Mehr-oqibat va totuvlikning ulugʻ tantanasi
Bu yil qish qattiq keldi. Ayozli, izgʻirinli kunlar uzoq davom etdi. Lekin xalqimizning qadimiy eng ezgu, goʻzal qadryatlarini oʻzida mujassam etgan buyuk maʼnaviy meros – Navroʻzi olam sogʻinchlari el-yurt qalbida har galgidek erta uygʻondi. Mart oyining ilk kunlaridanoq koʻpni koʻrgan aziz momo-buvilarimiz oʻziga xos urf-odat, goʻzal tutumlarni, milliy anʼanalarni mujassam etgan sumalak saylini boshlab yubordilar. Tom maʼnoda butun ahli Amuni birlashtirgan sumalak sayllari qadim Qilichboy zaminidan Nazarxon-u Qangli, Xitoy, Jumurtov, Qipchoq va “Choykoʻl”, Amir Temur nomli va “Boʻzyop” hamda goʻzal Kuyuk koʻpir-u “Toʻlqin”, Xolimbeg ovullarigacha – barcha-barchani bir shohsupa-yu, bir dasturxon atrofiga jamladi. “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida 12-mart – Xalqaro doʻstlik kuni tantanalarini shod-u xurramlik bilan nishonlagan amudaryoliklar 19-mart – erta tongdanoq uygʻonish, mehr-muruvvat, oʻzaro muruvvat va oqibat, yashnash-yasharish fasli – Bahorning barcha jozibasini oʻzida mujassam etgan Navroʻz saylini boshlab yuborishdi.
Mangʻit shahridagi Istirohat bogʻi va Markaziy oʻyingoh bu kunda xalq shodligi, hayajonli lahzalar ogʻushida yanada koʻrkamlashdi.
“Xush kelibsiz!” “Navroʻz bayramingiz muborak boʻlsin!” “Assalom Navroʻzi olam!” “Istiqlolning koʻrkisan, Navroʻz!” 2018-yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”, “Yangi kun – yangilik fasli muborak, Bobodehqonim!” kabi goʻzal, Navroʻzni sharaflovchi shiorlar bayram sayli ishtirokchilari qalblarida yaratish va yangilanish damlariga shukronalik tuygʻularini uygʻotadi.
Xushmanzara qiyofa kasb etgan Istirohat bogʻi bugun nafaqat jajji bolajonlarning, balki butun Amu elining sevimli hordiq maskaniga aylangan. Bolalar shodligining cheki-chegarasi yoʻq. Rang-barang sharlar, bahor gullari, oʻrikzorlar nafasi ufurib, kamalaklar jilolangan, charxpalaklar shovullab suv quyib turgan, dorbozlar baland dorlarda oʻz mahoratlarini namoyish qilayotgan lahzalardan bahra olib, zavqlangan bolajonlarning argʻimchoqlar shamolida shodon kulishlari, varraklar ortidan chopqillab yugurishlari – barcha-barchasi har dilga xotirjamlik baxsh etib, yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik neʼmatidan koʻngillar yuksaladi.
Bugun hamma Navroʻzi olam ogʻushida: tumanimizdagi barcha ovul va mahallalardan tashrif buyurgan xalqimiz, albatta, oʻz ovul va mahallasi xalqining turmush tarzi, bobomeros urf-odat, anʼana va udumlarini aks ettiruvchi koʻrgazmalarini bahoriy dasturxonlar bilan bezashgan. Atlas-u barqut, baxmal-u beqasam koʻrpachalar solingan supalarda oʻtirib, yoshlarga urchuqda ip yigirish, turli kiyim-kechaklar tikish va toʻqish, bahorning shoh taomi – sumalak tayyorlash, halim-u beshbarmoq, koʻk somsa-yu chalpak, iyjon-u pashmak kabi tansiq taomlarni pishirish sirlarini oʻrgatayotgan momolar, xalqona laparlar, baxshiyona oʻlanlar kuylayotgan, sayil mehmonlariga xushtavozʼe bilan egilib salom berayotgan kelinchaklar chehrasida, har bir taʼzimida oʻzbekona latofat!
Mehr-muruvvat, saxovat tuygʻularini hamisha ulugʻ tutgan tumanimiz fermerlari sayilgoh aro yasatilgan bayram dasturxonlarini oʻzlari yetishtirgan sarhil mehsulotlar bilan bezatdilar. Davralar toʻrini toʻldirgan nuroniy otaxon va onaxonlar, jajji bolajonlar fermerlar tayyorlagan Navroʻz palovlarini xush koʻrib tanovul etdilar.
Yoshlarni maʼniviyat va maʼrifatga chorlovchi Kitoblar koʻrgazmasi va kitobxonlik saylidan bahramand dillarda qulf urgan maʼnaviyat sheʼrxonlik va qissaxonlik damlarini ato etdi goʻyo.
Tinchlik, totuvlik, mehr-oqibat soʻzlarini qanotlarida olib osmon-u falakda pirpirab uchayotgan varraklar goʻyo Vatandagi ahillik, doʻstlik, azaliy qon-qarindoshlik timsollari kabi Navroʻz sayliga koʻrkamlik, qalblarga xotirjamlik va quvonch baxsh etdi.
Navroʻz sayli tantanalarida ishtirok etgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Musa Yerniyazov va tumanimiz mehmonlari xalqimizning bebaho maʼnaviy va milliy madaniyati, oʻziga xos turmush tarzi, turli sohalarda erishilayotgan yutuqlari, orzu-umid va ishonchlari aks etgan bayramona koʻrgazma bilan yaqindan tanishib, xalq bilan muloqotda boʻldilar.
Yuraklarga zavq bagʻishlovchi Navroʻz chorlovi bilan chinakkam xalq sayli boshlandi. Joʻshqin musiqa sadolari, sheʼriy tilaklar bilan boshlangan Navroʻz tantanalari tuman Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan kontsert dasturiga ulanib ketdi.
Bayram sahnasidagi serhasham supalardan joy olgan oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus va boshqa millat vakillarining urf-odat va anʼanalarini oʻzida mujassam etgan xalq oʻyinlari bayram ishtirokchilariga zavq-shavq bagʻishladi. “Ofarin” folklor-etnografik xalq ansambli karnay-surnay sadolari bilan boshlab bergan bayram tantanasida tumanimizda yashab, mehnat qilayotgan 12 millat vakillari jam boʻlib raqsga tushdilar. Bayram sahnasiga yaqin joyga tikilgan oq oʻtovlar atrofida beshtosh, chullik, langi, qocharman, chakmantosh oʻyinlari tobora qizidi. Turkman va qoraqalpoq hunarmandlari gilam toʻqish, kigiz bosish sanʼati haqidagi jirlovlari, aydimlari bilan bayram dasturini yanada boyitdilar.
Tumanimiz sportchilarining mahoratli bahslari barchaga quvonch bagʻishladi. 12 millat vakillarini jamlagan Navroʻz sayli tantanalari turli xalq oʻyinlari bilan kechgacha davom etdi.
Robiya Yoʻldosheva

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶