“Ayollar daftari” roʻyxatiga olingan ayollarga amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda
Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatash, ularning har tomonlama farovon yashashlariga koʻmaklashish maqsadida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tufayli yuzlab oilalar taʼminoti yaxshilanib, farovonligi taʼminlanmoqda. Navbatdagi lavhamiz shu mavzuda.
Amudaryo tumanida ham “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” roʻyxatlariga kiritilgan koʻplab fuqarolar yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanganliklari bois, mazkur daftarlar roʻyxatidan chiqib, oʻz tadbirkorlik yoʻnalishlarini tashkil etib, oʻzini-oʻzi band qilish tamoyili asosida faoliyat yuritishmoqda.
Xususan, Choykoʻl ovulida istiqomat qiluvchi Laylo Ahmedova “Ayollar daftari” roʻyxatiga olinganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Laylo tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi hamda tuman hokimligining qoʻllab-quvvatlashi, Choykoʻl ovuli masʼullarining begʻaraz yordami bilan tumanimizdagi “Tamara tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Tamara Yusupova tomonidan tashkil etilgan kasbga oʻqitish markazida oʻqib, chevarlik, bichish-tikish sirlarini oʻrganib, kasbiy malaka sertifikatiga ega boʻldi va 33 mln. soʻmlik kredit mablagʻi hisobiga oʻz xonadonida chevarlik ustaxonasini tashkil etdi.
Ayni paytda Laylo Ahmedova mahalladoshlari tomonidan tushgan buyurtmalarni mohirlik bilan bajarishdan tashqari, bozor talablari asosida ayollar va bolalar ust kiyimlarini tikib, bozorga olib chiqmoqda. U oʻzini-oʻzi doimiy ish bilan bilan band qilganidan, kun sayin mijozlari safi oshayotganidan, bundan ham muhimi, oilasi farovonligi yaxshilanib, olingan kredit mablagʻini soʻndirish imkoniyatiga ega boʻlayotganidan mamnun.
Qilichboy ovulining Yuqori qishloq mahallasida istiqomat qiluvchi Maqsuda Ibragimova ham “Tamara tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati filialida kasbga oʻqitilib, kasbiy malaka sertifikatiga ega boʻlganlardan. “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan Maqsudaxon Ibragimova mazkur jamiyat filialida chevarlik sirlarini mukammal oʻrgandi va ayni paytda shu korxona filiali chevarlari safidan joy oldi.
“Tamara tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining filialida doimiy ish bilan bandligi taʼminlangan Maqsuda Ibragimova ham “Ayollar daftari” roʻyxatidan chiqarildi.
Tumanimiz ovul va mahallalarida yuqorida kabi koʻrsatilayotgan begʻaraz yordamlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli daftarlar roʻyxatidan chiqarilib, doimiy ish bilan bandligi taʼminlanayotgan ayol-qizlar talaygina. Mangʻit shahrining Gulzor mahallasida yashovchi Barnoxon Kamolova ham ana shunday ayollardan biri. Barnoxon bank kredit mablagʻi olib, oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshladi va bu orqali oʻzining ish bilan bandligini taʼminladi.
Tumanimiz ovul va mahallalarida yashovchi Barnoxon Kamolova kabi oʻzini-oʻzi ish bilan band qilib, oilasi farovonligiga hissa qoʻshayotgan, natijada qisqa fursat ichida daftarlar roʻyxatidan chiqarilayotgan ayollar talaygina.
Ularga har tomonlama koʻmak koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar esa oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶