Gʻamxoʻrlikka javob shumi? Yoxud kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatiga bir nazar
Dunyoda...
Ona sayyoramizda umrguzaronlik qilayotgan ikki yuzdan ortiq davlatlar aholisining turmush tarzi, darajasi turlicha. Globallashuv, tezkor taraqqiyot asri, deb nomlanayotgan 21 asrda ham kurrai zaminimizning kelajagi boʻlgan bolalarga eʼtibor ham turli mamlakatlarda turlichadir. Hatto boshlangʻich taʼlim ham olmagan, toʻyib ovqat yemaslik oqibatida hayotdan bevaqt koʻz yumayotgan bolalar soni tobora ortmoqda. Oʻn millionlab bolalar taʼlim olish, qulay sharoitlarda yashash baxtidan mahrum. Birgina Afrika qitʼasida oʻqish vayozishni bilmaydigan odamlar soni Braziliya aholisi sonidan koʻp ekan.
Bugungi kunda umumiyhisobda 61 millionga yaqin bola mutlaqooʻqish va yozishni bilmas ekan. Dunyoda har yili 11 millionga yaqin bola besh yoshga yetmay halok boʻlayotir. 10 millionga yaqin bola esa ogʻir sharoitlarda yashayotgani va toʻyib ovqat yemaslik natijasida jismoniy va ruhiy bemor sifatida tabiiy rivojlanishdan toʻxtamoqda. Dunyoda...
Dunyoda... Yuragimizni larzaga soluvchi bunday ayanchli maʼlumotlarni yana koʻplab keltirishimiz mumkin. Koʻz oʻngimizda och-nahor, bolalik baxtidan mahrum norasidalar gavdalanadi. Beixtiyor "Astagʻfurulloh” deb, Oʻzbekistonday jannatmakon yurt fuqarosi ekanligingdan, bolalaring bagʻringda emin-erkin, tanqislik nimaligini bilmay ulgʻayayotganidan, taʼlim olishi, yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun hukumatimizning koʻrsatayotgan gʻamxoʻrliklaridan koʻngling togʻday yuksalib, Yaratganga qayta-qayta shukrona aytasan odam. Boisi, oʻsha savodsiz 61 millionga yaqin bolalar ham bizning bolalarimiz kabi yaxshi sharoitlarda yashashga, baxtiyor boʻlishga haqli. Ular ham siz-u bizning bolalarimizdek bola.
Bizda bolaning sogʻlom boʻlib oʻsishi uchun u dunyoga kelmasidan oldin gʻamxoʻrlik boshlanadi. Bugungi kunda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni koʻpgina mamlakatlar oʻzlariga namunaviy model sifatida qabul qilayotgani bor gap. Shuningdek bolalarning toʻlaqonli taʼlim olishi, ularning qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirish, milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz ruhida yetuk insonlar qilib tarbiyalash borasidagi ishlar ham hamma havas qilsa, arzigulik. Bular Asosiy Qonunimizda ham, boshqa qonunlarimizda ham yaqqol oʻz ifodasini topgan. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41 moddasida: "Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi”, 45-moddasida: "Voyaga yetmaganlar huquqlari davlat himoyasidadir”, Oʻzbekiston Respublikasi "Oila” Kodeksining 73-moddasida: "Ota-ona oʻz bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart. Ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligi jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishlari shart. Ota-ona bolalarining Qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada taʼlim olishini taʼminlashi shart”, deb koʻrsatilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 47-moddasida ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasining "Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasida: "Umumiy oʻrta, shuningdek, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼliminiolish majburiydir”, 30-moddasida: "Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi olishlari uchun javobgardir”, 34-moddasida: "Taʼlim toʻgʻrisida”gi hujjatlarni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar”, deyilgan.
Shu oʻrinda kelajak avlod taʼlim-tarbiyasiga, ularning bilimdon va malakali kasb-hunar egalari boʻlib voyaga yetishiga bizning mamlakatimizchalik gʻamxoʻrlik qilayotgan, mablagʻlar ajratayotgan mamlakat yoʻq ekanligini tilga olib oʻtish joiz. Hali biron mamlakat bolalar uchun Oʻzbekistondek 12-yillik bepul, uzluksiz taʼlimni zimmasiga olgani yoʻq.
Mamlakatimizda oʻtgan yilda davlat byudjetining 60 foizi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilganligi, shuning 57,5 foizi taʼlim muassasalarini saqlash va rivojlantirishga sarflanganining oʻzi taʼlim sohasiga eʼtiborning nechogʻlik yuksak ekanligini koʻrsatadi.
Ayni kunda mamlakatimizning kichik bir boʻlagi – tumanimizda 8 ta kasb-hunar kolleji va 1 ta akademik litsey bagʻrida 8564 nafar oʻquvchi-yoshlarimizning toʻlaqonli bilim olib, yetuk, malakali oʻrta boʻgʻin kadrlar boʻlib yetishishi, har bir yigit-qiz oʻz istagicha mehnat faoliyatini boshlashi yoxud oliygohlarda oʻqishni davom ettirishi uchun barcha sharoitlar muhayyo.
Bugungi kunda ularning kasb-hunarlarni puxta egallashlari, olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlab borishlari uchun yaratilgan sharoitlar, ajratilayotgan mablagʻlar - ularning oʻzlari tanlagan ixtisoslikni toʻla, mukammal egallashlari va malakali oʻrta maxsus kadrlar boʻlib yetishishlarini toʻla taʼminlay oladi. Xoʻsh, kasb-hunar taʼlimi maskanlari zimmasiga qoʻyilayotgan bugungi kun talablari ado etilayaptimi? Qay darajada? Tumanimiz koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turgan kasb-hunar kollejlari bagʻri ilmga chanqoq yoshlar bilan toʻliqmi?
Ushbu savollarga javob izlab dastlab "Amudaryo” agrobiznes kasb-hunar kollejiga tashrif buyurdik. Dars jarayonlari ketayotgan ertalabki soat 11 larda bino oldida xotirjam suhbatlashib turgan, qulogʻiga telefonini tutganicha bir chekkada oʻtirgan oʻquvchilarni koʻrib ajablandik. Biz hozir dars payti emasmidi bolalar, nega tashqarida yuribsizlar, degan savollarimizga javob ololmadik. Ayblining tizzasi qaltirar, deganlaridek kichkina yozuv daftarini ushlaganicha kollej hovlisidan chiqib ketayotgan bir yigit esa bizdan choʻchib, yuzini yashirib oʻtib ketdi.
Kollej koridorida oʻtirgan navbatchi-ustozlarni dars paytida kirib-chiqib yurgan bolalar qiziqtirmaydi, shekilli, hech narsadan xavotir olmay, bemalol yurishibdi.
Gavhar Qurboniyozovaning qoraqalpoq tili darsida partalarning baʼzilari boʻsh. Bu partalarda oʻtirib, saboq olishi kerak boʻlgan bolalar nega darsga kelmagan, degan savolimizga muallima aniq javob bera olmadi. 9-11-moliya guruhiga dars oʻtilayotgan sinfxonaga kirishimizni istamagan muallim bu yerda 2-smena oʻquvchilariga darsdan tashqari qoʻshimcha mashgʻulot oʻtilayapti, deb izoh berdi. Buning sababini sinfga kirib, partalar usti chang, oʻtirgichlar ham, oʻquvchilar ham kam ekanligini koʻrib anglaganday boʻldik. .
Biri-biridan chiroyli, issiq, zamonaviy jihozlaroʻrnatilgan sinfxonalar, amaliy mashgʻulotlar xonalarida ham afsuski sanoqligina oʻquvchilar bor.
49 ta guruhda 10 xil mutaxassislik boʻyicha kasb-hunar sirlarini oʻrganishi lozim boʻlgan 1467 nafar oʻquvchi-yoshlarning taqdiri ishonib topshirilgan kollejdagi ahvoldan toʻgʻrisi, shunchalik ham loqaydlik, oʻz ishiga masʼuliyatsizlik boʻladimi? – deya ajablandik. Darsga kelmagan-ku – kelmabdi, kelgan oʻquvchilarning daftarlarini varaqlab koʻrib, bir daftar deyarli hamma fanlar uchun umumiy ekanligini anglab, buni qanday baholashga aqlimiz yetmadi.
Kollej direktori betoblanib, kasalxonada davolanayotgani uchun bu holga izoh berishni maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Y.Norboyevdan soʻradik:
- Jami oʻquvchilarimizning 1000 nafardan ziyoditumanimizning turli hududlaridan qatnab oʻqiydi. Marshrutli transportlar qatnovi yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli olisdan keladigan oʻquvchilarimiz darsga uzluksiz qatnay olmayapti. Chunki taksilar oʻquvchilarga qimmatlik qiladi. Yotoqxonamiz 102-oʻrinlik, barcha oʻquvchilarni joylashtirish imkoniyatimiz yoʻq. Shuning uchun oʻquvchilarning davomati 80 foiz atrofida boʻlayapti. Biroq bor oʻquvchilarga bugungi kun talabi darajasida bilim berib, kasb-hunar oʻrgatishga intilayapmiz.
Direktor muovini aytgan "Oʻzselxoztexnika” korxonasida amaliyot oʻtayotgan 2 ta guruh oʻquvchilarining amaliy koʻnikmalari bilan tanishish istagimizni aytganimizda "bajonidil” dedi-yu saldan soʻng oʻquvchilar tarqalishganligini maʼlum qildi. Vaholanki, hali vaqt oʻn bir yarimlar edi. Bu xabar direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Z.Bekniyozovni ham, Y.Norboyevni ham bezovta qilmadi.
Modomiki amaliyotdagi ahvol shunday, oʻqishdagi davomat 80 foiz atrofida boʻlsa, kollejda bir yarim mingga yaqin oʻquvchi borligini inobatga olsak, bu har kuni 300 nafar atrofida oʻquvchi kasb-hunar taʼlimidan, taʼlim-tarbiyadan uzilib qolayapti, degani emasmi? Har kuni ularga fan, kasb-hunar asoslarini oʻrgatishi kerak boʻlgan ustozlar, ishlab chiqarish taʼlimi ustalari nega bundan bezovta boʻlishmaydi? Oʻquvchilarga toʻlaqonli bilim berish choralarini izlashmaydi?
Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kollejida 6 ta yoʻnalish boʻyicha 23 ta guruhda 764 nafar oʻquvchi kasb-hunar sirlarinioʻrganishayapti (hisobotlarga koʻra). Biroq biz tashrif buyurgan kun 8-12-guruhda, 9-12-guruhda, 1-12-guruhda oʻquvchilar davomati past ekan. Buxgalteriya ixtisosligi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanayotgan 6-12-guruhda falsafa darsini kuzatib, yanada "gʻaroyib” holga guvoh boʻldik. Ikki nafar qiz dars vaqtida bemalol saqich chaynab oʻtiribdi. Saqich taʼmi juda totli ekanmi, bilmadik, ishqilib bizning tashrifimiz ham ularni bu mashgʻulotdan toʻxtata olmadi. 4-12-guruhda kompyuter grafikasi darsida ham ayrim oʻquvchilar darsga qatnashmayotganiga guvoh boʻldik.
Barcha guruhlarda ham biz kuzatgan darslarda oʻquvchilar bilimi juda sayoz. Hatto koʻpchiligi oʻtgan safar qanday mavzu oʻtilganini eslashaolmaydi. Koʻpchiligi kollej kutubxonasida qanday badiiy adabiyotlar borligini ham bilmaydi, umuman badiiy adabiyot oʻqimagan. Vaholanki, yoshlarning dunyoqarashi kengayishida maʼnaviy oziq – badiiy adabiyotning roli beqiyos. Buni ularning ongiga singdirishga, kitoblar mutolaasiga qiziqtirishga muallimlarningvaqti boʻlmaganmi yo bilolmadik.
Biz suhbatga tortgan oʻqituvchilar ham, ishlab chiqarish taʼlimi ustalari ham oʻquvchilar davomatining pastligiga bahona qilib qish kunlari sovuq boʻlganligi sababli tumanimizning olis hududlaridan qatnab oʻqiydiganlarning yoʻlda qiynalayotganligini aytishdi.
Toʻgʻri, qishning qahri qattiq. Biroq ularni oʻquvchilik davri kutib ham turmaydida. Qolaversa, oʻquv dargohiga oʻgʻlini, qizini olib kelgan ota-ona qabul komissiyasi bilan bu yerdagi shart-sharoitlarni, oʻz sharoitini hisobga olib, maslahatlashgan holda oʻqishga beradi, bu boradagi ota-onalar burchlari ham tushuntiriladi. Qabul paytida oʻz zimmasidagi majburiyatlarini "ado etaman”, deb vaʼda bergan ota-ona nega soʻzining ustidan chiqmaydi?
Oʻqituvchilarga har ikkala kollejda ham darsingizda nega oʻquvchilar kam, deya savol berganimizda: "bu yogʻi bilan guruh rahbarlari shugʻullanishadi”, - deya javob berishdi. Ana xolos! Demak, kasb-hunar taʼlimi maskanidagi oʻqituvchi yo ishlab chiqarish taʼlimi ustasi sinfxonada belgilangan vaqtda mashgʻulot oʻtsa, boʻldi, qutuldi, ekanmi? Oʻz darsini har bir oʻquvchiga yetkazish, qiziqtirish, qiziqishini ragʻbatlantirish muallimning vazifasi emasmi? Bir kun dars qoldirgan bola bir kunlik oladigan sabogʻidan, amaliy mashgʻulotdan mosuvo boʻldi, degani emasmi? Kollejdagi bilimni, kasbga koʻnikmani, malakani hech bir oila farzandiga bera olmasligi tayin. Biroq farzandining kollejga muntazam qatnab, oʻquv va amaliyot mashgʻulotlariga qatnashishiga beparvo ota-onalar borligi kishini jiddiy tashvishga soladi. Bilimsiz, hunarsiz voyaga yetgan bola ertaga jamiyatga qanday foyda keltira oladi? Ularning turli zararli oqimlarga kirib ketmasligiga, ichish, chekishdek insonni tubanlikka eltuvchi odatlarga mute boʻlib qolmasligiga kim kafolat beradi? Uzoqdan qatnashga qiynalish bahonasida-ku ozmi-koʻpmi jon bor. Biroq uyi kollejdan koʻrinib turgan bir oila 3-bosqich oʻquvchisi boʻlgan oʻgʻlini Rossiya davlatiga ishga yuborib qoʻyganiga nima deysiz? Yana bir ota uyida oʻtirgan bolasiga: "oʻqishgabor, desam aytganimga yurmayapti”, - deb bahona qildi. Farzand tarbiyasiga masʼul shaxs boʻlgan onasi esa biz bilan suhbatlashishni ham oʻziga ep koʻrmay, oʻgʻlini yozgʻira ketdi. Shu oʻrinda biz oʻsha oʻquvchining ota-onasining oʻzi hali tarbiyaga muhtoj ekanligiga guvoh boʻldik.
Afsuski, farzandining taʼlim-tarbiyasiga qiziqmayotgan, oila taʼminotini oʻzi qolib farzandining yelkasiga tashlab qoʻygan oilalar bitta-ikkita emas. Agar shunday boʻlmaganida sinfxonalarda dars paytida partalarning baʼzilari boʻsh turmasdi.
Darsga borish oʻrniga telefon oʻynab, yonboshlab televizor oldida jangari filmlar tomosha qilib, vaqtini oʻtkazayotgan bolalar ertaga kim boʻlib voyaga yetadi? Nahot bu ota-onalarni tashvishga solmasa? Axir shu bolalar – kelajagimiz-ku!
– Oʻgʻli, qizi kollejimizni tugatib ketgunicha biron marta kelib bolam qanday oʻqiyapti, qanday sharoitlarda, kimlar, nimaga oʻrgatayapti? deb qiziqib koʻrmagan ota-onalar va hatto farzandingiz nega darsga bormayapti, deb borganimizda eshigini ochmay, mazasi yoʻqroq edi, deydiganlar ham bor, - deydi kuyunib direktor muovini Muzaffar Qurbonboyev.
Biz imkoniyatimiz darajasida kuzatgan ikki kollejdagi kamchiliklar boshqa kollejlarda ham yoʻq, deya olmaymiz.
Azizlar! Buni qanday baholash mumkin? Farzand taqdiriga befarqlikmi? Bizning bolalarimizning tarbiya, ilm olib, yurtimizning koriga yaraydigan, oʻz hayotini ilmi, hunari bilan nurafshon eta oladigan yetuk insonlar boʻlibvoyaga yetishi uchun davlatimizning koʻrsatayotgan cheksiz gʻamxoʻrliklariga javob shumi?
Ota-onalar! Shu kasb-hunar kollejlarini bitirib, oliygohlarga oʻqishga kirgan, oʻz mehnat faoliyatlarini boshlab yuborgan, hunari tufayli elga tanilayotgan oʻgʻil-qizlar koʻp ekanligini nahot bilmaysiz? Oʻz oʻgʻlingizning, qizingizning ham ulardek boʻlishini nahot istamaysiz?
Har ne boʻlsa, oʻtgan kun oʻtdi, uni orqaga qaytarolmaymiz.
Hech boʻlmasa endi farzandingizga teranroq nigoh bilan qarang!
Biz soʻzimiz avvalida kurrai zaminimizdagi baʼzi mamlakatlardagi bolalar hayotiga oid maʼlumotlarni bejiz keltirmadik. Va mamlakatimizdagi bolalarning yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun yaratilgan qonuniy asoslarni ham bejiz sanamadik. Istagimiz, koʻz oldingizda, davlatimiz gʻamxoʻrligida ulgʻayayotgan oʻgʻlingiz, qizingizga chuqurroq razm soling! U kelajagingiz, umringiz davomchisi! Bugun kasb-hunar muassasasi bergan taʼlim-tarbiya uning qanday inson boʻlib voyaga yetishini hal qilishini unutmang!
Oygul RAJABOVA,

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶