INSON HUQUQLARI – OLIY QADRIYaT
Mustaqillik – Oʻzbekiston xalqiga buyuk bunyodkorliklar sari yoʻl ochdi. Mustaqillikning oʻtgan yigirma besh yili mamlakatimiz xalqlari uchun chinakam yaratish, yangilanish, ijobiy oʻzgarishlar ruhida kechdi. Yigirma besh yil davomida mustaqil Vatanimiz, murakkab sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdi, milliy davlatchiligimiz barpo etilib, buyuk kelajak uchun mustahkam tamal toshlari qoʻyildi. Mustabidlik davrida toptalgan milliy anʼana va qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Erishilgan yutuqlar, olib borilayotgan izchil islohotlar taraqqiyotning oʻziga xos Oʻzbek modeli nomi bilan dunyo hamjamiyati tomonidan chuqur eʼtirof etilmoqda.
Bu – mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, manfaatlari himoyasi ustuvor ahamiyat kasb etganidan dalolatdir. Chunki oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan kundanoq Oʻzbekiston parlamentining birinchi xalqaro shartnoma sifatida ratifikatsiya qilgan eng muhim hujjati – Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi boʻldi. Ushbu xalqaro qonun hujjatida qayd etilgan barcha majburiyatlar mamlakatimizda toʻla ado etilayotgani milliy va taraqqiyparvar tadbirlar orqali oʻz ifodasini topmoqda.
Inson haqida, uning manfaatlari va ehtiyojlari haqida gʻamxoʻrlik qilgan jamiyat gullab-yashnaydi, kelajakka dadil boqadi, xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori oshadi. Demokratik printsiplarni jamiyat hayotiga singdirish, inson qadr-qimmatini va shaʼnini ulugʻlashdek ezgu tamoyillarni oʻzida mujassam etgan Bosh Qomusimizning qabul qilinishi, inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi bilan hamohang tarzda xalqimiz hayotiga tatbiq etilishi mamlakatimizda inson va fuqaro huquqlari hamda erkinliklarini himoya qilishning yuridik kafolati boʻlib qoldi. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash joizki, inson huquqlari va erkinliklariga oid xalqaro printsiplar va normalarga sodiq boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi oʻz Konstitutsiyasining uchdan bir qismidan ziyodini inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalariga bagʻishlab, ularning ustuvorligini konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlab qoʻydi. Konstituttsiyamizdagi ana shu printsipning ustuvorligi bois, 130 dan ziyod etnik guruhdan tashkil topgan xalqimiz barcha masalalarda teng huquqlarga ega.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda inson huquqlarining taʼsirchan mexanizmi yaratildi va doimiy rivojlanib bormoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 7 ta Konstitutsiyaviy Qonunlar, 16 ta Kodeks va inson huquqlariga oid 600 dan ziyod qonunlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro shartnomalarga qoʻshilgan va bu shartnomalarni amalga oshirish tufayli xalqimiz hayoti tubdan oʻzgarib borayotgani, kun sayin chiroy ochayotgan shahar va qishloqlar, obod va nurafshon xonadonlar jamolida, baxtiyor va barkamol avlod hayotida oʻz aksini topmoqda.
Endilikda mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etish, ularning amalga oshirilishini taʼminlash, himoya qilish masalalari bilan shugʻullanuvchi bir qancha tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Xususan, 1995-yilda Oʻzbekiston Parlamentining inson huquqlari boʻyicha vakili oʻz ishini boshladi. 1996 yilda Oliy Majlis huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, shu yili Inson huquqlari boʻyicha Respublika Milliy Markazi, 1997-yilda "Ijtimoiy fikr” markazi tashkil etildi.
Inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha ish olib boruvchi bu tuzilmalar Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishi bilan bogʻliq talablarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhataram Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish masalasini oʻzining oʻta muhim rahbarlik burchi deb bildi va inson huquqlarini taʼminlashning 5 ta asosiy printsipini belgilab berdi:
- inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratish:
- inson huquqlariga oid qonunchilikni xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirish:
- qonunlarga ogʻishmay amal qilish mexanizmini ishlab chiqish va ijtimoiy hayotning hamma jabhalarida qonun ustuvorligini taʼminlash:
- sud islohotlarini amalga oshirish yoʻli bilan butun sud tizimini demokratlashtirish:
- aholi, ayniqsa, yoshlar va mansabdor shaxslar, huquq-tartibot idoralari xodimlari oʻrtasida huquqiy tarbiya ishlarini tubdan yaxshilash, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish.
Ana shu beshta printsip mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida dasturilamal vazifasini oʻtamoqda va har bir Oʻzbekiston fuqarosi Bosh Qomusimiz orqali kafolatlangan huquqlaridan yuz foiz bahramand yashash baxtiga musharraf. Mamlakatimizda islom dini bilan bir qatorda 16 ta konfessiyaga oid din vakillari tinch-totuv oʻz imon-eʼtiqodlarini namoyon etish huquqlariga ega. Shuning uchun ham mamlakatimiz fuqarolarining taʼlim olish, baxtli yashash, oila qurish, yaxshi sharoitlarda mehnat qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish, chet davlatlarga sayohatga chiqish, moddiy va maʼnaviy meroslardan bahramand boʻlish, xususiy mulkka egalik qilish,... kabi barcha huquqlari daxlsiz.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda inson huquqlarini, himoya qilish, unga gʻamxoʻrlik koʻrsatish – eng oliy qadriyat sanaladi. Chunki inson – tom maʼnoda xalqni yaratuvchidir. Xalq esa mamlakatning egasi. Mmlakatning egasi baxtli boʻlsa, taraqqiy etaveradi va kuchli davlatga aylanadi.
Robiya YOʻLDOShEVA,
"Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi maxsus muxbiri.
(Foto - OʻzA)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶