“COVID hali chekingani yoʻq , ogoh boʻling!” mavzusida tezkor reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda
Butun dunyo xalqlarini larzaga solgan koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish bugungi kunda insoniyatning eng dolzarb vazifasi boʻlib turibdi. Shu barobarida mamlakatimizda ham 2020-yilning mart oyidan beri ushbu koʻrinmas yov bilan kurashish, infektsiyaning tarqalish zanjirini uzish, hududlarni koronavirus infektsiyasi balosidan xalos etish maqsadida Respublika Maxsus komissiyasining qarori talablari doirasida qatʼiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Garchi, 2020-yil oxiriga borib COVIDning tarqalish tezligi pasayib, qamrov maydoni kamaygan boʻlsa-da, odamlar orasida kasallanish va biri-biridan kasallikni yuqtirib olish holatlariga uzil-kesil barham berilmadi. Aksincha, mamlakatimizda koronavirus infektsiyasining 2021-yil boshidan beri qayd etilish darajasi muttasil oshib bormoqda. Epidemiologik tahlillar natijasida hozirgi kunga kelib Respublikamizda virus bilan kasallanish koʻrsatkichi asta-sekin oshib, kuniga 450-500 va hatto ayrim kunlari bundan ham ortiqni tashkil etmoqda. Kasallanish geografiyasi ham kengayib, infektsiyani yuqtirib olish bilan bogʻliq holatlar mamlakatimizning barcha viloyatlarida, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida ham qayd etilmoqda.
Respublika Maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, aholi gavjum boʻladigan joylarda biroz cheklovlar oʻrnatilib, toʻyxonalarda toʻy oʻtkazish va oilaviy marosimlarni tashkil etishda mehmonlar sonini haddan ziyod oshirib yubormaslik, bozorlarda, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi doʻkonlarda, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida karantin nazorati kuchaytirildi.
Chunki aholining asosiy qatlami boʻlgan yoshlarimiz karantin qoidalariga amal qilishni unutib qoʻyishdi. Oddiygina niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish, hatto shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish masalalariga eʼtibor bermaslik holatlari sodir etilmoqda. Vaholanki, hali koronavirus batamom chekingani yoʻq. Qattol virus hamon oramizda yuribdi va har kuni yuzlab odamlar uning tuzogʻiga ilinmoqda, hatto ayrim yurtdoshlarimiz COVID tufayli hayotdan bevaqt koʻz yumishmoqda.
Shularni inobatga olgan holda va Respublika Maxsus komissiyasining 2021-yil 25-iyun kungi 74-sonli Bayonnomasi talablari ijrosini taʼminlash maqsadida tumanimiz hududida joriy yil 28-iyun sanasidan boshlab tuman IIB tomonidan tungi tezkor reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ana shunday nazorat tadbirlaridan biri 28-iyun kuni tungi soati 22-23lar oraligʻida Mangʻit shahridagi umumovqatlanish shoxobchalarida amalga oshirildi. Reyd tadbiri davomida tungi soat 22:40lar chamasida Mangʻit shahridagi “Manas” kofesida belgilangan karantin qoidalari talablariga rioya qilmasdan, tungi soat 20:00dan keyin ham, yaʼni 22:40lar chamasida xoʻrrandalarga xizmat koʻrsatilayotgani aniqlandi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 54-moddasida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan. Ushbu javobgarlik karantin va inson uchun xavfli boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi va tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz yurish yoki ish faoliyati yuritish – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, yaʼni 1 million 225 ming soʻm miqdorida jarima jazosi qoʻllashga sabab boʻladi.
Reyd tadbiri davomida mavjud qonun-qoidalarga zid ravishda, shuningdek, tunggi soat 20:00dan soʻng ham mijozlarga xizmat koʻrsatish faoliyatini davom ettirgani uchun Mangʻit shahridagi bir necha kafelarga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 54-moddasi 2-qisiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Bu kabi tezkor reyd tadbirlari tumanimizning har bir hududida amalga oshirilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari fuqarolarga oʻzi va oʻzgalar salomatligiga befarq boʻlmaslik oʻz salomatligini asrashni yoddan chiqarmaslik haqida zarur tushuntirishlar ham olib borishmoqda. Chunki karantin qoidalari hali bekor qilingani yoʻq, koronavirus esa nafaqat butun dunyoda, balki mamlakatimizda ham tobora faollashib bormoqda. Shu bois, aziz yurtdoshlar, jamoat joylarida tibbiy niqob taqmasdan yurmang! Karantin qoidalariga amal qilish – hammamizning burchimiz ekanini unutmang! Zero, xalqimizning salomatligi – avlodlar bardavomligidir.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶