YIGIRMA YILDAN KEYINGI DIYDOR
Joriy yilning 5-iyul kuni Amudaryo tumanidagi 10-sonli umumiy oʻrta maktabni 2001-yilda tugatgan sobiq bitiruvchilarning 20 yillik yubiley uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu dargohni yigirma yil muqaddam tamomlagan sobiq oʻquvchilar diydorlashuvi maktab binosida tashkil etildi. Uchrashuvga Respublikamizda telekommunikatsiya sohasida, Oliy taʼlim muassasalarida, harbiy sohada, xususiy tadbirkorlikda, pedagogikada, ishlab chiqarishda faol mehnat qilib kelayotgan 60 dan ziyod bitiruvchilar kelishdi. Uchrashuvga kelgan bitiruvchilar Respublikamizda oʻzlarining faol xizmatlari, ulkan tajribalari bilan tanilgan yetuk mutaxassislar boʻlib, Vatanimiz ravnaqi uchun hissa qoʻshayotgan, hozirgi kunda oʻzining boy amaliy tajribasi bilan yoshlarga oʻrnak boʻlayotsan aziz insonlardir.
Uchrashuvda maktabning 60 dan ziyod sobiq oʻquvchilari hamda ularning ustoz-murabbiylari, maktabning sobiq direktori Jumaboy Matoʻrazov, sobiq oʻqituvchilardan Hayitgul Abdullayeva, Rustam Bozorboyev, Maxsud Haytboyev, Kenjaboy Bozorboyev va maktab direktori Omon Sherimbetov qatnashdilar.
Maktab oʻquvchilari tomonidan tashkil etilgan uzoq yillik sinfdoshlar uchrashuvi bayram tantanalariga aylanib ketdi. Tadbirning tashkiliy qismi maktab binosida oʻtkazildi. Sobiq oʻquvchilar tomonidan maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Tadbirda yoshi ulugʻ ustozlar, faxriy oʻqituvchilar soʻzga chiqib, sobiq oʻquvchilarni 20 yillik uchrashuv bilan muborakbod etdilar. Ularga maktab hayoti, oʻquvchilik yillariga doir qiziqarli maʼlumotlar, hayotning totli onlari xususida iliq fikrlarini bayon etdilar. Sobiq sinfdoshlar ham oltin yoshlikning unutilmas lahzalari, qadr-qimmat, ustozlarga eʼzozlar haqida dil izhorlarini bayon etdilar.
Zamonaviy jihozlangan xonalarda ilm olayotgan bugungi kun oʻquvchisiga havas bilan qarashar ekan, bugun yurtimizda ilm-fan va texnologiyalarning bugungi global dunyoda jadal oʻsishi, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilib, ularning isteʼdodi va qobilyatlarini toʻliq amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilganligini taʼkidlab oʻtdilar.
Bolalik davrining oltinga teng damlari oʻtgan sinfxonalarda faxriy oʻquvchilar begʻubor damlar zavqini qoʻmsab, ushbu kun bolalikning rangin dunyosiga sayohat qilishdi.
Sinf partalarida oʻtirar ekan, maktab davrida kechgan qiziqarli voqealar, ajoyib sarguzashtlarni miriqib eslashdi. Uchrashuvga kelgan bitiruvchilar maktabning hozirgi hayoti, ilm-fandagi yutuqlari, yangi texnika texnologiyalar bilan tanishdilar va oʻzlarining taassurotlari, bolalik xotiralari bilan oʻrtoqlashdilar. Bundan 20-yil oldin maktabni tugatgan sobiq oʻquvchilar taʼlim maskani oldida esdalik fotosuratlariga tushdilar va ustozlarga taʼzim bajo keltirib, maktab rahbariyatiga ustoz-murabbiylariga ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar, yaxshi niyatlar va istaklar bildirishdi.
Soʻngra uchrashuv Mangʻit shahridagi “Nur” toʻyxonasida davom ettirildi.
Sinfdoshlari oʻrtasidagi doʻstlik tuygʻusi insonni maʼnaviy qoʻllab- quvvatlovchi, uning ogʻirini engil qiluvchi, ruhiyatini koʻtaruvchi, oʻziga ishonch orttiruvchi kuch hisoblanadi. Insonda doʻstlik, birodarlik, oʻzaro ishonch tuygʻulari darhol yuzaga kelib, oʻz-oʻzidan mustahkamlanib qolmaydi.
Sinfdoshlar oʻrtasidagi doʻstlik tuygʻusi yillar davomida sayqallanib keladi. Maktab davridanoq bir-biri bilan yor-birodar boʻlib qolgan doʻstlar bugun bir dasturxon atrofida, shirin xotiralarni, begʻubor damlarni esladilar.
Shundan keyin tashkilotchilar uzoq va yaqindan kelgan bitiruvchilarni bir piyola choyga taklif qildilar, doʻstlar uchun yozilgan dasturxon atrofida doʻstona suhbat va oʻyin-kulgilar bilan bitiruvchilar tantanasi uzoq vaqt davom etdi.
Sinfdoshlarning sogʻinchli diydorlashuvi uzoq yillar xotirada muhrlanib qoladigan darajada yuqori saviyada oʻtkazildi.
Uchrashuv jarayonida sobiq bitiruvchilarning dil soʻzlari bir-biriga ulanib ketdi, shoʻx-shodon oʻyin-kulgular avj olib, kuy-qoʻshiqlar yayradi.
Sevara ISMOILOVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶