab yoʻl-ga chiqdi. Mangʻitga, ukasinikiga yetib kelganida quyosh allaqachon botgan, atrofga shom qorongʻuligi choʻka boshlagan edi. Qoʻrqa-pisa ostonadan hatlagan Salima bu gal ham kattagina janjalning ustidan chiqdi:
- Hov, bola, sen oʻsha alkashning tarafini olayotirsanmi? – Bu Sobirboyning ovozi edi. – Ammangga ham oʻshaning isi urgan, bir savdoyi, telba. Oʻsha telbalarga men bolamni beribman-a! Qarab tursam, sen ham qip-qizil jinnisan. Axir seni men bilan mana bu onang, Gulchehra dunyoga keltirganmiz. Oylik maoshini yigʻib Sali jin-niga berarmish. Oʻv, opam boʻlsa, boʻlaversin, xudoning qargʻishi tekkan unga...
Salimaning boshi gʻovlab ketdi. Ichkariga bosgan qadamini tort-di, iziga qaytdi. Hayotida bi-rinchi marta oʻzini oʻzi yomon koʻrib ketdi. Mangʻit koʻchalarida uzoq kezindi. Qizi Mehribon kelin boʻlib tushgan "Oʻrta qalʼa” ovuliga bormoqchi boʻldi. Negadir oyogʻi tortmadi. Quloqlari ostida ukasi Sobirboyning "Opam boʻlsa, boʻlaversin, xudoning qargʻishi tekkan unga...”, "Sali jinni”, - degan ovozi tinmay jaranglar, unga sari vujudini bosib kelayotgan xoʻrlik toshi uni tinmay ezgʻilardi.
- Yo xudoyim! – boʻgʻzini kuydirib otilib chiqqan yigʻi aralash il-tijo bilan yulduzlari porlab turgan falakka qoʻllarini choʻzdi u. – Men osiy bandangni kechir! Sen ravo koʻrmagan marhamatni men bandalardan soʻrab, xato qildimmi, Xudoyim?!
Salima ovozining boricha hoʻngrab yigʻlab, notanish yoʻl-lar bilan notanish manzil to-mon ketib borardi. Uning bu holatiga faqat Yaratganning oʻzigina guvoh edi. Uyqudagi el jabrdiyda, xoʻrlangan bu ayol qismatining ayanchli damlarini sezmas, Salima esa hamma nar-saga qoʻl siltab, zim-ziyo tun bagʻriga butun dard-u alamini toʻ-kib ketib borardi...
***
... Oradan ikki yil oʻtib, opa tahririyatga keldi:
- Hayotim izga tushmadi, qizim, - dedi u mahzungina. – Oʻz tugʻishganlarim oʻzimga yov boʻlib, bolalarimni tortib oldi. Rashid-jon meni butunlay tark etdi. Shukur, Mehribon qizim yaxshi joyga tushdi. Holimdan xabar olib turadi. Ota-onamdan qolgan eski uyni taʼmirlab, yashab yuribman. Jumaniyoz akangiz aqldan ozguncha ichadi, puli tugasa, meni izlab keladi. Nima boʻlganda ham undan boshqa hech kimim qolmadi. Axir xudo bermaganni bandasi berolmas ekan-da... uzoq jimlikdan soʻng Salima opa yana davom etdi:
- Kimga qanday, bilmadim-u, men oʻzimga oʻzim qildim. Haqiqatni vaqtida aytganimda hayotim boshqacharoq boʻlarmidi?.. Har kimga rahm-shafqat Allohdan boʻlsin ekan. Jumaniyozning koʻngli, deb oʻz koʻnglim sinib-sinib, ado boʻldi, hayotim zulmatga aylandi. Endi aqlim kirganida umrim oʻtib ketibdi, qizim.
Salima opa yoshiga nisbatan ancha keksayib qolgandi. Uni birini uch, birini oʻn kunligidan asrab olgan bolalari, ayniqsa Rashidjondan koʻrgan xoʻrliklari ezib, adoyi tamom qilgandi. Yoshligini, goʻzalligini baxsh etgan farzandidan tiriklay ajralish opani 57 yoshida munkillagan kampirga aylantirib qoʻygandi. Opa ketdi. Ketayotib:
- Mening hayotim haqida yoz, qizim, - dedi mahzungina.
Mendan atigi 5 yoshgina katta opaning "qizim”lab gapirishi, munkillab, hassaga tayangancha ketib borayotganidan yuragim uvushdi. Toki odamlar opaga oʻxshab, hayot soʻqmoqlarida qoqilib, turmush chorrahalarida iztirob chekmasinlar, dedim-u ushbu hayotiy voqeani Siz azizlar bilan baham koʻrdim.
(Foto - http://fikr.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶