ARDOQDAGI MUALLIMA
Xalqimizda til bilgan – el biladi, degan ibora bor. Darhaqiqat, inson qancha koʻp tilni bilsa, unga imkoniyatlar eshigi shuncha keng ochiladi. Shu sababdan hozirgi davrda til oʻrganishga boʻlgan eʼtibor, qiziqish va talab juda yuqori.
Yosh avlodni ziyoli, madaniyatli, dunyoqarashi keng shaxs qilib tarbiyalashda chet tili oʻqituvchilarining hissasi katta.
Nemis tili fanidan deyarli 30-yildan beri oʻquvchilarga saboq berib kelayotgan Gulnora Davlatboyeva ham bu masʼuliyatni his qilgan holda faoliyat yuritib kelmoqda.
Qangli ovulidagi 29-sonli maktabda yosh avlodga nemis tilidan dars berib kelayotgan tajribali pedagog oʻz ishiga doim masʼuliyat bilan qarab, har bir oʻquvchisiga til bilishning ahamiyatini tushuntirishdan charchamaydi. Muntazam oʻz ustida ishlab, darslarini ham noodatiy, interaktiv usullardan foydalangan holda tashkil etadi. Oʻquvchining qabul qilish imkoniyatini eʼtibordan chetda qoldirmagan holda, ogʻzaki va yozma nutqini shakllantirishga harakat qiladi.
Maktabda oʻqib yurgan davrida nemis tili fanidan saboq bergan ustozi H.Sultonovaga havas qilib, oʻqituvchilik kasbini tanlagan G.Davlatboyeva Toshkent Davlat chet tillar pedagogika institutining kechki boʻlimida oʻqidi. Kunduzgi paytda esa rus tiliga ixtisoslashgan 100-sonli bogʻchada tarbiyachi boʻlib ishladi. Talabchanligi, masʼuliyatli, tashabbuskorligi bilan taʼlim muassasasida ham, ish joyida ham eʼtibor qozondi va bir necha bor taqdirlandi. Oʻqishni tugatganidan soʻng, taʼlim sohasida faoliyatini yana davom ettirib, Lumumba nomli boshlangʻich maktab, 18-sonli maktabda rus tili oʻqituvchisi boʻlib ishladi. Hozirgi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 29-sonli maktabda esa 1992-yildan nemis tili fani oʻqituvchisi boʻlib ishlamoqda.
Oʻz ishiga astoydil mehr qoʻyib, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga munosib hissa qoʻshishga harakat qildi. Muallimadan taʼlim olgan oʻquvchilarning koʻpchiligi bilimlar bellashuvi, fanlar olimpiadalarining tuman, respublika bosqichlari gʻoliblari, oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlishdi. Ayrimlari ustoz izidan borib, nemis tili fani oʻqituvchilari boʻlib yetishishdi.
Hamkasblari, shogirdlari va el mehrini qozongan ustoz ibratli oila bekasi. Umr yoʻldoshi Komiljon Sultonov bilan uch nafar qiz va ikki nafar oʻgʻilni tarbiyalab elga qoʻshdilar. Toʻrt nafar nevarali ham boʻlishdi. Qizlari Dilafroʻz, Zulxumor, Oʻgʻiljonlar, oʻgʻli Yeshmurod onasi kabi oʻqituvchilik kasbini tanlashdi. Maktabda 11-sinfda taʼlim olayotgan kenja farzand Suhrobjon ham chet tiliga juda qiziqadi. U nemis tili fanidan bu yilgi Fanlar olimpiadasining tuman bosqichida gʻolib boʻlib, Qoraqalpogʻiston bosqichida ham 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Kamtarin ustoz, sevimli muallima, moʻʼtabar ona ham eli, ham farzandlari ardogʻida yashayotganidan mamnun. Shu kunlarini, farovon hayotini oʻziga eng katta mukofot deb bilib, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga munosib hissa qoʻshishdan aslo charchamaydi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶