XOTIRA
Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga
mehr-muhabbat bilan bagʻishlayman!
Men urush koʻrmadim, urushni koʻrgan
Majruh koʻngillarning zorini koʻrdim.
Magʻrib yoʻllariga koʻzlarin tikkan,
Shahid jangchilarning yorini koʻrdim.
Oʻn sakkizda qolgan bevalar oh-u,
Faryodlarin ichib sargʻaygan tunlar.
Momolar boʻgʻzini kuydirgan yo, huv,
Quyoshin yoʻqotib qoraygan kunlar...
Koʻz oldimdan oʻtar diydiragan el,
Yoʻllarga koʻz tikib keksaygan bola.
Oʻttizga kirmayin mayrilganda bel,
Bahorni sogʻinib sargʻaygan lola...
Oʻgʻlining suratin quchoqlab oʻtgan,
Onalar sabriga guvoh boʻldim men.
Yillarni qarshilab chirqirab yotgan,
Yetim umrlarga hamroh boʻldim men.
Tarix sahfalari aro lovullab,
“Vatan!” deb oʻtlarda yonar tankchilar.
Chimildiq tortilgan uylar huvillab,
Gʻarbiy mozorlarda yotar jangchilar.
Birining ortida yo ul, qiz qolgan,
Birining tishlagan noni qoziqda.
Urush bolalari... Saksonga toʻlgan,
Hamon koʻnmay yashar taqdir – yoziqqa.
Yetmish besh yil oʻtdi. Bir inson umri,
“Bolam!” deb boʻzlagan onalar oʻtdi.
Togʻlarday ulugʻvor matonat, sabri,
Sadoqat bobida sanamlar oʻtdi.
Yuraklar tubida mislsiz alam,
Jang koʻrgan bobolar tush koʻrar. Qonli...
Armonlar tosh qotgan diydalarda nam,
Tush emas, bu asli Xotira – jonli.
Matonat qoshida, qarang, tiz choʻkib,
Tinchlik tugʻin oʻpar millatlar birdam.
Xotira poyiga mehrini toʻkib,
Jangchi Bobolarni ulugʻlar Vatan!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶