BOFBON MUALLIMA
Inson hech qachon orzusiz yashay olmaydi. Uning hayot mazmuni ham, umr yoʻllarining bezagi, maʼnosi ham shirin orzulari bilan goʻzal, aziz.
Tabiatan shoʻx-shaddod, choʻrtkesar, shu barobarida mard va nihoyatda samimiy boʻlgan Raʼnoxon 1984-yilda tumandagi 38-sonli umumtaʼlim maktabini aʼlo baholarga tugatdi. Oʻsha daqiqalarda uning qalbida tugʻyon urgan orzusi ham, yagona maqsadi ham bitta boʻldi. Oʻqituvchilik! Oʻziga taʼlim-tarbiya bergan aziz ustozlari Tursunboy Abdullayev, Matkarim Rahimov, Gulchehraxon Shonazarova, Soatboy Begimov, Anabibi Polvonova, Bozorboy Muhammedovlar kabi oʻquvchi-yoshlarning sevimli ustozi boʻlishga intildi.
Dilidagi orzusini amalga oshirishni astoydil niyat qilgan Raʼnoxon Avazmurodova hujjatlarini Qarshi Pedagogika bilim yurtining boshlangʻich taʼlim yoʻnalishiga topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, bilim yurti talabasi boʻldi. Uch yil davomida bilim yurtida oʻzining tirishqoqligi, tashkilotchiligi bilan tanilgan epchil va chaqqon Raʼnoga Qarshi shahridagi 25-sonli, taʼlim-tarbiya rus tilida olib boriladigan maktabga ishga yoʻllanma berishdi. Qiyinchiliklar qoshida hech qachon egilmaydigan xulq-atvorli bu qiz maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida astoydil faoliyat yuritdi. Ikki yil davomida rusiyzabon oʻquvchilari bilan turli mavzularda tadbirlar tashkil etib, talabchan va tashkilotchi pedagog sifatida eʼtibor qozondi. 1989-yilda tumanimizga qaytib kelib, 38-sonli maktabda oʻz faoliyatini davom ettirgan Raʼno Avazmurodova ayni shu kungacha nafaqat yuzlab yoshlarni hayotga uchirma qilgan ustoz, balki oʻzi mehnat qilayotgan pedagogika jamoasining hurmatga, ehtiromga munosib aʼzosi, shu bilan birga tuman maktablarida faoliyat yuritayotgan boshlangʻich sinflar oʻqituvchilari orasida oʻz shaxsiy ish uslubiga ega muallima sifatida tanildi.
Raʼno Avazmurodova belgilangan dars-rejasi boʻyicha shunchaki mashgʻulotlar olib bormaydi. U har bir darsga alohida, puxta tayyorgarlik koʻradi. Shu bilan birga, albatta oʻzidan nimanidir “qoʻshadi”. Koʻpincha noanʼanaviy usullarni qoʻllashga intiladi. Oʻquvchilarining nutqiy madaniyatini rivojlantirish maqsadida sinfda samimiy, dildan suhbat muhitini yaratadi. Bunda, birinchi galda oʻz nutqiga alohida masʼuliyat bilan yondashadi.
Raʼnoxon maktabda boshlangʻich taʼlim boʻyicha uslub birlashma rahbari sifatida ustoz-shogird anʼanasiga alohida eʼtibor qaratadi. Birlashma rejasiga muvofiq oʻtkaziladigan ochiq darslarni sinchkovlik bilan kuzatib, tahlil qilib boradi. Zarur paytlarda yosh oʻqituvchilarga erinmay maslahatlar beradi. U maktabdagi oʻquv-tarbiya ishlaridan ortib, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, alohida qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishlariga koʻmaklashish maqsadida turli mavzulardagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkillashtiradi. U bir necha yil yoshlar tashkiloti masʼul xodimi sifatida tumanimizning faol yoshlari bilan birgalikda kam taʼminlangan oilalar farzandlarini ijtimoiy himoyalash, profilaktik roʻyxatda turgan yoshlar bilan ishlashish, ularning muammolarini hal etish boʻyicha samarali faoliyat olib borib, “Kamolot” YoIH Markaziy Kengashining hamda tuman hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Raʼno Avazmurodova uchun hayot goʻzalligi ham, umr mazmuni ham maktab va oʻquvchilari. 35-yildirki, u bir kun ham ana shu muqaddas dargohdan, sevimli bolajonlaridan alohida orzular qilgan emas. Oʻz taqdiriga Alloh tomonidan bitilgan bu hayot tarzi Raʼnoxonning umr mazmuniga aylangan.
Men esa uni bogʻbonga oʻxshataman. Bogʻbon oʻzi ekkan nihollarni mehr bilan parvarishlagani uchun bu nihollar gurkirab rivojlanadi, meva beraveradi. Raʼno esa muallima-bogʻbon. Uning bor boyligi ham, unvoni, martabasi ham shu – fidoyi bogʻbonligida. Raʼno oʻquvchilariga mehr-muhabbat qoʻygani, maktabni oilasi kabi, oʻquvchilarini oʻz jigarbandlariday yaxshi koʻra olgani uchun, uning taʼlim-tarbiyasini olgan oʻquvchilar yillar oʻtib, har biri aʼlo bir kasb egasi, el-yurtga manfaat keltiruvchi insonlar sifatida kamolotga yetganlari uchun ham u haqiqiy bogʻbon! Bekorga shoir Shuhrat: “Agar hayot bir bogʻ boʻlsa, bogʻbon muallim”, satrlarini bitmagan.
Raʼno Avazmurodova ijodkor oʻqituvchi sifatida tuman adabiy muhitida oʻz oʻrniga ega. Uning sheʼrlari 1984-yildan beri tuman va Respublika miqyosidagi gazeta va jurnallarda chop etiladi. Taʼlim sohasi xodimlari ishtirokidagi turli bayram tadbirlarida Raʼnoxon qoʻshiq kuylaganida barcha uni olqishlarga koʻmib tashlaydi. Yoqimli, xush ovozi bilan ham zamonaviy, ham anʼanaviy ijro yoʻnalishlarida ijro etgan ashulalarining muxlislari son-sanoqsiz.
Umr – oqar daryo, deydilar. Kechagina tahririyatimizga sheʼrlar, maqolalar koʻtarib kelib, turli bayram tadbirlarida goh Mashrab, goh Muqimiy, Abdulla Orif sheʼrlari bilan aytiladigan ashulalarni jarangdor ovozda kuylab, muxlislari olqishiga sazovor boʻlgan tinib-tinchimas qiz shu bahorda umrining sokin fasliga – 55 yoshga yetib qolganini oʻzi ham sezmay qoldi.
– Pensiya yoshiga yetibman, ulgʻayib qolibman, opa, – deydi samimiyat bilan. – Oʻquvchilarim – mening chaman bogʻim, ularning quvonchlarisiz menga bu hayot tatimaydi.
Har bir oʻquvchisini sevib-ardoqlab, birontasi maktabga kelmasa, uyiga soʻroqlab borib, hatto ulgʻayib, bola-chaqali boʻlib ketgan “bolalari”ni ham tez-tez eslab, yoʻqlab turguvchi Raʼnoxonning shogirdlari bugun bir mevazor bogʻ misoli. Raʼno ularni sanab, adogʻiga yetolmaydi. Ularning birlari oʻqituvchi, shifokor, muhandis, harbiy xizmatchi, tadbirkor, elda obroʻ topgan insonlar. Shogirdlarining “Raʼno opa”, deb evirilib turishlaridan koʻngli togʻdek yuksalib ketadigan Raʼno xuddi fidoyi bogʻbon kabi mevazor bogʻlarining kamolidan mamnun yana maktabga – oʻquvchilari tomon intilaveradi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶