AVLODLAR OLDIDA QARZDOR BOʻLMAYLIK
Yurtimizda asrlar davomida ajdodlarimizning turmushidan teran joy egallab, sayqallanib bizgacha yetib kelgan, har biri oʻziga xos maʼno va jiloga ega urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz, qadriyatlarimiz va jamiki maʼnaviy boyliklarni, bilimlarni bus-butunicha saqlab qolib, kelgusi avlodlarga yetkazish biz ota-onalarning zimmamizdagi ulkan burchimizdir.
Ammo, bu burchni ado etishda kamchiliklarimiz borday, nazarimda. Agar shunday boʻlmaganida koʻcha-koʻyda yelkalari-yu beli ochiq tor kofta, yubka, kalta shortik yo tor shim kiygan qizlarni, maykachan mashina haydashga uyalmaydigan yigitlarni har qadamimizda uchratmasdik. Boʻy yetib qolgan qizlar oʻz otalari, akalari oldida oyoqlarini bemalol ochib, kalta koʻylaklarda yurishmasdi, oʻgʻil-qizlar ota-ona nazoratini ogʻir olishmasdi, nega tergayverasiz, deb xudbinlarcha oʻz joniga qasd qilaman, deb qoʻrqitishmasdi. Ular shunday xulqli boʻlib osmondan tushmagan, yo oʻzga yurtdan kelmagan, oʻzimizning, oʻz yurtimizning bolalari!
Yoshlar tarbiyasidagi yetishmovchiliklar haqida oʻylagan odamning koʻnglini biz orqamizdan ergashib kelayotgan avlod oldidagi burchimizni toʻla bajara olayapmizmi, zimmamizda qarzimiz qolib ketmayaptimi, degan oʻylar bezovta qilaveradi, bu borada jiddiyroq oʻylab koʻrish, xatolarimizni tuzatishning aniq choralarini amalga oshirishimiz lozimligini eslataveradi.
Toʻgʻri, yoshlar kamoloti haqida gapirganimizda, gʻurur bilan sanaydigan omillarimiz koʻp. Taʼlim-tarbiya uchun mablagʻ ajratib, sharoit yaratish borasida dunyoda yetakchi oʻrinlardan biridamiz. Biroq undan oldin, bola tarbiyasida muhim rol oʻynaydigan, ular dunyoga kelib, kamolga yetayotgan maskan - oilasi koʻz oʻngimizga keladi. Chunki endi tugʻilgan goʻdakning qanday inson boʻlib voyaga yetishi shu oiladagi muhitga, tarbiyaga bogʻliq. Ota-bobolarimiz bejizga "farzand oila koʻzgusi” deyishmagan. Ota-onadan andoza olib ulgʻayadigan farzand qanday odamlarning zurriyodi ekanligini bildirib turishi shubhasiz. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, bola tarbiyasida ota-onaning zimmasidagi vazifa juda zalvorli.
Afsuski, koʻpchilik ota-onalar oʻz burchini eng avvalo oilani moddiy jihatdan taʼminlashda, deb bilishadi. Maktabda yo koʻchada biron nomaqbul harakati muhokama qilinsa, hech kimdan kam qilmay oʻstirgandim, - deyishadi. Munosib xulq-atvor yillar davomida uzluksiz shakllantirilib borilishi lozimligini oʻylashmaydi, qiziqishlariga quloq solib, har bir savoliga haqqoniy javob berish lozimligini oʻylashmaydi.
Mangʻit shahridagi oilalardan birining 19 yashar qizi tumanimizning olis hududida yashaydigan bir yigit bilan dugonasining toʻyida tanishib, bir-birini yoqtirib qolibdi. Qiz kollejni tugatgan boʻlishiga qaramay, hech bir hunari, oʻrgangan ilmi yoʻq, ishsiz. Yigit ham shu sifat, mardikorlik qilarkan. Endi shu qiz yaxshi, tinch-totuv oilalardan kelgan sovchilarga ham rad javob berayapti. Sababi toʻyda tanishgan yigitni yoqtirib qolib, telefonda gaplashib turarkan. Qizini yoʻlga solish uchun maslahat soʻrab kelgan onaga harna yordamimiz tegsa, deb mahallaning diniy maʼrifat va maʼnaviy axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi bilan birga ularnikiga kirdik. Ostona hatlashimiz bilan bechora onaizor qizining "agar boshqaga beraman desangiz, oʻzimni oʻzim osaman”, deb tahdid qilganini shipshidi pichirlab.
Choy koʻtarib, biz oʻtirgan xonaga qiz keldi. Undan yigitni qachondan beri tanishini, xulq-atvorini soʻradim. Qiz yelka qisdi. Toʻyda koʻrishgan, keyin telefonda gaplashib turishgan.
- Seni koʻrgani boshqa izlab kelmadimi? – deb soʻradim men.
- U ishda, Toshkentda, - zarda bilan javob berdi qiz "sizlarning nima ishingiz bor”, deganday oʻqrayib va oʻrnidan turib ketishga chogʻlandi.
- Oʻtir qizim, biz sening hayotingga aralashmoqchi yo boshqaga turmushga chiq, deb zoʻrlamoqchi emasmiz, - deya maslahatchi opa uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib oʻtirishga undadi.
Turmush oʻrtogʻini tanlash har bir yigit-qiz uchun juda masʼuliyatli ish ekanini, bu yoʻlda adashish – bir umr baxtsizlikka sabab boʻlishi mumkinligini, telefondagi suhbat-u, qop-qop vaʼdalar yigitning kimligini bilishga yetarli boʻlmasligini, bir qarorga kelishdan avval yaxshilab oʻylab koʻrib, ota-onasi maslahatlariga quloq solishi lozimligini tushuntirdik.
Qiz "oʻzim bilaman” deganday iddao bilan oʻrnidan turdi.
Ota-onasiga bepisand, oʻzboshimcha boʻlib ulgʻaygan qizning onasi esa bularning bari oʻzlarining tarbiyasi tufayli ekanligini oʻylab ham koʻrmadi, aksincha, faqat qizini olis qishloqqa uzatishdan qanday qaytarishni bilmay boshi qotgan.
Mening soʻz yuritganim bu voqea oilalarda farzand tarbiyasi borasidagi birgina muammo, xolos. Aslida farzandining kuni boʻyi nimalar bilan mashgʻul boʻlishiga qiziqadigan, intilishlarini ragʻbatlantiradigan, badiiy kitoblar, gazeta-jurnallar sotib olib beradigan ota-ona juda kam. Odatda oʻgʻil-qizi voyaga yetayotgan kishilar hovli-joy, shohona mebellar, qimmatbaho kiyim, taqinchoqlar uchun yelib-yuguradi, topganini misqollab yigʻadi-yu uning koʻnglida ne oʻy-xayollar bor, turmush qurishga tayyormi, deb oʻylamaydi. Oilalarda asrlar davomida shakllangan va hech qayerda yozilmagan qonuniyatlarni oʻrgatishga vaqtlari "yetmaydi”. Oqibatda esa oila qurish masʼuliyatini anglamay turmushga chiqqan qizning, uylangan oʻgʻlining hayotidagi muammolariga yechim topolmay boshlari garang boʻlaveradi.
Yaratganga shukurlar boʻlsinki, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon hayot kechirmoqda. Ozod va obod yurtimizda xalqimizning munosib turmush kechirishi, yoshlarimizning har tomonlama barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yetarli. Yaxshi kunlarimizga havas qilguvchilar bilan bir qatorda, hasad qilguvchilar, tinch-osoyishtaligimizga rahna solishga urinayotgan manfur kuchlar ham borligini nazardan qochirmasak, farzandlarimizni har jihatdan barkamol etib tarbiyalash vazifasi qanchalik dolzarb ekanligi yanada yaqqolroq koʻrinadi. Demak farzandlarimiz baxtiyor, shu elda ozod, emin-erkin yashasin, degan ota-onaning ularning taʼlim-tarbiyasiga beparvo qarashiga haqqi yoʻq. Chunki ilmli, maʼnaviyatli insonni yengib boʻlmaydi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶