SUMALAK EMAS, QUVONCh ULAShDI
Kechki payt ishdan charchab, uyga qaytayotgandim. Endi koʻcha eshigimizga yetdim deganimda oyoq tovushini eshitib, orqamga burilib qaradim. Qaradim-u bizdan ancha narida turadigan qoʻshnimizning oʻn yoshlar atrofidagi qizalogʻi qoʻlida kosa, yugurib kelayotganini koʻrdim.
Qizaloq yengil kiyingan, bahor boʻlsa-da kunning sovugʻi ketmagan havosini pisand etmay, yuzlari qizarganiga qaramay, kulib turib:
– Oling, sumalak, onam berib yubordi, – dedi quvonchini yashira olmay.
Qizaloqning shodligi menga ham oʻtdi. Quvonganimdan oila aʼzolarimga suyunchiladim:
– Sumalak, sumalakka kelinglar!
Bu – xonadonimiz dasturxonidagi yilning birinchi sumalagi edi! Besh-olti qoʻshni yigʻilishib, endi sumalak pishirishga tayyorlanib, bugʻdoy undirayotgan edik.
Shuning uchun sumalakdan hammamiz havas bilan totdik. Negadir butun oila aʼzolarimizning kayfiyati koʻtarilib ketdi. Qizaloq xuddi uyga sumalak bilan birga quvonch ham olib kelgandek boʻldi.
Oʻylab qarasam, qadimiy Navroʻz bayrami bilan bogʻliq urf-odatlarimiz zamirida koʻp maʼnolar bor ekan, hamjihatlik, mehr-oqibat...
Asal Sobirova,Amudaryo akademik litseyi oʻqituvchisi.
(Foto: OʻzA)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶