SINF TAShQARISIDAGI “DARS”
Mening oʻsha kungi oxirgi darsim edi, sinf uchun ham oxirgisi ekan. Qoʻngʻiroq chalingach, oʻquvchilar bilan birgalikda sinfdan chiqayotganimizda yon tomonimdagi sinfxonada dars oʻtib chiqayotgan hamkasb qiz bilan roʻbaroʻ kelib qoldik.
– Assalomu alaykum, hormang, – deb u bilan soʻrashdim. U ham shoshilib:
– Assalomu alaykum, opa yaxshimisiz? – dedi.
Bu holni koʻrgan oʻquvchilarim goh menga, goh u qizga ajablanib qarashdi, sal uzoqlashganimizdan soʻng:
– Ustoz, hali siz nega birinchi boʻlib salom berdingiz, axir u sizdan yosh emasmi? – deb soʻrashdi.
– Ha, men undan ancha kattaman. Lekin salom berish uchun undan kichkina boʻlishim shart emas-ku, – deb kuldim men.
Bolalar baribir javobimdan qoniqmaganini sezib salomlashish odobi haqida batafsilroq gapirib berdim. Ularga “Assalomu alaykum” soʻzi sizga tinchlik-omonlik boʻlsin, degan maʼnoni anglatishini, shu boisdan ham birinchi boʻlib salom berishning savobi ulkan boʻlishini, bolalar, sinfdoshlar ham bir-biri bilan boshini urishtirib, yo “qalay” deyish, yo “privet” deya qoʻl choʻzgandan koʻra, “assalomu alaykum” deyishsa, odobli va maʼrifatli ekanligidan dalolat boʻlar edi, dedim. Yoshlar odob bilan yoshi ulugʻlarga salom bersalar, ularning chehralari yorishib ketadi, negaligini hech oʻylab koʻrganmisizlar? Chunki ular xuddi yosh boladek koʻngilchan boʻlib qolishadi. Bir ogʻiz salomingizdan quvonib ketishadi. Ular avvalo sizning odob-ikromli boʻlganingizdan, qolaversa, omonlik tilaganingizdan xursand boʻlishadi.
Bolalar jim qolishdi. Bu ularning eshitganlari magʻzini chaqayotganidan darak edi. Shuning uchun ham yoʻl-yoʻlakay, sinfdan tashqarida oʻtgan “sabogʻim” natijasidan oʻzim ham mamnun boʻldim.
Zubayda XOLBOYeVA,
ingliz tili fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶