“OILA – JAMIYaTNING ASOSI” MAVZUSIDA TADBIR OʻTKAZILDI
Inson oilada tugʻilib, voyaga yetadi. Uning shaxs sifatida shakllanish jarayoni ham oila bagʻrida, milliy-maʼnaviy qadriyatlar negizida, oila tutumlari asosida kechadi. Uning jamiyatga faol aralashuvi, nufuzi, qadr-qimmati, avvalo, oʻzi yashagan, tarbiyalangan muhitga bogʻliq. Shuning uchun ham xalqimiz: “qush uyasida koʻrganini qiladi”, “oilaning qadrini bilgan elning, el qadrini bilgan olam qadrini biladi”, “oilaning ostonasi oltin, bu oltin ostonani daxlsiz saqlagan hayot soʻqmoqlarida qoqilmaydi” kabi juda koʻplab hikmatli iboralarni yaratganki, bu hikmatlar zamirida oila mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan samimiy ishora, begʻaraz niyat va orzu mujassam.
Haqiqatan ham milliy-maʼnaviy oila qadriyatlari, oila tutumlari asosida tarbiyalangan shaxs qalbida oilani muqaddas deb bilish tuygʻusi kuchli boʻladi va u har qanday vaziyatda ham oila deb atalmish qutlugʻ makonga sadoqatli boʻladi.
Lekin hamma ham shundaymi? Oila tutumlariga dilda sadoqat saqlay oladimi? Gap mana shunda. Afsuski, guruch kurmaksiz boʻlmagani kabi bugungi kunda oila boʻstoniga oshiqib qadam qoʻyib, hatto qisqa vaqt oʻtib-oʻtmay biri-birini “yaxshi tushunmay, osongina ajrashib ketayotgan yoshlar ham talaygina.
Joriy yilning 6-iyul sanasida Amudaryo tuman hokimligi binosida boʻlib oʻtgan tadbirda tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi tomonidan tumanda oila mustahkamligini taʼminlash, yosh oilalar bilan ishlashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, oilaviy nizolarning, erta nikohlarning oldini olish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. “Oila – jamiyatning asosi” deb nomlangan mazkur tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Maryam Ahmedova, Amudaryo tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldashev, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi rahbari Muqaddas Beknazarova, “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibasi Pardagul Oʻrozboyeva, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi aʼzosi Sanobar Xoʻjamurodova, tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi mudirasi Sanobar Xolboyeva shuningdek, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi huzuridagi 30 kishidan iborat targʻibot guruhi aʼzolari, ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari ishtirokida etdilar.
Tadbirni tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev ochdi va oilaning jamiyatimizda tutgan oʻrni, shuningdek, tumanimiz mahallalarida yosh oilalar bilan ishlashishdagi juzʼiy kamchiliklar, bu boradagi muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, mazkur tadbirdan koʻzlanayotgan maqsad va galdagi vazifalar xususida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Maryam Ahmedova batafsil toʻxtaldi. Shu bilan birga Amudaryo tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan oilalarda ajrashishlarning oldini olish borasida 2021-yilning oʻtgan 6 oyi davomida amalga oshirilayotgan ishlarni birma-bir tahlil qilib, tumanda oilaviy nizolarga chek qoʻyishga qaratilgan chora-tadbirlarda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani, mahallalarda notinch oilalar bilan ishlashish boʻyicha manzilli tizim ishlab chiqilmagani, natijada tumanda oʻtgan 6 oy davomida oilaviy ajrashishlar soni keskin oshib ketganini qayd etdi va bundan keyin har bir ovul va mahallada koʻpni koʻrgan pir-u badavlat otaxon va onaxonlarni, namunali oilalar sohib va sohibalarini jalb qilgan holda yosh oilalar oʻrtasida milliy-maʼnaviy qadriyatlar, oila tutumlari xususida jonli muloqotlar, maslahat-oʻgit tadbirlarini oʻtkazish, keksa avlod vakillari ishtirokida hududlardagi notinch deb hisoblangan oilalarga kirib borib, oilaviy nizolarning chuqurlashuviga, ajrashishga olib kelgan sabab va omillarni tizimli oʻrganish, ajrashish qarorining ijobiy tomonga oʻzgarishiga erishish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, tadbirda “Moʻʼtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibasi Pardagul ona Oʻrozboyeva, Qoraqalpogʻiston Respublikasi xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi aʼzosi Sanobar Xoʻjamurodova hamda tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi mudirasi Sanobar Xolboyevalar ham soʻzga chiqdilar va tumanimizda 2020-yilga nisbatan 2021-yilning oʻtgan 6 oyi davomida ajrashishlar keskin oshib ketganini, buning sabab va oqibatlarini jiddiy oʻrganish zarurligini taʼkidladilar. Xususan, 2020-yil davomida tumanimizda 40 ta oila oʻzaro kelishmovchiliklar oqibatida ajrashib ketishgan boʻlsa, 2021-yilning birinchi yarmida 72 ta oilaning nikohlari bekor qilingan. Vaholanki, 2021-yil yakunigacha yana 6 oy vaqt bor. Agar buni 6 oyga tahsimlasak, tumanimizda har oyda, 12 ta oilaning nikohi bekor qilinayapti. Yil oxirigacha jiddiy choralar koʻrilmasa, bu raqam yana oshishda davom etaveradi.
Boʻlib oʻtgan tadbirda faollar tomonidan ayni damda tumandagi ajrashish yoqasida turgan yana 67 ta oila mavjudligi, mazkur oilalarni yarashtirish, nikoh buzilishining oldini olish maqsadida xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi hamda targʻibot guruhi aʼzolari oʻzlari biriktirilgan hududlardagi yosh oilalarga kirib borib, har haftada bir marta tushuntirish-targʻibot, samimiy va ochiq muloqot tadbirlarini olib borishayotganligi qayd etildi.
Albatta, har bir oilaning mustahkamligi, farzandlarning ota-onalari bagʻrida emin-erkin yaxshi tarbiya koʻrishlari, oila maskanida voyaga yetib, tinch-totuv yashashlari – jamiyatning yuksak taraqqiyoti, obod va farovonligining birdan-bir mezonidir. Insonni baxt-saodat manziliga eltuvchi kuch ham aynan ana shu mezon tufaylidir.
“Oila – jamiyatning asosi” mavzusida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda tumanda oilaviy ajrashishlarga barham berish, begunoh farzandlarning tirik yetim boʻlib, koʻngillari kemtik voyaga yetishlarining oldini olish borasidagi tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi oldida turgan boshqa masalalar ham muhokama etilib, muammolarni hal etish boʻyicha choralar belgilandi.
Robiya YOʻLDOShEVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶