TOTUVLIKDAN RANG OLGAN BAXT
Dunyoda davlatlar koʻp, el-u elatlar, millatlar koʻp. Har birining oʻz qonunlari, shart-sharoitlari, amal qiladigan urf-u odatlari bor.
Men televideniye koʻrsatuvlari, radiokanallar, vaqtli matbuot orqali hayotimizda yuz berayotgan yangiliklardan muntazam xabardor boʻlib borish asnosida dunyo xalqlarining turmush tarzi bilan mamlakatimiz xalqlari hayotini solishtirib, koʻnglim yashnab ketadi. Axir koʻz ochib, shu qutlugʻ zaminni koʻrdim, shu tuproqdan, shu musaffo havodan kuch olib oʻsdim, oʻqib, ilm oldim. Umrimning asosiy qismini oʻzim tugʻilib, oʻsgan Amir Temur nomli ovul yoshlariga tarix va geografiya fanlaridan dars berishga bagʻishladim. Tumandagi oʻqish turkman tilida olib boriladigan 25-sonli maktabda to nafaqaga chiqquncha oʻqituvchi boʻlib ishladim. Oʻzim qozoq millatiga mansub boʻlsam-da, oʻquvchilarimga turkman tilida saboq berdim.
Oilamiz esa baynalmilal oilalardan. Umr yoʻldoshim Bayramgul Nuriyeva turkman qizi. U bilan 4 qiz, 2 oʻgʻilni tarbiyalab, voyaga yetkazdik. Farzandlarimizning barchasi oʻqimishli. Katta oʻgʻlim Bektursun kimyo-biologiya fani oʻqituvchisi, Rustamjon esa boshlangʻich taʼlim boʻyicha oʻqituvchi, ikki nafar qizim ham mening kasbimni tanlashgan. Ikki qizim hamshira. Turmush oʻrtogʻim umr boʻyi fermer xoʻjaligida ishlab, nafaqaga chiqdi. Oʻndan ortiq nevaralarimiz quvonchini koʻrib, qarilik gashtini surib yashayapmiz. Turkman millatiga mansub kelinlarim, kuyovlarimning ahilligidan quvonib ketaman. Oilamizda turkman, qozoq va oʻzbek xalqlarining urf-odat va anʼanalariga alohida eʼtibor va hurmat bilan qaraladi. Toʻy-marosimlarimizni koʻrsangiz, toʻgʻrisi, havasingiz keladi. Biri-birini toʻldirib, biri-biriga uyqashib, yarashib turgan anʼana va qadriyatlar, oʻzaro hurmat va ehtirom, totuvlik maʼrakalarimizni yashnatib, koʻngillarimizni yayratib yuboradi. Bularning barchasi mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik, oʻzaro mehr-oqibat tufaylidir.
Ushbu qutlugʻ onlarda men aziz Amu elimni, qadrdon doʻst-u birodarlarimni, ildizi bir, tomiri tomirimga tutash jonajon xalqimni mustaqilligimizning shonli 25 yilligi bilan qizgʻin tabriklayman. Ilohim, tinchlik, totuvlikdan rang olgan baxtimiz, istiqlolimiz boqiy boʻlsin!
Aday TILEPOV,
faxriy oʻqituvchi, Amir Temur nomli ovul.
(Foto - http://uzbekistonovozi.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶