EʼTIROF, EʼTIBOR, QUVONCh VA ShODLIKLAR OGʻUShIDA
Mamlakatimizda har bir bayram oʻzgacha shukuh va tantanavorlik bilan nishonlanadi. Ayniqsa, Yangi yilning kirib kelishi xalqimiz qalbiga olam-olam quvonch, xonadonlarimizga fayz, bepoyon Vatanimizga goʻzallik baxsh etadi. Har bitta koʻngilda boshlangan Yangi yil quvonchlari umumxalq shodiyonalariga ulanib ketadi.
Mustaqil Vatanimizda Yangi yilning ilk kunidanoq xalqimiz tarixga aylangan bir yilda erishgan yutuqlaridan ruhlanib, yangi rejalar, orzu-umidlar bilan yashay boshlaydi. Tahririyatimizning bugungi mehmonlari – turli sohalarda faoliyat yuritayotgan fidoyilar, ona Vatan gʻamxoʻrliklaridan bahramand boʻlib, keksalik gashtini surayotgan yurtdoshlarimiz, har jabhada oʻzligini namoyon etishga qodir yoshlarimiz ham qalblaridagi bayramona shodliklarini, yangi orzulari va tilaklarini Siz azizlar bilan baham koʻrish uchun tashrif buyurishdi.
Ilhom POLVONOV, "Adolat” SDP tuman Kengashi raisi:
– Tarixga aylangan 2016-yil, nazarimda, "Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan rejaviy ishlar, tadbirlarning xalqimiz hayotida ijobiy aks etgani bilan muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Poyoniga yetgan 2016-yilda davlatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uyushqoqlik bilan oʻtkazildi. Huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotgan xalqimiz Oʻzbekistonning kelajagi, xalq baxt-saodati uchun jonini berishga tayyor, vatanparvar, xalqparvar, fidoyi farzandini mamlakat rahbari etib sayladi. Ushbu siyosiy jarayonda "Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham oʻz saylovoldi dasturi bilan faol ishtirok etdi.
Prezidentimiz yangi 2017-yilni "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlaganlarida juda katta ramziy maʼno bor. Chunki qaysi soha rahbari boʻlishidan qatʼiy nazar, u eng avvalo xalq bilan yaqin boʻlgandagina hurmat va obroʻ topadi. Bundan rahbar ham, u rahbarlik qilayotgan jamoa ham, xalq ham birday manfaatdor boʻladi.
Xalqqa yaqin boʻlish – ezgulik tomon qadam qoʻyishdir.
Shukurulla Sherimbetov, "Jumur ovul” MFY raisi:
– Yangi yilimizning Prezidentimiz tomonidan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb nomlanishi, nazarimda, butun Oʻzbekiston xalqi dilidagi fikrday jaranglamoqda.
Tarixga aylangan 2016-yil xalqimiz uchun, shu barobarida shaxsan men uchun oʻta masʼuliyatli yil boʻldi. Tumanimiz ahli barcha sohalarda yilni katta muvaffaqiyatlar bilan yakunlashdi.
Shaxsan mening hayotimda 2016-yil oʻchmas iz qoldirdi. Mening kichkina xizmatlarim yuqori baholanib, "Mustaqillikning 25 yilligi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Oʻzim istiqomat qiladigan "Jumur ovul” mahallasi ahli fuqarolar yigʻini raisi saylovi jarayonida mening nomzodimni qoʻllab-quvvatlab, "Jumur ovul” MFY raisligiga saylashdi. 4461 nafar aholi ishonchini qozonish – zimmamga qanchalik katta masʼuliyat yuklashini his qilishning oʻzi rais sifatida katta fidoyilik talab etishini bilganim uchun xonadonma-xonadon yurib ovulahli bilan ochiq muloqotlar olib bordik. Haqiqatan ham, xalqqa yaqin boʻlish – ezgu ishlar tomon imkonlar eshigini ocharkan. Mehnatlarimiz oʻz samarasini berdi. "Jumur ovul” MFY "Eng namunali fuqarolar yigʻini” koʻrik-tanlovida tumandagi 47 ta OFY va MFYlar oʻrtasida faxrli 1-oʻrinni egalladi va mazkur koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻldi.
Mansur OʻROZBOYeV, "Kamolot” YoIH tuman Kengashi raisi:
- Avvalo, tumanimiz xalqini va qalbi qaynoq yoshlarni yangi – 2017-yil bilan chin dildan tabriklayman. Yangi yilni tumanimiz yoshlari yanada joʻshqinlik bilan, yangi orzu-istaklar bilan qarshi olishdi. Chunki oʻtgan 2016-yilda yoshlarimiz oʻzlari erishgan muvaffaqiyatlar mezonlaridan turib yanada ulugʻvor maqsadlarni koʻzlab rejalar tuzishmoqda.
Oʻtgan "Sogʻlom ona va bola yili” tumanimiz yoshlari hayotida chuqur iz qoldirdi. Buni tuman, Respublika va Oʻzbekiston miqyosida oʻtkazilgan turli koʻrik-tanlovlarda yuksak natijalarga erishayotgan yoshlarimiz misolida koʻrishimiz mumkin. Chunonchi Amudaryo maishiy xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejining "Ombudsman” jamoasi "Siz qonunni, bilasizmi?” koʻrik-tanlovida tumanda 1-oʻrinni egallab, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida gʻoliblar safidan joy olgan boʻlsa, Amudaryo akademik litseyining "Amir Temur vorislari” jamoasi "Shunqorlar” harbiy sport musobaqasida Oʻzbekiston Respublikasida 3-oʻrinni egalladi. Harbiy sport musobaqalarining "Yosh chegarachilar” bellashuvida Melioratsiya va suv xoʻjaligi kasb-hunar kollejining "Burgut” jamoasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi gʻolibi sifatida mamlakat bosqichida faol ishtirok etishdi.
Yoshlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish maqsadida oʻtkazilgan "Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” koʻrik-tanlovida oʻz biznes loyihalari bilan ishtirok etgan Muazzam Fayzullayeva, Gulnoza Asqarovalar koʻrik-tanlovning mamlakat bosqichida imtiyozli kredit olish uchun maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar. "Kamalak yulduzlari”, "Yurt kelajagi”, "Mahallaning eng orasta qizlari” koʻrik-tanlovlarining Oʻzbekiston Respublikasi bosqichlari gʻoliblariga aylangan Iroda Yerdosheva, Oltinoy Oʻrinboyeva, Muhayyo Yoʻldosheva, Izzatbek Yoʻldoshev, Asadbek Yoʻldoshevlardan umidimiz katta.
Ishonch bilan aytamanki, tumanimiz yoshlari 2017-yilda bundan-da yuksak marralarni zabt etishadi.
Tirkash AMANOV, mehnat faxriysi, Amir Temur nomliovul:
– Men avvalo, tumanimizda yashayotgan barcha millat vakillarini, aziz Amudaryo elimni kirib kelgan yangi yil bilan muborakbod etaman.
Yangi yil arafasida oilamiz bilan namunali uylardan biriga koʻchib oʻtdik. Ana imorat-u, mana imorat! Maqtanish emas, barcha qulayliklar-u shart-sharoitni aytaymi, biri-biridan shinam, yorugʻ xonalarnimi?! Joʻmraklarni burasangiz, sharillab oqib turgan issiq va sovuq suv, shahardagidan qolishmaydigan maishiy xonalar, hovlining kengligi, tep-tekis yoʻlaklar – koʻrgan koʻzni quvnatib, dilda havas uygʻotadi. "Qutlugʻ boʻlsin!” aytib eshigimizdan kirib kelgan doʻst-yoronlarim oʻzimdan ham koʻproq quvonishdi, toʻgʻrisi!
Men Oʻzbekistonday jannatmakon yurtda yashayotganimdan, shu goʻzal mamlakat fuqarosi ekanligimdan hamisha faxrlanaman.
Xadicha SIYTAKOVA, "Choykoʻl” ovuli:
– Mamlakatimizda bayramlar koʻp. Lekin Yangi yil juda boshqacha bayram. Yangi yilning ilk kunidan boshlangan quvonch va shodliklar bir yilga tatigulik ruh bagʻishlaydi odamga.
Har yili Yangi yilnioilamiz bagʻrida, farzandlar davrasida kutib olaman. Qanday yaxshi, dorilomon kunlar-a! Bunday kunlarga yetkazganiga shukur. Men hozir 85 yoshdaman. Toʻgʻrisini aytsam, umrimning eng gullagan davri – yoshligim azob-uqubatda oʻtdi. Sovetning kolxozida ayol boshim bilan qilmagan ishim qolmadi. Ketmon bilan erkaklarday yer tekislardik, ariq qazib, qoʻsh haydardik, gʻaltak arava bilan dalalarga goʻng tashir edik... Umrimiz qanday oʻtayotganini sezmasdik, hatto. Qachon, qanday bayram boʻlayotir, bilmas edik.
Mustaqillik – biz qariyalarning qadr-qimmatimizni baland qildi. eʼzoz, eʼtibor topdik. Oʻgʻlim – mulkdor, fermer, qizlarim – tadbirkor. Har birining oʻz mulki, oʻz yeri, bogʻ-rogʻi, chorvasi-yu, parrandasi bor. Eng muhimi, emin-erkinmiz, bozorlarimiz molga, omborimiz donga toʻla. Bunday toʻkinlikka faqat va faqat shukrona qilish kerak. Yangi yil barcha yurtdoshlarimizga muborak boʻlsin!
Yangi yil tilaklarini
(Foto - http://www.norma.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶