DURUNKI ELIDA ShUNDAY FIDOYILAR BOR
Inson hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirib yuboradigan yangiliklar qachon paydo boʻladi? Albatta, taraqqiyot, fidoyilik, tinchlik va totuvlik bor joyda! Aslida taraqqiyot – fidoyilikning, tinchlik va totuvlik, hamjihatlikning samarasi. Bagʻrida yuzlab oilalarni mujassam etgan mahalla esa jamiki ezgu ishlarning sarchashmasi – oʻsish nuqtasi. Chunki biz mahallada yashaymiz. Qayerda, qaysi sohada ishlashimizdan qatʼiy nazar, qalbimizni nurlantirib turguvchi orzu-umidlarimiz, ezgu niyatlarimiz mahallada – oilamiz bagʻrida tugʻiladi. Eng avvalo oilamizni yaxshiliklar makoniga aylantiramiz, milliy-maʼnaviy ildizlarimizdan kelib chiqib, mahalla hayotiga aralashamiz, mahalladoshlarimiz uchun yaxshiliklar ulashishdan koʻnglimiz yuksalib, qadamlarimiz dadillashadi. Ana shu dadil qadamlar el-yurt taraqqiyotiga kafil, tinchlik-totuvlikka kafil! Vatanparvarlik, xalqparvarlik tuygʻusi har dilda hokim!
Mangʻit shahrining Durunki mahallasi aslida uch yuz yillik tarixga ega, xalqi mehnatkash, fidoyi va hamjihatlikda ibratga munosib soʻlim va obodon goʻsha. 2012-yilning 2-avgust sanasida tuman hokimining qarori bilan yangidan tashkil etilgan mahallaga tarixiy ildizlaridan kelib chiqib, Durunki nomi berildi. Biri-biriga yelkadosh, mehr-oqibatli mahalla ahlining asosiy qismini oʻzbek oilalari tashkil etsa-da, qoraqalpoq, tatar, turkman, qozoq va boshqa millat vakillari orasida oʻzaro hurmat, eʼtibor, bir-birovga mehr-oqibat kuchli. 733 ta oilaga birlashgan 3460 nafar aholining deyarli barchasi biri-biriga tanish, qon-qarindosh. Shu bois, mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhit bilan bogʻliq muammolar deyarli yoʻq hisobi. Biri-biridan fidoyi va uddaburon mahalla ahli orasida tadbirkorlar, ishbilarmon dehqonlar juda koʻp. Ularning oʻz tadbirkorligini rivojlantirishlari, ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish, kezi kelganda qoʻllab-quvvatlash borasida mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga, ibratga loyiq. Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Shuhrat Jumaniyozov rahbarligidagi 18 kishidan iborat MFY Kengashi aʼzolari deyarli har kuni bajariladigan rejaviy ishlar boʻyicha fikr almashib, yigʻin huzurida faoliyat olib boruvchi komissiyalar va jamoatchilik tuzilmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilishadi.
Xususan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, taftish komissiyalari, shuningdek, “Ota-onalar Universiteti”, “Keksalar maslahati” jamoatchilik tuzilmalari rahbarlarining hamkorlikdagi faoliyatlari tufayli, mahalla hududi chiqindilardan holi, obod va koʻrkam goʻshaga aylanib bormoqda. Hududda notinch oilalar deyarli yoʻq hisobi.
Aholining ish bilan bandligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tufayli mehnatga layoqatli hudud aholisining 940 nafari korxona va tashkilotlarda mehnat qiladi, 147 nafari esa tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishadi. Shuningdek, 3 nafar kishi milliy hunarmandchilik, 55 nafar kishi savdo-sotiq, 73 nafar kishi esa tadbirkorlikning turli yoʻnalishlarida faoliyat yuritishadi. 247 nafar kishi esa mavsumiy ishlarga jalb qilingan. Hududda 1 ta MTT va 1 ta umumtaʼlim maktabi, barcha qulayliklarga ega sport maydonchalari boʻlib, aholi farzandlarining taʼlim-tarbiya olishlari, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun doimiy faoliyatda. Shuningdek, mahalla hududida tashkil etilgan 2 ta kutubxona ayni paytda keksa-yu yoshning, ayniqsa, kitobsevar bolajonlarning sevimli maskaniga aylangan.
Mahallada “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar bilan ishlashish borasida ishlab chiqilgan oʻziga xos tizimdan nafaqat mazkur daftarlar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar, balki koʻp sonli aholi vakillari ham mamnun. Chunki sharoiti ogʻir deb hisoblangan oilalardan 55 tasi “Temir daftar” roʻyxatiga kiritilgan boʻlsa, ushbu oilalarning iqtisodini yaxshilash uchun koʻrsatilgan moddiy-maʼnaviy ragʻbat va homiylik yordamlari tufayli qisqa vaqt ichida ularning asosiy qismi “Temir daftar” roʻyxatidan chiqarildi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” roʻyxatlariga kiritilgan fuqarolar orasida esa oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shugʻullanayotganlar safi tobora oshib bormoqda.
Hududda tadbirkorlar tomonidan yangidan barpo etilgan koʻrkam binoda tikuvchilik tsexini ochgan Mehribon Xonova nafaqat oʻzining, balki 7 nafar yoshlarning ham bandligini taʼminlagan. “Mehribon” chevarlik tsexining doimiy mijozlari, buyurtmachilari esa tuman IIB xodimlari hamda tumanimizdagi DXX chegara qoʻshinlari harbiy qismi harbiylaridir. Chevar qizlar Ichki ishlar boʻlimi va chegara qoʻshinlari harbiy qismi tomonidan tushgan buyurtmalardan tashqari, Mangʻit shahrining turli hududlarida yashovchi aholi buyurtmalarini ham tez va sifatli tayyorlab berishadi.

Mahalladagi Oʻrozgul Eshmonova va Murodboy Ortiqovlar oilasi serfarzand oilalardan. 5 qiz va 2 oʻgʻilni tarbiyalab, voyaga yetkazish, ularni uyli-joyli, kasb-korli qilish Oʻrozgul opa bilan Murodboy otaga oson boʻlmadi. Yaxshiyam mahalla bor. oilalarga kirib borib, muammolarini oʻrganuvchi, jamoatchilik tuzilma ishlayapti. Mazkur komissiyaga Toʻraboy Avezov, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati komissiyasiga esa yigʻin raisi Shuhrat Jumaniyozov rahbarlik qiladi. Yigʻin raisi oʻrinbosari Gavhar Mingboyeva asosan ana shu ikkala komissiya aʼzolari bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borish, ularni “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritish, mahallada faoliyat yurituvchi komissiyaga taqdim etish, bunday ayol-qizlarning ijtimoiy-maishiy, tibbiy-psixologik muammolarini atroflicha oʻrganish orqali huquqiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor tufayli koʻplab ayol-qizlar va yoshlarning ijtimoiy hayotga faol aralashuviga erishilmoqda.
Xususan, komissiyalar tomonidan tuzilgan ishchi guruh aʼzolari Murodboy ota bilan Oʻrozgul opaning xonadoniga borib, oila hayotini oʻrganishgach, ularning kelini Dilnoza Matsafoyeva va oʻgʻli Muxtorjon Ortiqovning oʻz tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun yoʻl-yoʻriq va maslahatlar berishdi. Dilnozaxon bilan Muxtorjon avval deraza va eshik pardalarini tikish hunarini oʻrganishdi. Yigʻin raisining qoʻllab-quvvatlashi va yigʻin huzuridagi komissiyalar yordami bilan 33 mln. soʻmlik bank krediti hisobiga oʻz uylarida zamonaviy pardalar tikish tsexini ochishdi. Ayni kunda chevar er-xotinning qoʻli-qoʻliga tegmaydi, mijozlari behisob. Olingan kredit mablagʻini esa soʻndirish arafasida. Dilnoza bilan Muhtorjonning eng yaqin maslahatgoʻyi va koʻmakchisi boʻlgan Oʻrozgul opa Eshmonova farzandlarining topish-tutishidan mamnun.

Harakatda barakat bor, deyishadi. Muxtorjon bilan Dilnoza oilaning tomorqa xoʻjaligiga ham eʼtibor qaratishadi. Kaftdekkina yerda roʻzgʻor oshxonasi-yu, dasturxoni uchun zarur boʻlgan barcha neʼmatlar yetishtiriladi. Halol mehnatlari evaziga kun sayin farovonlashib borayotgan xonadon fayziga, toʻgʻrisi havasimiz keldi.
Koʻpchilik mol-hol, parranda parvarishlash, dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish qishloq odamlariga xos, deb oʻylashadi. Aslida esa ishning koʻzini bilgan odam, u shaharlikmi, choʻl-u dashtda yashaydimi yo qishloqdami, yerni haqiqiy daromad manbaiga aylantiradi. Chorva-yu parrandani binoyiday parvarishlab, havas qilguday turmush tarzini yarata oladi.
Durunkilik Rayimboy ota Mavlonov uzoq yillar pochta aloqa xizmati sohasida mehnat qildi. Nafaqaga chiqqach, tomorqa yeriga mehr qoʻydi. Xudo bergan ikki oʻgʻil, ikki qizi, umr yoʻldoshi Oʻgʻiljon ona unga yaqin koʻmakdosh boʻldi. Roʻzgʻor uchun zarur mahsulotlarni, meva-cheva, qovun-tarvuzni kaftdekkina yerida yetishtirib, barakasidan koʻngli toʻlgan otaxon shundoq uyiga yaqin joydagi tashlandiq, qarovsiz yerni obod qilishni oʻylab qoldi. Farzandlari bilan maslahatlashib, shu yerda bogʻ yaratish maqsadida harakatni boshlab yubordi. Axir odamning ichi achishadida. Binoyiday yerga atrofdagi xonadonlardan turli axlatlar chiqarib tashlanishi natijasida tuproq holati ham yomonlashib, shoʻr bosib ketgandi. Yerni obdon tozalashdi. Yovvoyi oqbosh, shoʻra, yulgʻun va yantoq tomirlarini birma-bir terib, chiqarib tashlashdi. Yaxshilab tekislab, ishlov berishdi. Birinchi, ikkinchi yillari unchalik hosil bermasada, harna yer, “ochilishdi”. Qayta-qayta haydalib, mahalliy oʻgʻit bilan ishlov berilgan yerga Rayimboy ota mevali daraxtlar oʻtqazdi. 30 sotix yerning yil sayin unumdorligi oshib, mevali daraxtlar orasiga sabzavot va poliz ekinlari ekdi. Ayni paytda, bogʻ mevaga kirgan, polizda qovun-tarvuz yetilib, sabzavotlar xonadon dasturxonini bezab, ehtiyojlaridan ortganini Rayimboy otaning kelinlari bozor rastalariga olib chiqishyapti.

Garchi, shaharda yashasalar-da, hovli-yu tomorqaga yondosh oʻtgan Mangʻit arna kanali boʻyidagi yoʻl yoqasidan ham unumli foydalanayotgan Rayimboy ota va uning nevaralari qator qilib bogʻlab qoʻyilgan zotdor qoramollarni ham mehr bilan parvarish qilishadi. 30-40 ta kurka, oʻrdak va tovuq parvarishi bilan shugʻullanadigan Oʻgʻiljon ona boshchiligidagi kelinlar va nevaralar har kuni bir chelak tuxum yigʻib olishadi. Kuniga 35 litr serqaymoq sut va tuxumning oila ehtiyojidan ortgani bozorni obod qilayotganini inobatga olsak, shaharlik tomorqachi Rayimboy ota Mavlonovning oilaviy oylik va yillik daromadining barakasiga havasingiz ortishi tabiiy. Tomorqa xoʻjaligi daromadi hisobidan farzandlarini uyli-joyli, mulkli qilgan, oilasi uchun yap-yangi yengil avtomobil sotib olgan Rayimboy ota yangi rejalari haqida toʻlib-toshib soʻzlaydi. Nevaralarini ham oliygohlarda oʻqitish niyatida ekanini yashirmaydi. Tomorqa va xonadon chorvasidan oila byudjetiga kelib tushayotgan mablagʻlar hisobidan nevara-chevaralarining ham orzularini amalga oshirish boʻyicha yangi rejalar tuzadi.
Halol va fidoyi mehnati bilan oilasi rizqini ziyoda, el-yurtni obod qilib yashayotgan Rayimboy otaning rejalari katta. Mahalla yoshlaridan ikki nafarini doimiy ish bilan band qilish niyatida. Yoshlarga bogʻdorchilik va chorvachilik sirlarini oʻrgatishni rejalashtirgan.
Azizlar, biz yuqorida oʻzgarishlar, yangiliklar fidoyilik, tinchlik va totuvlik, taraqqiyot bor joydagina yuzaga kelishi haqida soʻz yuritib, bundayin toʻkislik, eng avvalo oila bagʻrida yaralishini, bu toʻkislik ona yurt qiyofasini oʻzgartirib yuborishini aytgan edik. Agar taʼbir joiz boʻlsa, durunkiliklar hayoti bilan tanishish asnosida ana shunday, koʻngillarni yashnatib yuboradigan oʻzgarishlarga, yangilanishlarga guvoh boʻldik. Beixtiyor bundan oʻttiz yil oldingi Durunki elatining qiyofasini koʻz oldimizda jonlantirdik. Yakkam-dukkam koʻchalar, pastqam uylar, qarovsiz yerlar, chala-chulpa qurilishlar oʻrnini bugun biri-biridan obod, fayzga toʻla koʻchalar, zamonaviy uy-joylar, kundan-kunga badavlat boʻlib borayotgan oilalar egallaganini koʻrib, dilimizda havas uygʻondi. Har kuni bir oʻzgarish yasashga intilib, oʻz turmush tarzini zamonaga mos yangilashga harakat qilayotgan, tinchlik-totuvlikdan koʻngli va xonadoni obod durunkiliklarga bundan-da xayrli, tarovatli va saodatli hayot tarzini tiladik.
Robiya YOʻLDOShEVA, Ravshan BAHROMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶