YoZ MAVSUMIDAGI KOʻNGILSIZ HODISALARDAN EHTIYoT BOʻLING
Yoz mavsumining issiq kunlarida nafaqat bolalar, balki kattalar ham choʻmilib, yuqori haroratdan saqlanish, zavq olish uchun suv havzalariga shoshadi. Bunday kunlarda har bir hududdagi mavjud ochiq va yopiq suv havzalari, daryo va kanallar, koʻllar choʻmilishga kelgan turli yoshdagi fuqarolar bilan toʻlib toshadi. Ammo tabiatdan bahra olish paytida ham ehtiyotkorlikni unutmaslik kerak. Agar tartib-qoidaga amal qilinmasa turli noxush holatlar kelib chiqmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.
Ayni choʻmilish mavsumi boʻlgan shu kunlarda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan aholi oʻrtasida suvga choʻkish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi tegishli rejaga asosan tumanda Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan targʻibot tushuntirish tadbirlari tashkil qilinib, Amudaryo daryosi boʻylarida suvda ommaviy dam olishni taʼqiqlovchi belgilar, taʼqiqlangan joyda suvga choʻmilish boʻyicha javobgarlik hamda suvga choʻmilish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha tushunchalar berilmoqda. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Amudaryo tumani hududiy komissiyasining shu yil 5-iyun kungi yigʻilishining “Choʻmilish mavsumi davomida Amudaryo tumani hududida joylashgan koʻl, daryo va kanallar akvatoriyalari, yasama havzalar hamda choʻmilish taʼqiqlangan hududlarda odamlarning hayoti va sogʻligini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi bu boʻyicha ishchi guruh tomonidan taʼminlanmoqda.
Choʻmilish taʼqiqlangan joylarda ishchi guruh aʼzolari tomonidan mavsum davomida 40 marotaba reydlar oʻtkazilib, 9 ta seminar hamda 84 marotaba suhbatlar tashkil etildi. Fuqarolarga choʻmilish xavfsizligi boʻyicha 702 ta eslatmalar tarqatildi. Tuman hududidagi choʻmilish taʼqiqlangan joylarga 16 ta choʻmilish taʼqiqlanganligi toʻgʻrisidagi belgilar va belgilanmagan joylardagi choʻmilishlarning ayanchli oqibatlari aks ettirilgan bannerlar oʻrnatildi.
Joriy yilning 8-iyul kuni ishchi guruh aʼzolari tomonidan Qipchoq shaharchasi hududidan oqib oʻtuvchi Amudaryo daryosida yana bir reyd tadbiri oʻtkazilib, suvga choʻmilish uchun kelgan fuqarolarga xavfsizlik qoidalari va ularga amal qilmaslikning ayanchli oqibatlari toʻgʻrisida tushutirish ishlari olib borildi va eslatmalar tarqatildi.
Shu kuni yana bir necha fuqarolar bilan hududimizda davom etayotgan quruq va issiq havoda zaruriyat boʻlmaganda koʻchaga chiqmasliklari, tez-tez suv ichishlari, iloji boricha issiq ob-havodan saqlanishi hamda bolalarga belgilanmagan notanish joylarda choʻmilishlariga ruxsat bermaslik toʻgʻrisida ham ogohlantirishlar berib oʻtildi.
Kun qattiq qiziyotgan ayni kunlarda oftob tigʻida yurgan odamning sogʻligi yomonlashib, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Oftob urishidan saqlanish uchun boshni yengil, oq rangdagi tabiiy tolali bosh kiyim bilan, koʻzlarni esa quyoshdan saqlovchi koʻzoynak yordamida muhofaza qilishni tavsiya etiladi. Organizmda suv miqdorini ushlab turishga harakat qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastroʻmol bilan artib turish uni issiqlanishdan asraydi. Shuningdek, quyosh tigʻida, choʻmilish joylarida, ayniqsa, quyosh faol davri hisoblanmish – soat 12. 00 dan 16. 00gacha boʻlgan davrda uzoq vaqt qolishdan saqlanish lozim.
Choʻmilganda esa notanish joylarda, spirtli ichimliklarni istemol qilib, mast holatda suvga tushish, yosh bolalarning qarovsiz qolishi aslo mumkin emas. Koʻpincha suvda suzishni bilmaslik, suzish tajribasining yoʻqligi va oʻzining jismoniy qobiliyatini inobatga olmasdan suv qirgʻogʻidan uzoqlashish, taʼqiqlangan suv havzalarida choʻmilish choʻkish bilan bogʻliq mudhish hodisalarga sabab boʻladi.
Aholi oʻrtasida yoz mavsumi bilan bogʻliq koʻngilsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlar davomida suvda choʻmilish uchun kelgan fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida daryo qirgʻoqlaridagi notanish joylarda kichik hajmli kemalar, oʻzi suzmaydigan kemalar va eshkakli qayiqlarda suzmaslik kerakligi ham tushuntirilmoqda. Qayiq egalariga va fuqarolarga bu boʻyicha yoʻriqnomalar hamda eslatmalar tarqatilmoqda.
Havo harorati yuqori boʻlgan shu kunlarda fuqarolarimizdan zarur boʻlmasa koʻchaga chiqmasliklarini, issiq ob-havodan saqlanishi hamda yosh bolalarga belgilanmagan joylarda choʻmilishlariga ruxsat bermasliklarini soʻrab qolamiz.
B.Tajibayev, tuman FVB FVDT va FMFTE, XTB boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶